Xamraev Asqar Xasanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Karpsimon (cyprenidae) baliqlar ligulyozi va zararlangan baliqlarning veterinariya-sanitariya ekspertizasi”, 03.00.06 – Zoologiya, 16.00.04 –Veterinariya farmakologiyasi va toksikologiyasi. Veterinariya sanitariyasi, ekologiyasi, zoogigienasi va veterinar–sanitariya ekspertizasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/V68
Ilmiy rahbarlar: Daminov Asadullo Suvonovich, veterinariya fanlari doktori, professor, Ibragimov Furkat Burievich, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019 V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Niyazov Hakim Baqoevich, veterinariya fanlari doktori, professor; Isaev Jasur Muzaffarovich, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti huziridagi L.M.Isaev nomidagi mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining ayrim suv havzalaridagi karpsimon baliqlar ligulyozining epizootologik holatini aniqlash, zararlangan baliqlarning sifat ko‘rsatkichlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasi jihatidan baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Samarqand viloyatining tadqiqotlar olib borilgan xo‘jaliklarida baliqlar ligulyozining invaziya ekstensivligi Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘rtacha 39,1 %, Oqdaryo tumanida 17,5 %, Pastdarg‘om tumanida 15,8 %, Urgut tumanida 12,9 % ni, mavsumiy dinamikasi bahor faslida 33,3 % ni, kuz faslida bu ko‘rsatkich 27,6 % ni tashkil etishi aniqlangan;
ligulyoz bilan zararlangan baliqlar go‘shtini organoleptik, fizik-kimyoviy, biokimyoviy hamda mikrobiologik usullarda veterinariya-sanitariya ekspertiza qilish orqali ularni iste’molga yaroqliligini aniqlash mumkinligi ilmiy jihatdan asoslangan;
zararlangan baliqlardan olingan jabra ekstrakti perioksidaza reaksiyasi natijasida rangining ko‘k-moviy rang bermaganligi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri jigarrangga aylanganligi peroksidaza fermenti faolligining pasayishiga bog‘liq ekanligi eksperimental tadqiqotlarda ochib berilgan;
baliq go‘shtining veterinariya sanitariya ekspertizasi ligulyoz bilan zararlanishda sog‘lomga nisbatan aminokislotalar miqdorini 18,73 % ga, 100 g go‘shtining energiya qiymati 39,6 kkal ga pastligi, mikrobiologik ko‘rsatkichlari ruxsat etilgan me’yordan 10,2 martaga oshib ketishi bilan xarakterlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Karpsimon (cyprenidae) baliqlar ligulyozi va zararlangan baliqlarning veterinariya-sanitariya ekspertizasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Karpsimon (cyprenidae) baliqlar ligulyozi va zararlangan baliqlar go‘shtining veterinariya-sanitariya ekspertizasi bo‘yicha” tavsiyanoma ishlab chiqilgan, tasdiqlangan va amaliyotga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024 yil 20 dekabrdagi №02/23-732-son ma’lumotnomasi). Natijada baliqlarning ligulyoz bilan zararlanish darajasi va invaziya intensivligini aniqlash hamda baliq go‘shtini veterinariya sanitariya jihatidan iste’molga yaroqliligini baholashga erishilgan;
ligulyoz bilan zararlangan baliqlar go‘shtini organoleptik, fizik-kimyoviy, biokimyoviy hamda mikrobiologik usullarda veterinariya-sanitariya ekspertiza qilish orqali ularni iste’molga yaroqliligini aniqlashga asoslangan usul ilmiy jihatdan asoslangan va hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi, Urgut tumanidagi “Urgut Qoratepa baliqlari”, Oqdaryo tumanidagi “G‘ozixonov Dilmurodxon” baliqchilik fermer xo‘jaliklari faoliyatiga joriy etilgan. (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024 yil 20 dekabrdagi №02/23-732-son ma’lumotnomasi). Ushbu usullarni qo‘llash orqali ligulyoz bilan zararlangan baliqlar go‘shtining pH ko‘rsatkichi, peroksidaza faolligi, to‘yimliligi, mikroblar bilan zararalanish darajasini aniqlash imkoniyati yaratilgan.