Abdazov Dilshod Raxmadjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahalliy xomashyo asosidagi o‘z-o‘zidan zichlashuvchi beton”, 05.09.05 – “Qurilish materiallari va buyumlari” (texnika fanlari bo‘yicha).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T4761
Ilmiy rahbarning F.I.Sh.: Kamilov Xabibilla Xamidovich, texnika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, DSc.26/30.12.2019.T.11.01
Rasmiy opponentlar: Soy Vladimir Mixaylovich, texnika fanlari doktori, professor;
Sottiqulov Elyor Sotimboevich, texnika fanlari doktori, yetakchi ilmiy xodim
Yetakchi tashkilot nomi: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mahalliy xomashyolardan foydalanib o‘z-o‘zidan zichlashuvchi betonlarning tarkiblarini ishlab chiqish va ularning xossalarini tadqiq etishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
foydalanilgan mineral qo‘shimchalar putsolan faolligiga ko‘ra quyidagi «mikrokremnezem > metakaolin > kul-toshqol aralashmasi > uchuvchan kul» ketma-ketlikda joylashishi va Ca(OH)2 ni mos ravishda 475.86, 293.16, 195.56, 190.26 mg/g yutishi aniqlangan;
PR-196 superplastifikatorining sement gidratatsiyasiga ta’siri turli vaqt davomida qotgan sement toshlarining IQ-spektrogrammalari va rentgen diffraktogrammalarini tahlil qilish orqali sement toshi strukturasining hosil bo‘lish mexanizmi aniqlangan;
portlandsement zarralari, superplastifikator va suvdan tashkil topgan suspenziyadagi sement zarralari orasidagi zeta potensial qiymati -3,3 mV ekanligini aniqlash natijasida PR-196 superplastifikatori nafaqat sterik, balki elektrostatik ta’sir mexanizmiga ham ega ekanligi aniqlangan;
rentgen fazaviy va IQ-spektroskopiya tahlillari natijasida «portlandsement-PR-196 superplastifikatori-suv» tizimi asosidagi sement toshida klinker minerallarining gidratatsiya kinetikasi va yangi minerallarning hosil bo'lish mexanizmiga plastifikatorning miqdori sement massasiga nisbatan 0,8% bo'lganda optimal ko‘rsatkichlarga erishilishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy xomashyo asosidagi o‘z-o‘zidan zichlashuvchi beton bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
portlandsement, granit chaqiq toshi, qum, putsolan qo‘shimchalar va superplastifikator asosida o‘z-o‘zidan zichlashuvchi beton tarkiblari “Aysel Inshaat” MChJda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasining 2024 yil 24-noyabrdagi 02/15-3584-son ma’lumotnomasi). Natijada siqilishdagi mustahkamligi 72,2 MPa bo‘lgan o‘z-o‘zidan zichlashuvchi beton olishga erishilgan;
portlandsement, granit chaqiq toshi, qum, putsolan qo‘shimchalar va superplastifikator asosida o‘z-o‘zidan zichlashuvchi betonlar olish texnologiyasi asosida yuqori mustahkam beton tarkiblari “DURABLE STONE” MChJda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasining 2024 yil 24-noyabrdagi 02/15-3584-son ma’lumotnomasi). Natijada siqilishdagi mustahkamligi 85,4 MPa bo‘lgan o‘z-o‘zidan zichlashuvchi beton olishga erishilgan.