Safiullina Asiya Kamil qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning G. hirsutum L. turichi xilma-xilliklari molekulyar filogeniyasi hamda ularning qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/B1277.
Ilmiy rahbar: Ernazarova Dilrabo Qo‘shbaqovna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Matniyazova Hilola Xudoybergenovna, biologiya fanlari doktori, professor; Xusenov Naim Nutfullaevich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning G. hirsutum L. turiga mansub ayrim shakllari turichi filogenetik darajasini aniqlash, ulardagi qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash hamda g‘o‘za seleksiyasi uchun noyob boshlangich manbalar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor 70 ta mikrosatellit (SSR) markerlar asosida g‘o‘zaning G. hirsutum L. turichi xilma-xilliklari o‘rtasidagi munosabatlarini oydinlashtiruvchi filogenetik shajara ishlab chiqilgan;
ota-ona shakllarida chatishuvchanlik darajasining pastligi, ammo duragay ko‘saklardagi to‘liq urug‘ tugulish darajasining yuqorligiga asoslanib, evolyusion rivojlanish davrida kenja turlar va turichi xilma-xilliklarining geografik hududlar bilan alohida izolyasiya qilinganligi isbotlangan;
var. yucatanense shaklinining duragaylanish darajasining boshqa shakllarga nisbatan pastligi old zigotik reproduktiv alohidalovchi mexanizmning mavsumiy alohidalanishi bilan isbotlangan;
laboratoriya sharoitida Fusarium oxysporum f.sp. vasinfectum zamburug‘iga var. yucatanense o‘ta, var. religiosum esa o‘rtacha, F2 var. religiosum × ssp. euhirsutum Omad navi va uning resiprok duragay o‘simliklari o‘ta va o‘rtacha darajada chidamli ekanligi aniqlangan;
F2 var. religiosum × ssp. euhirsutum Omad navi va uning resiprok duragay kombinasiya o‘simliklari orasidan ertapishar, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, tola uzunligi va chiqimi, 1000 dona chigit vazni kabi yuqori qimmatli xo‘jalik belgilari hamda FOV shtammiga chidamli noyob shakllar ajratib olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zaning G. hirsutum L. turichi xilma-xilliklari molekulyar filogeniyasi hamda ularning qimmatli xo‘jalik belgilarini baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
F2 (var. religiosum × ssp. euhirsutum Omad navi) duragay kombinasiyasidan ajratib olingan A-18, A-22 shakllari, F2 (ssp. euhirsutum Omad navi × var. religiosum) duragay kombinasiyasidan C-126, C-156 shakllar urug‘lari O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “Noyob ob'ekt” g‘o‘za genofondi kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 6 noyabrdagi 4/1255-2473-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu F2 duragay kombinasiyalar “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ektini yanada boyitgan va kelgusida genetik-seleksion tadqiqotlarda foydalanish imkonini bergan;
samarali deb topilgan BNL0226, Gh064, Gh132, Gh110, BNL1421, Gh591, BNL1694, HAU0091, HAU1314, BNL1231, BNL1604, DPL0131, HAU2768, DPL0131, HAU1371 kabi SSR markerlari “Yovvoyi Avstraliya turlarining afro-osiyo g‘o‘zalari turichi xilma-xilliklari bilan o‘zaro molekulyar-filogenetik munosabatlarini va qimmatli xo‘jalik belgilarini o‘rganish” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida g‘o‘zaning filogenetik munosabatlarini va qimmatli xo‘jalik belgilarini o‘rganish maqsadida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 20 maydagi 4/1255-1238-son ma’lumotnomasi). Natijada, Gossypium L. turkumi genotiplari o‘rtasidagi genetik polimorfizm darajasini aniqlash va molekulyar markerlar yordamida o‘rganilayotgan tur va shakllarning filogenetik munosabatlariga oydinlik kiritish imkonini bergan.