Shirinov Ziyomat Zoyirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bir va ikki quvurli isitish tizimlarini gidravlik va issiqlik hisobi usullarini ishlab chiqish”, 01.02.05 – “Suyuqlik va gaz mexanikasi” (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/FM1081.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xujaev Ismatulla Kushaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA M.T.O‘rozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.02/30.12.2019.T/FM.61.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xudayqulov Savet Ishankulovich texnika fanlari doktori, professor. Zakirov Askar Xalilovich fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi substansiyalar ko‘chishining kvazi bir o‘lchovli tenglamalari doirasida ko‘p seksiyali issiqlik almashtirgichli bir va ikki quvurli suv bilan isitish tarmoqlarida issiqlik va massa almashinuvi jarayonlarining xususiyatlarini o‘rganishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
issiqlik va massa almashinuvi jarayonlarining kvazi bir o‘lchovli tavsifi va doirasida bir quvurli isitish tarmog‘iga ulangan ko‘p seksiyali issiqlik almashtirgich konturi bo‘ylab issiqlikni tashish gipotezasi va kvadratik oqim rejimiga muvofiq issiqlik almashtirgichning matematik modeli va gidravlik hisoblashning taqribiy usuli ishlab chiqilgan;
Shuxov formulasi va tashqi kontur bo‘ylab suyuqlik oqimi gipotezasi asosida ko‘p seksiyali issiqlik almashtirgichning issiqlik almashinuvi jarayonini hisoblashning samarali usuli ishlab chiqilgan;
kvazi bir o‘lchovli yondashuv, Kirxgof qonunlarining analoglari va matematik induksiya qoidalari asosida, ixtiyoriy gidrodinamik rejimdagi ikki quvurli issitish tarmog‘iga ulangan ko‘p seksiyali issiqlik almashtirgich uchun gidravlik va issiqlik hisoblash usullari ishlab chiqilgan;
ikki quvurli suv bilan isitish tarmog‘ini gidravlik va issiqlik hisoblash usullari oqimning beshala gidrodinamik rejimi va chekli sondagi issiqlik almashtirgich ulangan hollar uchun matematik modeli ishlab chiqilib, olingan natijalar baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bir va ikki quvurli suv bilan isitish tizimlarini hisoblash uchun mo‘ljallangan matematik modellar, algoritmlar va dasturiy mahsulotlar asosida:
halqalangan isitish jarayonini optimallashtirish va issiqlikning tekis tarqalishini ta’minlash masalalari uchun olingan yuqori darajadagi aniqlikdagi echimlar YoFA-FTex-2018-13 loyihasini bajarish jarayonida qo‘llanilgan (O‘zR FA V.I. Romanovskiy nomidagi matematika institutining 2024 yil 24 oktyabrdagi 2/367 sonli ma’lumotnomasi). Bu ilmiy natijalardan foydalanish gidrodinamikaning murakkab fizik jarayonlarini ifodalashda va ushbu tenglamalarni echish uchun yangi optimal algoritmlar qurish imkonini bergan;
isitish tizimlarini gidravlik va issiqlik hisobining samarali qiymatlarini aniqlash usullari Buxoro viloyati Kogon tuman 5-sonli va 9-sonli maktablarning isitish tizimlarini qayta jihozlash jarayonlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 29 oktyabrdagi 24-06/11383-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud muhandislik hisoblariga ketadigan vaqt va mehnatni 15-20% ga kamaytirish va hisoblash aniqligini 10-12% ga oshirishga erishilgan;
bir quvurli isitish tarmog‘ini hisoblash uchun yaratilgan dasturiy mahsulotlar „Kogon isitgich moslamalar“ MChJda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va kommunal xo‘jalik vazirligining 2024 yil 29 oktyabrdagi 24-06/11383-sonli ma’lumotnomasi). Natijada uchastkalar bo‘yicha quvurlarning diametrlari aniqlangan, hisoblash vaqti 20-25% ga qisqartirilgan, gidravlik hisoblashning aniqligi 12-15% ga oshirilgan va isitish jarayonini optimallashtirish va issiqlikning tekis taqsimlanishini ta’minlash hisobiga issiqlik energiyasi sarfini 2-3% ga tejashga erishilgan.