Ismailov O‘sarjon Usubjonovichning    
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): 
“Badiiy matn tarjimalarida antroponimlarning struktur-semantik va funksional xususiyatlari” (A. Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, J. Londonning “Oq So‘yloq”, M. Bulgakovning “Ityurak” asarlari misolida). 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil2556.
Ilmiy rahbar: Xoshimova Dildora Madaminovna, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti PhD.03/29.12.2022.Fil.156.01.
Rasmiy opponentlar: Raupova Laylo Rahimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Ismoilov Qaxramon Abdumo‘minovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi badiiy matn tarjimalarida antroponimlarning struktur-semantik va funksional xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
badiiy matndagi antroponimlarning matn va janr shakllantirishdagi o‘rni, muallifning individual uslubi, ko‘rib chiqilayotgan antroponimlarning badiiy matn kontekstidagi struktur-semantik va funksional xususiyatlari aniqlangan;
badiiy matn kontekstida personajning badiiy qiyofasini qayta yaratish, antroponimlarning semantik, pragmatik va etimologik jihatlarini hisobga olgan holda “ehtimoliy” prototiplar misolida asoslangan;
badiiy matn tarjimalarida antroponimlarning tarixiy-madaniy shartliligi tarjimaning muhim jihati sifatida o‘rganilib, tarjima matnidagi lingvokulturologik va lingvopragmatik xususiyatlari isbotlangan;
badiiy matn kontekstida antroponim vazifasini to‘liq bajarib kelgan leksik birliklarni onomastik nuqtayi nazardan ochib berish maqsadida “ekvionim” termini kiritilgan va funksional jihatlari faktik materiallar asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy matn tarjimalarida muayyan maqsad bilan qo‘llanilgan antroponimlarning badiiy-uslubiy, struktur-semantik va funksional xususiyatlarini yoritish, ularni tarjima muhitiga moslashtirish, adekvat tarjima usullarini tanlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
badiiy matndagi antroponimlarning matn va janr shakllantirishdagi o‘rni, muallifning individual uslubi, ko‘rib chiqilayotgan antroponimlarning badiiy matn kontekstidagi struktur-semantik va funksional xususiyatlarini koʻrsatib berishga doir ilmiy xulosa va natijalardan Farg‘ona davlat universitetida 2020 – 2022-yillarga mo‘ljallangan SUZ80021GR3149-raqamli “American Drama”  nomli xalqaro loyihaning nazariy asosini mustahkamlashda foydalanilgan. (Farg‘ona davlat universitetining 2024-yil 22-fevraldagi 04/1101-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha bo‘yicha bajarilgan tadqiqotning nazariy asosi mukammal bo‘lishiga erishilgan;
badiiy matn kontekstida antroponimlar muhim element sifatida nominativ, identifikatsion, estetik, stilistik, semantik, psixologik va madaniy-tarixiy funksiyalarni bajarib kelishi va ularning funksional xususiyatlarini tarjima muhitida adekvatligini  etkazib berishga doir taklif va xulosalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020 – 2023-yillarda amalga oshirilgan AM-FZ-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli grant loyihasida foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 26-fevraldagi  № 04/1-489-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning ilmiy-nazariy bazasi badiiy matndagi antroponimlarning funksional xususiyatlari va tarjimasiga oid ilmiy va nazariy qarashlar va yangi materiallar bilan boyitilgan;
mumtoz asarlar matnidagi poetonimlar, tarixiy shaxslar nomlari ularning chet tiliga va ona tiliga tarjimalarida lingvokulturologik, etnolingvistik va funksional xususiyatlarining ilmiy-nazariy xulosalari va tahlili natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DMning  muharririyati tomonidan tayyorlangan “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon”, “Jahon adabiyoti” dasturlarining ssenariylarini tayyorlashda (2023–2024-yil davomida) foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasining 2024-yil 29-yanvardagi 04-36-136- sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni ilmiy jihatdan boyitilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish