Xolbekova Mavsuma Bolibekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turli ishlab chiqarish tipidagi sigirlarning sut mahsuldorligi va sutining ba’zi texnologik xususiyatlari”, 06.02.03–Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Qx1293
Ilmiy rahbar: Shaptakov Erkin Suyunovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Soatov Utkir Rajabovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xatamov Asror Xudoyberdievich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Turli ishlab chiqarish tipidagi sigirlarning sut mahsuldorligi va sutining ba’zi texnologik xususiyatlarini o‘rganish va ishlab chiqarishga taklif berish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Samarqand viloyati Zarafshon vohasi sharoitida etuk yoshdagi estoniya qizil zotli sigirlarning sut mahsuldorligi, ayrim biologik xususiyatlari va ba’zi texnologik ko‘rsatkichlari ularning ishlab chiqarish tiplari bilan bog‘liqligi aniqlangan;
sut ishlab chiqarish tipidagi sigirlar, sut-go‘sht ishlab chiqarish tipidagi sigirlarga nisbatan sut mahsuldorligi 400 kg, sut yog‘i chiqimi 14,7 kg, sut oqsili chiqimi 9,8 kg ustunlik qilganligi aniqlangan;
sigirlarni sog‘ishga tayyorlash va sutga dastlabki ishlov berish natijasida tajriba guruhidagi sigirlardan sog‘ib olingan sutni nordonligi 1,3°T va 1 ml sut tarkibida mikroblar soni 200 mingtaga nazoratga nisbatan kam boʻlishi va oliy navli sut ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi isbotlangan;
Tajriba guruhidagi sigirlarning 4% li sut miqdori 365,5 kg yuqori, 1 kg 4% li sut ishlab chiqarish uchun sarflangan ozuqa birligi 0,5 kg ga kam boʻlganligi, shuningdek rentabellik darajasi 6% ga nazoratga nisbatan yuqori boʻlganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Estoniya qizil zotli sigirlarning sut mahsuldorligi, sutini ba’zi texnologik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqarish tiplariga bog‘liqligi yo‘nalishida olib borilgan tadqiqotlar asosida:
Estoniya qizil zotli etuk yoshdagi sigirlarni ishlab chiqarish tiplariga ajratish hamda sut ishlab chiqarish tipidagi sigirlardan xo‘jalikda sut etishtirishda foydalanish usullari Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani “Hamid chorvachilik vohasi” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 18-martdagi, № 02/23-178-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan yillik sof foyda bir bosh sigir hisobiga 900,0 ming so‘mni, rentabellik darajasi 21,0 foizni tashkil qilgan;
sigirlardan sut sog‘ib olishda, sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilish va elinga ishlov berish usullari Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Bosh buloq” MChJ da joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2024-yil 18-martdagi, № 02/23-178-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan yillik sof foyda bir bosh sigir hisobiga 720,0 ming so‘mni tashkil qilgan;
Shvis zotli birinchi tug‘imdagi sigirlarni ishlab chiqarish tiplariga ajratish hamda xo‘jalikda sut ishlab chiqarish tipidagi sigirlardan sut etishtirishda foydalanish usullari Andijon viloyati Asaka tumani “Turg‘unboy Shokirov” naslchilik fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2024-yil 18-martdagi, №02/23-178-son ma’lumotnomasi). Natijada olingan yillik sof foyda bir bosh sigir hisobiga 1585,0 ming so‘mni tashkil qilgan.