Toshmatov Bekzod Anvar o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xo‘raki uzum navlarini an’anaviy usullarda saqlash texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.11 – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Qx1080
Ilmiy rahbar: Azizov Aktam Sharipovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Dodaev Qo‘chqor Odilovich, texnika fanlari doktori, professor; Dehqonova Shaxnoza Yo‘lbarsovna, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Akademik M.M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi uzumning xo‘raki navlarini an’anaviy usullarda saqlash texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor uzumni “Rizamat” navini avgustning ohirgi va sentyabrning birinchi dekadasida, “Xusayne beliy”, “Husayni kelin barmoq”, “Pobeda”, “Ulkan” navlarini esa oktyabrning ikkinchi dekadasida hamda eruvchan quruq modda miqdori 18-22% bo‘lganda an’anaviy usulda saqlash uchun terimni boshlash eng maqbul muddat ekanligi isbotlangan;
uzumni takomillashtirilgan usullarda saqlashgacha bo‘lgan muddatda mahsulotning fizik-kimyoviy va biokimyoviy ko‘rsatkichlaridan – uzum boshi g‘ujumining qattiqligi (181.2 kgf/mm²), uzum boshining o‘rtacha og‘irligi (663 gr), kimyoviy tarkibidan – Ph muhiti (5.5), nitrat miqdori (30>mg/kg), uglevodlar (2.99%), vitamin C (25.5 mg/g) ga teng bo‘lganda mahsulotni sifatli saqlashga imkon berishi aniqlangan;
uzumning “Xusayne beliy”, “Husayni kelin barmoq”, “Rizamat”, “Pobeda”, “Ulkan” navlarini an’anaviy va takomillashtirilgan usullarda saqlashda mahsulotining tabiiy kamayish darajasini pasaytiruvchi muhit omillaridan harorat 9-12 °C, nisbiy namlik 60-75%, havo aylanish oqim tezligi 0,2-0,4 m/s ekanligi aniqlangan;
uzum bandini suv to‘ldirilgan idishlarda saqlash usulini Maxsus kapsula bilan takomillashtirish orqali hosildorlikning qo‘shimcha 20-25 % qismi saqlanib qolinishi, suv sarfini qariyb 96 % gacha tejalishi, an’anaviy omborda qo‘shimcha 35-37% ko‘proq maxsulot saqlanishi isbotlangan va ularning texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
takomillashtirilgan usulda uzumning “Xusayne beliy” navi 135-140 kungacha, “Xusayni kelin barmoq” navi o‘rtacha 120-125 kungacha, “Pobeda” navi 105 kungacha, “Rizamat” navi 65-70 kungacha, “Ulkan” navi 50-55 kungacha an’anaviy omborda saqlash iqtisodiy samaradorlik jihatdan eng maqbul muddatlar ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xo‘raki uzum navlarini an’anaviy usullarda saqlash texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
uzumchilikka ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun “Xo‘raki uzum navlarini an’anaviy usulda saqlash texnologiyalarini takomillashtirish” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-apreldagi 05/06-02-311 sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma uzum etishtiruvchi fermer va tomorqa xo‘jaliklari hamda tadbirkorlarga uzum mahsulotlarini saqlash va iste’molchilarga etkazib berishda amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
xo‘raki uzumning “Xusayne beliy”, “Husayni kelin barmoq”, “Pobeda”, “Rizamat”, “Ulkan” navlarini an’anaviy usulda saqlashning takomillashtirilgan texnologiyasi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Ikromjon Ergashev” fermer xo‘jaligining 1,0 gektar, “Nozimaxon Maxmura” fermer xo‘jaligining 1,0 gektar, “Diyor oltin obod” fermer xo‘jaligining 0,65 gektar maydonida va “Chinortagi sahovati” MChJ ning 80 tonnalik sovutkichli omborida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-apreldagi 05/06-02-311 sonli ma’lumotnomasi). Natijada saqlash uchun tokning ikkilamchi hosil novdasi bilan birga kesilishining oldi olinib keyingi mavsum uchun hosildorlikning qo‘shimcha 20-25 % qismi saqlanib qolinishiga, suv sarfini qariyb 96 % gacha tejalishiga an’anaviy omborda qo‘shimcha ravishda 35-37 % ko‘proq maxsulot saqlanishiga erishilgan;
takomillashtirilgan usulda uzum maxsulotlarini saqlash ishlanmasi Namangan viloyati Chust tumanidagi “Rustamali Karimov” fermer xo‘jaligining 1,0 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-apreldagi 05/06-02-311 sonli ma’lumotnomasi). Natijada xo‘raki uzumning “Ulkan” navidan 11 116 400 so‘m, “Rizamat” navidan 14 862 400 so‘m, “Xusayne beliy” navidan 32 880 400 so‘m, “Husayni kelin barmoq” navidan 34 340 400 so‘m, “Pobeda” navidan esa 37 930 400 so‘m sof foyda olishga hamda 50-144 % iqtisodiy samaradorlikga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish