Nodir Raxmonqulovich Karimovning
tarix fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hakim Termiziy asarlarida ilm an-nafs masalasi”, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/Tar484.
Ilmiy maslahatchi: Alisher Xudoyberdievich Doniyorov, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/31.01.2024.Tar.21.03  Rasmiy opponentlar:
Muhammadolim Muhammatroziq o‘g‘li Muhammadsiddiqov, siyosiy fanlar doktori, professor.
Sanobar Bazarbaevna Shadmanova, tarix fanlari doktori, professor.
Ne’matullo Asatullaevich Muxamedov, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asr ikkinchi yarmi va XXI asr boshlarida Hakim Termiziyning ilm an-nafs masalasi muhokamaga tortilgan xorijiy ilmiy nashrlarni vujudga kelish omillari, ularda tahlil qilingan muammolar yo‘nalishi va xususiyatlari, tadqiqotlarni o‘zgarib borish dinamikasini ko‘rsatish hamda ushbu merosning jahon ilm-fani rivojidagi o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Hakim Termiziy asarlarida – xususan, “Bayan al-farq”, “Navodir al-usul” va “Adab an-nafs”da bayon etilgan qalb tarbiyasi, sabr, muraqaba va niyat pokligi g‘oyalariga tayanib, zamonaviy ruhiy inqiroz, internet bosimi va maʼnaviy beqarorlikka qarshi yoʻnaltirilgan “Maslahat markazlari” konsepsiyasi ishlab chiqilib, bu yondashuv islomiy psixoterapiya va taʼlim tizimi uchun nazariy va manbaviy asosga ega model sifatida asoslangan.
Hakim Termiziy tomonidan asos solingan va Sara Sviri, Bernd Radtke, Ayyub Palmer kabi yetakchi xorijlik tadqiqotchilar tomonidan eʼtirof etilgan “hakimiya” taʼlimoti mustaqil ruhiy-maʼnaviy oqim sifatida tadqiq etilib, uning tasavvuf, ilm an-nafs va ruhiy etuklik g‘oyalari orqali alohida “maktab” sifatida shakllanganligi isbotlangan.
Hakim Termiziy, Imom Gʻazzoliy va Ibn Arabiy taʼlimotlari o‘rtasidagi g‘oyaviy va metodologik uzviylik tarixiy manbalar asosida tahlil qilinib, unda Termiziy tomonidan “ilm an-nafs” mustaqil nazariy maktab sifatida shakllantirilgani, Imom Gʻazzoliy ushbu maktabning axloqiy-maʼnaviy tamoyillarini didaktik tizimga aylantirgani, Ibn Arabiy esa uni falsafiy yoʻnalishda yanada chuqurlashtirgani ilk bor asoslab berilgan.
Olimning “ilm an-nafs” konsepsiyasiga tayanilgan “iymon asosli ruhiy immunitet modeli” zamonaviy psixologik muammolar – jumladan, radikalizm, maʼnaviy bo‘shliq va identitet inqirozi kabi holatlarga qarshi ongli ichki barqarorlikni shakllantirishda samarali hamda innovatsion yondashuv sifatida tarixiy va amaliy jihatdan isbotlangan.
Hakim Termiziy ishlab chiqqan qalb va nafs tuzilmasi (sadr, qalb, fuod, lubb) zamonaviy ruhiy davolash usullari bilan taqqoslanib, uning qarashlari islomiy psixoterapiya uchun mustahkam nazariy asos bo‘lishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Hakim Termiziyning ilm an-nafs nazariyasini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar tarixshunosligi doirasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Hakim Termiziyning asarlarida ilgari surilgan ilm an-nafs konsepsiyasi bugungi zamonaviy psixologiya va ruhshunoslik ilmlari bilan mushtarak nuqtalarga egaligi, yoshlarda o‘zlikni anglash, tafakkurni rivojlantirish va insoniy kamolotga intilish ruhini uyg‘otishi, shu bilan birga, islom falsafasi va Sharq tafakkuri doirasida shakllangan ilmiy yondashuvlarni o‘rganishga asos yaratilishi doirasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va tavsiyalar vakolatli davlat tashkilotlari va muassasalarining faoliyatiga tatbiq etildi.
Xususan, Dissertatsiya natijalari asosida 2024-yilda nashr etilgan “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi manbashunosligi” nomli o‘quv qo‘llanmaning beshinchi bobi - “O‘rta Osiyoning IX–XV asrlar tarixiga oid yozma manbalar (arab tilida)” mavzusida, Hakim Termiziy asarlarida — xususan, “Bayan al-farq”, “Navodir al-usul” va “Adab an-nafs”da ilgari surilgan qalb tarbiyasi, sabr, muraqaba va niyat pokligi g‘oyalari asosida zamonaviy ruhiy inqiroz, internet bosimi va ma’naviy beqarorlikka qarshi yo‘naltirilgan model tarixiy-manbaviy asoslangan yondashuv sifatida tahlil qilinib, ilk bor o‘quv jarayoniga kiritildi (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2025-yil 18-apreldagi 04-04-02/1109 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyada ishlab chiqilgan g‘oya va yondashuvlar orqali o‘quv qo‘llanmasi tarkibiy va mazmunan boyitilib, oliy ta’limda tarixiy manbashunoslik fanining samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.
