Juraeva Kamila Komilovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Nazorat va boshqaruv tizimlari uchun mexanik kattaliklarni o‘lchovchi magnit elastik o‘zgartirgichlar, 05.01.06 – “Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari”.
Dissertatsiya mavzusi ro’yxatga olingan raqam: № B2022.3.DSc/T542
Ilmiy maslahatchi: Amirov Sulton Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko’rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.15/31.08.2022.T.73.07 raqamli Ilmiy kengash. 
Rasmiy opponentlar: Plaxtiev Anatoliy Mixaylovich, texnika fanlari doktori, professor; Mamadjanov Alisher Mamadjanovich, texnika fanlari doktori, professor, Jumaev Odil Abdujalilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti. 
II. Tadqiqotning maqsadi: nazorat va boshqaruv tizimlari uchun mexanik kattaliklarni o‘lchovchi magnit elastik o‘zgartirgichlar nazariyasi va dastlabki konstruksiyalash usullarini yanada rivojlantirish hamda ularning yangi konstruksiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mexanik kattaliklarning magnit elastik o‘zgartirgichlarini morfologik tahlil va sintez qilish bosqichida sintezlanayotgan variantlar sonini ko‘paytirish va talab etilayotgan tavsiflarga ega o‘zgartirgichlarni tanlash imkonini beradigan dastlabki konstruksiyalashning energiya-axborot va morfologik usullari rivojlantirilgan;
mexanik kattaliklar magnit elastik o‘zgartirgichlari strukturaviy tuzilishlarining barcha variantlarini o‘z ichiga olish imkoniyatini beradigan turli fizik tabiatga ega zanjirlar o‘rtasidagi bog‘liqlik topogrammasi ko‘rinishidagi bunday o‘zgartirgichlarni qurishning umumiy tamoyili ishlab chiqilgan;
keng funksional imkoniyatlarga, yuqori sezgirlik, ishonchlilik va chiziqli o‘zgartirish tavsiflariga ega bo‘lgan mexanik kattaliklar magnit elastik o‘zgartirgichlarining yangi konstruksiyalari, shu jumladan mahalliy kuchlar, burchak tezliklari va tezlashishlarini o‘lchash imkonini beradigan ilk magnit elastik o‘zgartirgichlar ishlab chiqilgan; 
barqarorlashtirilgan to‘g‘rilangan kuchlanishi tarkibidagi yuqori garmonikalar ulushini kamaytirish orqali mexanik kattaliklar magnit elastik o‘zgartirgichlari uchun kuchlanishining sifati yuqori bo‘lgan energiya ta’minoti manbalarining yangi sxemalari ishlab chiqilgan;
bir vaqtning o‘zida magnit elastik o‘zaklar magnit qarshiliklari va o‘zaklar o‘rtasidagi magnit sig‘imlari tarqoq tabiatini, shuningdek cheklangan uzunlikdagi bo‘ylama va ko‘ndalang qo‘zg‘atish chulg‘amlarining taqsimlanganligini inobatga olgan holda mexanik kattaliklar magnit elastik o‘zgartirgichlarini tahlil qilish metodikasi ishlab chiqilgan;
elektr va magnit zanjirlarining taqsimlanganligi va magnit elastik materiallar magnit tavsiflarining parametrlariga ta’sir etuvchi mexanik kuchlanishlarni hisobga olgan holda magnit elastik o‘zgartirgichlarning matematik modellari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mexanik kattaliklar magnit elastik o‘zgartirgichlarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
siquvchi kuchlarning magnit elastik o‘zgartirgichi qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan ixtiroga patent (№IAP 06441, 2021 y.) olingan. Natijada, mahalliy kuchlarni yuqori sezgirlik va aniqlik bilan o‘lchash imkoniyati paydo bo‘lgan;
o‘zgarmas kuchlanish manbai qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan ixtiroga patent (№IAP 07237, 2023 y.)  olingan. Natijada, magnit elastik o‘zgartirgichlarni sifati yuqori bo‘lgan barqarorlashtirilgan o‘zgarmas kuchlanish manbaidan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘lgan;
uch fazali kuchlanish stabilizatori qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan ixtiroga patent (№IAP 07490, 2023 y.)  olingan. Natijada, magnit elastik o‘zgartirgichlarni yuqori garmonikalarining ulushi kamaytirilgan barqarorlashtirilgan o‘zgaruvchan kuchlanish manbaidan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘lgan;
cho‘zuvchi kuchlarning magnit elastik o‘zgartirgichi qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan ixtiroga patent (№IAP 7715, 2024 y.)  olingan. Natijada, cho‘zuvchi kuchlarni yuqori aniqlikda o‘lchashga mo‘ljallangan qurilmani yaratish imkoniyati paydo bo‘lgan; 
vibrasiya parametrlarini o‘lchashga mo‘ljallangan magnit elastik o‘zgartirgich qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan ixtiroga patent (№IAP 7870, 2024 y.)  olingan. Natijada, vibrasiya parametrlarini ikkita o‘zaro perpendikulyar o‘qlar bo‘ylab o‘lchash hamda ikkita alohida mustaqil o‘lchash chulg‘amlaridan chiqish signallarini olish imkoniyati paydo bo‘lgan;
aylanish parametrlarining magnit elastik o‘zgartirgichi qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan ixtiroga patent (№IAP 7878, 2024 y.)  olingan. Natijada, burchak siljishlari, tezlik va tezlashishni o‘lchashga mo‘ljallangan qurilmani yaratish imkoni paydo bo‘lgan. 
Funksional imkoniyatlari kengaytirilgan, sezgirligi va ekstremal ish sharoitlarida ishonchliligi yuqori bo‘lgan yangi magnit elastik kuch o‘zgartirgichining qurilmasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Temiryo‘linfratuzilma” AJ “Lokomotivlarni ishlatish” boshqarmasiga qarashli “O‘zbekiston” deposida elektrovozlar tok qabul qilgichlarini diagnostikalash va texnik holatini nazorat qilish ishlab chiqarish jarayoniga qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2025 yil 10 apreldagi 4/E503- son ma’lumotnomasi). Natijada, elektrovozlar tok qabul qilgichlarini diagnostikalash va texnik holatini nazorat qilish aniqligini oshirish hisobiga kontakt osmasi kontakt simlarining xizmat muddatini oshirish hamda ularni ishdan chiqishini oldini olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish