Zokirov Zoir Zokirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “1-metilsiklopropen preparatini qo‘llash asosida olma mevalarini saqlash texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.11 – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Qx1489
Ilmiy rahbar: Islamov Soxib Yaxshibekovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Azizov Aktam Sharipovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Shamshiev Ja’far Abdusalimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Olma mevalarini saqlashda turli preparatlarni qo‘llash orqali ularning saqlanuvchanlik xususiyatlarini oshirish, sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda olmani saqlash texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor, olmaning Star Krimson, Golden Delishes va Pink Ledi navlaridagi meva hosilining 98,3% i saqlash uchun yaroqli bo‘lishi hamda texnologik ko‘rsatkichlari boshqa navlarga nisbatan yuqori bo‘lib, qattiqlik darajasi 7,6-8 kg/sm2 hamda tarkibidagi quruq modda miqdori 15% gacha bo‘lishi aniqlangan;
olma mevalarini saqlash davomida metilsiklopropen (1-MSP) preparati bilan ishlov berish natijasida tarkibidagi biokimyoviy o‘zgarishlarni maksimal darajada sekinlashishi natijasida saqlash muddati 45-60 % gacha uzayishi, jumladan, ertapishar olmalar 90 kungacha, o‘rtapishar navlar 150 kungacha, kechpishar navlar esa 200 kun va undan ortiq vaqt davomida sifatli saqlanishi isbotlangan;
olma mevalarini saqlash davomida 100 tonna sig‘imli saqlash kamerasida 1-MSP preparati eritmasini mavhum qaynash qurilmasida jadal bug‘latishni amalga oshirilganda eng maqbul natija 110 g miqdorda qo‘llash meyorida bo‘lishi aniqlanib, bunda tabiiy kamayish darajasi 8,2% dan 1,9% gacha pasayishi isbotlangan;
sovutkichli omborda 180 kun saqlash jarayonida metilsiklopropen preparatini 110 g meyorda qo‘llanilishi Golden Delishes navida olma mevalarining biokimyoviy tarkibida salbiy o‘zgarishlar kamligi va organoleptik ko‘rsatkichlarining pasayib ketmasligi (93,3 ball) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Olma mevalarini saqlashda turli preparatlarni qo‘llash orqali ularning saqlanuvchanlik xususiyatlarini oshirish, sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda olmani saqlash texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
“Turli preparatlarni qo‘llash asosida olma mevalarini saqlash texnologiyasi” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 19 martdagi № 05/06-04-97-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma olma etishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, mevalarni saqlash va qayta ishlash jarayonlarida faoliyat yuritayotgan sohaviy mutaxassislar uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “Shaboda charos” fermer xo‘jaligida umumiy maydoni 7 gektar bo‘lgan olma bog‘larida 100 tonna olma mevalarini saqlash uchun metilsiklopropen birikmasini qo‘llash tartibi joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 19 martdagi № 05/06-04-97-son ma’lumotnomasi). Natijada, tabiiy kamayish darajasi saqlash jarayonida “Grenni Smit” va “Jeromin” navlarida 1-MSP preparatlar qo‘llanganida 20% dan 10% gacha pasayishi aniqlangan, 160,4 mln so‘m o‘rniga 260,6 mln so‘m sof foyda olish imkonini bergan, iqtisodiy samaradorlik 150% dan 197% gacha oshgan.
Olma mevalarini saqlashda metilsiklopropen birikmasini qo‘llash ishlanmasi Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida joylashgan “Texno Medium” MChJ hamda “Shaboda Charos” fermer xo‘jaligida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 19 martdagi №05/06-04-97-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, “Pink Ledi” va “Golden Delishes” navli olma mevalarini saqlash jarayonida ularning shakar miqdori 12% dan 10% gacha kamaygani, kislotalilik darajasi esa 4,5% atrofida saqlangani, shuningdek, organoleptik ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori baholarga erishgani aniqlanib, saqlangan mevalarni bozorda yuqori narxlarda sotish imkoniyatini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish