Ergashev Otabek Erkin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida E’LON
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Elektrovozlarning yordamchi asinxron elektr dvigatellari ishonchliligini oshirish usullarini takomillashtirish”, 05.08.05 – “Temir yo‘llarning harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T5154
Ilmiy rahbar F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Kasimov Obidjon Toirdjonovich texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, DSc 15/31.08.2022.T.73.07.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Pirmatov Nurali Berdiyorovich – texnika fanlari doktori, professor; Radjibaev Davran Oktambaevich – texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat politexnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasidagi magistral elektrovozlar yordamchi asinxron elektr dvigatellarining rotor konstruksiyasini modernizatsiya qilish orqali ularning ishonchliligini oshirish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
magistral elektrovozlarning yordamchi asinxron elektr dvigatellaridagi nosozliklarini bartaraf etishda rotor chulg‘amlarining turli materiallari bo‘yicha uning umumiy qarshiliklari o‘zgarishini taqqoslash usuli materiallarning solishtirma qarshiligini baholash asosida ishlab chiqilgan;
yodamchi asinxron elektr dvigatellarda sodir bo‘luvchi o‘tkinchi jarayonlar elektromagnit induksiya qonunlari asosidagi differensial tenglamalarni qo‘llagan holda, dvigatelning elektrodinamik ko‘rsatkichlarini hisoblash imkonini beruvchi matematik modeli ishlab chiqilgan;
rotor pazlaridagi alyuminiy sterjen va halqalarini mis konstruksiyasiga o‘zgarishini inobatga olib, asinxron elektr dvigatelning oniy elektromagnit faza kattaliklarini modellashtirish usuli elektromagnit induksiya qonuniyati asosida takomillashtirilgan;
VL60 va VL80 tipli magistral elektrovozlarda mavjud bo‘lgan yodamchi asinxron elektr dvigatellarining rotor uzellari pazlaridagi quyma sterjen va halqalarini payvandlash usulini qo‘llagan holda, modernizatsiya qilish uslubiyoti ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi quyidagilardan iborat: magistral elektrovozlarning yordamchi asinxron elektr dvigatellarining ishonchliligini oshirish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida:
VL60 va VL80 tipli magistral elektrovozlardagi yodamchi asinxron dvigatellarining konstruktiv elementlari takomillashtirilganligini inobatga olgan holda, modernizatsiya qilish uslubiyoti “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJ o‘rta va kapital ta’mirlash korxonasida tadbiq qilingan (“Temir yo‘l transportida ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalarni amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida” “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJ ning 2024-yil 8-noyabrdagi dalolatnomasi). Natijada ishlab chiqilgan uslubiyot yordamida ilk bor yordamchi asinxron elektr dvigatellar rotorlarining ta’mirlash texnologik jarayonini mahalliylashtirishga erishilgan;
ilmiy tadqiqot ishi doirasida ishlab chiqilgan rotor konstruksiyasi o‘rnatilgan asinxron elektr dvigatel “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Termiz lokomotiv deposiga qarashli 3VL-80 turidagi №2460 raqamli elektrovozida foydalanilmoqda. (“Temir yo‘l transportida ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalarni amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida” Termiz lokomotiv deposining 2024-yilning 26-noyabrdagi dalolatnomasi). Natijada elektrovozlarning yordamchi tizimidagi asinxron elektr dvigatellarning ish samaradorligi oshishiga erishilgan;
tadqiqot na’munasi elektrovozlarning ANE-225-4 rusumli yordamchi asinxron elektr dvigatelida sinovdan o‘tkazilgan. (“Temir yo‘l transportida ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalarni amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida” “Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasi” ning 2024-yil 6-dekabrdagi dalolatnomasi). Natijada VL60, VL80 va Ermak 3ES5K turidagi elektrovozlaridagi magistral elektrovozlarning AE-92-4, AP-82-4, AP-81-6, NB-455 va NB-453 kabi yordamchi asinxron elektr dvigatellarining rotor uzellarini modernizatsiya qilish imkonini yaratgan;
yangi “Elektrovozlarning yordamchi asinxron dvigatellari bo‘yicha yangi ta’mir turlarini o‘zlashtirish metodikasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJga taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2025-yil 3-yanvardagi 4/E4-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJ ning yordamchi asinxron dvigatel rotorlarining mavjud bo‘lmagan ta’mir turini ishlab chiqilgan va ta’mirlash korxonasining bu turdagi asinxron elektr dvigatellar rotorlarini import qilish xarajatlarini kamatirish hisobiga 1,19 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, ta’mirlash texnologiyasini yanada optimallashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va import hajmini kamaytirish imkoniyati ortgan.