Dissertatsiya natijalari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2024-yil 3-iyundagi 40-IB-son qarori asosida tashkillashtirilgan “Audiomanuskript platformasini yaratish” ilmiy-amaliy loyihasini shakllantirishda bevosita nazariy-metodologik manba sifatida qo‘llanilgan. Loyiha doirasida Hakim Termiziy tomonidan asos solingan va Sara Sviri, Bernd Radtke, Ayyub Palmer kabi yetakchi xorijlik tadqiqotchilar tomonidan eʼtirof etilgan “hakimiya” taʼlimoti mustaqil ruhiy-maʼnaviy oqim sifatida tadqiq etilib, uning tasavvuf, ilm an-nafs va ruhiy etuklik g‘oyalari orqali alohida “maktab” sifatida shakllanganligi jamoatchilikka audioformatda taqdim etilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2025-yil 18-apreldagi 04-04-02/1110-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, Hakim Termiziyga oid “Makr an-nafs” va “Riyozat an-nafs” asarlarining audioversiyalarini ilmiy asosda tanlab olish, ularning semantik qatlamlarini aniqlash, ruhiy-maʼnaviy mazmunini tushunarli shaklda ifodalash hamda audiokontentni zamonaviy tinglovchi talablariga mos holda shakllantirish imkoniyati yaratildi.
“O‘zbekiston tarixi” telekanali orqali efirga uzatilgan “Tamaddun darg‘alari”, “Tarix maydoni” ko‘rsatuvlarida Hakim Termiziy, Imom Gʻazzoliy va Ibn Arabiy taʼlimotlari o‘rtasidagi g‘oyaviy va metodologik uzviylik tarixiy manbalar asosida tahlil qilinib, unda Termiziy tomonidan “ilm an-nafs” mustaqil nazariy maktab sifatida shakllantirilgani, Imom Gʻazzoliy ushbu maktabning axloqiy-maʼnaviy tamoyillarini didaktik tizimga aylantirgani, Ibn Arabiy esa uni falsafiy yoʻnalishda yanada chuqurlashtirgani haqidagi ma’lumotlardan keng jamoatchilik xabardor qilindi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasi tomonidan 2025-yil 28-mart sanasi bilan taqdim etilgan 01-30-189-son maʼlumotnoma).
Natijada, “ilm an-nafs” konsepsiyasi, islomiy psixologiya va tasavvufiy tafakkuri tarixiga oid yangi tadqiqotlar, ilmiy xulosalardan keng jamoatchilikda xabardorlik paydo bo‘ldi.
Hakim Termiziyning “ilm an-nafs” konsepsiyasiga tayangan holda ishlab chiqilgan “iymon asosli ruhiy immunitet modeli” zamonaviy psixologik muammolar xususan, radikalizm, maʼnaviy bo‘shliq va identitet inqiroziga qarshi ongli ichki barqarorlikni shakllantirishda samarali va innovatsion yondashuv sifatida tarixiy-manbaviy hamda amaliy jihatdan asoslab berilgan bo‘lib, unga oid ilmiy xulosa va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyati hamda ijtimoiy loyihalarini amalga oshirish jarayonida amaliy qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2025-yil 27-mart sanasi bilan taqdim etilgan 3-16-21-1631-son maʼlumotnoma). Natijada yoshlar bilan ishlashda sabr, iymon, ma’naviy uyg‘unlik va ichki barqarorlikka asoslangan ruhiy-ma’naviy tarbiya yondashuvlari shakllantirildi, bu esa ma’rifiy va profilaktik tadbirlarning mazmunini boyitdi, yoshlar ongini mustahkamlash va ekstremistik g‘oyalarga qarshi ichki immunitetni rivojlantirishda amaliy samaradorlikni oshirdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tadqiqotda ilgari surilgan inson qalbini tarbiyalashda nafsni isloh qilish, zikr, tafakkur, qalb pokligi, ixlos va muhabbat tushunchalari orqali to‘g‘ri ruhiy holatga erishishga doir ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy takliflardan foydalanildi (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining 2025-yil 28-mart sanasi bilan taqdim etilgan 02-362-son ma’lumotnoma). Natijada yoshlar va aholining ma’naviy ongini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot dasturlari mazmunini boyitishga xizmat qildi.
 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish