Xamraev Fozilbek Yuldoshevichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi: “O‘zbek tili zamonaviy o‘zlashmalarini milliylashtirish: metodologik asoslari, manbalari va usullari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Fil4961 Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Shukurov Otabek Ulashevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy Kengash raqami: Termiz davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD 03/31.03.2021.Fil.78.04 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xoliyorov O‘ral Menglievich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent, Jo‘raeva Bibish Muhsinovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili zamonaviy o‘zlashmalarini milliylashtirishning metodologik asoslari, manbalari va usullarini ilmiy asoslash hamda ularning tilshunoslikdagi o‘rni va ahamiyatini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilining ko‘p asrlik nomlash an’analari hamda tarixiy va tadrijiy taraqqiyot jarayonlaridan kelib chiqib tilda paydo bo‘layotgan yangi o‘zlashmalarni milliylashtirishda, asosan, uning mavjud milliy an’analariga, shuningdek, xorijiy (ingliz, rus) hamda qardosh (qozoq, qirg‘iz, turk, ozarbayjon, turkman kabi) tillar tajribalariga tayanish muhimligi dalillangan;
yangi o‘zlashmalarni milliylashtirishga xizmat qiluvchi muhim manbalar sirasida hozirgi o‘zbek tilining faol leksikasi, o‘zbek xalq so‘zlari, shuningdek, tarixiylik jihatdan shakllangan zaxira lug‘at manbalari muhim o‘rin tutishi bir qancha daliliy va tavsiyaviy misollar orqali (tizim < sistema; tahlil < analiz, munozara < debat; noodatiy < anomal; ermoy < kerosin; moysochiq < salfetka; jamoa < komanda; nishona < logotip kabi) asoslab berilgan;
zamonaviy o‘zlashmalarni milliylashtirish jarayonida yangi so‘z hosil qilish modellari: semantik (havola, yuklamoq), affiksatsiya (tuzlama, dasturchi), kompozisiya (orttasvir, gulqog‘oz), sintaktik (ijtimoiy tarmoq, hisob raqam) usullardan faol foydalanish, shuningdek, kalkalash (dunyoqarash, temir yo‘l) hamda fonetik jihatdan tilning milliy tabiatiga moslash (do‘xtir < doktor, so‘qa < soxa) usullarining muhimligi ilmiy-tahliliy asosda isbotlangan;
o‘zbek tili leksikasiga so‘z o‘zlashtirish jarayonida rus tilining vositachilik roli passivlashib, asosan, ingliz tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘z olish an’anasi rivojlanayotganini e’tiborga olib, yangi o‘zlashmalarni tilimizning fonetik, leksik, semantik imkoniyatlariga moslab o‘zlashtirish zarurligi dalillab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dunyo va oʻzbek tilidagi zamonaviy o‘zlashmalarni milliylashtirish masalalarini oʻrganish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
hozirgi paytda globallashuv va internet texnologiyalarining kuchli ta’siri o‘laroq o‘zbek tilidagi zamonaviy o‘zlashmalarni milliylashtirishga kuchli zarurat mavjudligi, bu zarurat o‘zbek tilining tarixan takomillashib kelayotgan o‘z nomlash an’analariga ega ekanligi, mazkur masala echimiga qaratilgan huquqiy-me’yoriy hujjatlarning ishlab chiqilganiga oid nazariy fikrlar hamda faktik materiallardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020-2022-yillarda bajarilgan AM-F3-201908172. “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 24-sentyabrdagi 04/1-2614-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha lug‘at korpusining tuzilishiga doir yangi ilmiy manba va ma’lumotlar bilan boyigan;
hozirgi o‘zbek tilining faol so‘zlar qatlami, shevalar leksikasi va eskirgan so‘zlar, shuningdek, umumturkiy so‘zlar zamonaviy o‘zlashmalarni milliylashtirishga xizmat qiluvchi manbalar etib belgilangani va ularning yangi xorijiy so‘zlar bilan almashinish imkoniyati bilan bog‘liq ma’lumotlardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2021-2023-yillarda bajarilgan PZ – 2020042022. “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanilgan. darsligida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 23-yanvardagi 04/1-262-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyihadagi umumturkiy so‘zlar talqiniga oid ma’lumotlar nazariy va amaliy jihatdan mukammallashgan;
o‘zbek tilining so‘z yasash modellarini ishga solish, shuningdek, kalkalash va fonetik moslashtirish xorijiy so‘zlarni milliylashtirishning muhim usullari ekanligi va bu usullarning milliylik nuqtayi nazaridan turlicha qiymat kasb etishiga oid xulosalardan “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasida efirga uzatilgan “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli dasturlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokanali davlat muassasasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 0436-1012-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu dasturlar uchun tayyorlangan ma’lumotlarning mazmun ko‘lami kengaygan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.