Otaboeva Mohira Axmadovnaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Tarjimada muallif amahoratini qayta yaratish (inglizchadan o‘zbekchaga tarjimalar misolida), 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Fil1685
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Ochilov Ergash Zokirovich, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01 
Rasmiy opponentlar: Hamidov Xayrulla Xudoyorovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Umarova Mahliyo Yunusovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor. 
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: jahon bolalar adabiyotining nodir namunalari hisoblangan L.Kerrollning “Alisa Mo‘jizalar mamlakatida” va Ch.Dikkensning “Katta umidlar” romanlarining o‘zbek tilidagi bevosita va bilvosita tarjimalari tadqiqi misolida mutarjimlarning muallif uslubini saqlash va asar badiiyatini tiklashdagi mahorat qirralarini ko‘rsatib berishdan iborat.  
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
  L.Kerrollning “Alisa Mo‘jizalar mamlakatida” asari va Ch.Dikkensning “Katta umidlar” romanining o‘zbek tiliga bevosita va bilvosita tarjimalarining qiyosiy tadqiqi asliyatga muvofiq mukammal tarjima yaratish uchun mutarjim muallif mansub nonsens va tanqidiy-realizm adabiy oqimlarining mazmun mohiyati hamda yozuvchi uslubiga xos yetakchi xususiyatlardan xabardor bo‘lishi muhimligi ko‘rsatilgan;
muayyan mamlakatning milliy koloriti, asliyat tilining so‘z boyligi, ifoda tarzi, badiiy tasvir vositalari, frazeologizmlari va sheva unsurlari, muallif mansub xalqning yumor xususiyatlarini chuqur bilmay turib, asardagi nozik ishoralar, tagdor qochirimlar, ilmoqli so‘z o‘yinlari hamda adiblar nazarda tutgan barcha ma’no qirralarini to‘g‘ri etkazib bo‘lmasligi, binobarin bu holda adekvat tarjimaga erishish mushkulligi konkret misollar tahlili orqali asoslangan;
ingliz tilidan qilinadigan badiiy tarjimalarda leksik muammo hisoblanmish polisemiya hodisasi bilan bog‘liq holatlarga topilgan echimlar o‘rganilib, tarjimonlarning bu boradagi yutuq va kamchiliklari umumlashtirildi va ayni holatda kontekstdan kelib chiqib tarjima qilish muvaffaqiyatga olib kelishi aniq misollar tahlili orqali ko‘rsatib berildi hamda mazkur asarlarning yangi nashrlari va kelgusida amalga oshiriladigan qayta tarjimalari uchun yordam beradigan tavsiyalar berilgan;
tadqiqotga tortilgan asarlar bevosita va bilvosita tarjima nuqtai nazaridan ham tekshirilib, bevosita tarjimaning afzalliklari, bilvosita tarjima asliyatga mazmun, shakl va badiiy jihatdan to‘la muvofiq bo‘lmasligidan tashqari, tarjimonga ham o‘zining mahoratini tom ma’noda namoyon etishga imkon bermasligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Badiiy tarjimada muallif mahoratini qayta yaratish xususiyatlarini ochib berishda muallif uslubini saqlash, milliy koloritni aks ettirish, ingliz tilidan bevosita va bilvosita tarjima amaliyotidagi leksik masalalari tahlili jarayonida olingan ilmiy natijalar quyidagi asosda joriylangan;
Jahon adabiyotidagi tanqidiy-realizm oqimi, o‘zbek adabiyotshunosligi uchun yangilik bo‘lgan – nonsens adabiy metodining paydo bo‘lish bosqichlari, dunyo adabiyotshunosligiga ta’siriga bag‘ishlangan qarashlar, shuningdek, ularning yozuvchilar (L.Kerroll, Ch.Dikkens) uslubini shakllanishidagi roli va ahamiyatini ochib berishga doir xulosalaridan hamda bu yo‘nalishda yozilgan asarlarning tarjimasidagi yondashuvlar tahlilining natijalaridan OT-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” fundamental tadqiqot dasturi doirasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2023-yil 25-dekabrdagi 3/1255-2889-son ma’lumotnomasi). Natijada, jahon tarjimashunosligida alohida o‘rganiladigan nonsense-asar tarjimasida o‘zbek mutarjimlari qanday yondashgani va ular qo‘llagan usullar nechog‘li o‘zini oqlagani, bunday asarlar tarjimasida nimalarga e’tibor berish kerakligi borasida nazariy fikrlarning dalillanish darajasi ortgan; 
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Badiiy tarjima kengashi hisobot yig‘ilishlarida, adabiy to‘garak mashg‘ulotlarida tadqiqot natijalaridan unumli foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2023-yil 4-dekabrdagi 01-03/3182-son ma’lumotnomasi). Natijada, ingliz-o‘zbek adabiy aloqalari, xususan, L.Kerroll va Ch.Dikkens asarlarining ona tilimizga qilingan tarjimalarida muallif uslubini saqlash, davr va milliy koloritni aks ettirish, tarjimalardagi adekvatlik masalalariga doir tahlillar uyushmada o‘tkazilgan ma’ruzalar mazmunini boyitishga xizmat qilgan;
“Mahalla” telekanalining “So‘z aytgani keldi dunyoga” nomli hujjatli filmda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali davlat muassasasining 2023-yil 16-noyabrdagi 01–12–1145-son ma’lumotnomasi). Natijada, badiiy tarjimaning bugungi kundagi ahamiyati, rivoji, jumladan, ingliz adabiyoti namunalarini ona tilimizga o‘girish masalasi va uning dolzarbligi, soha oldida turgan muammolar, bugun chop etilayotgan ayrim tarjima asarlarning saviyasi tahlil qilingan. Tarjimashunoslikdagi maqollar, shevalar, idiomalarni o‘girishning roli ochib berilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish