Avezov Said Kayumovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bosh miya jarohatini o‘tkazgan bolalarning klinik-nevrologik va likvordinamik holati, hamda reabilitatsiya tadbirlarini takomillashtirish»; 14.00.13 – Nevrologiya.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2. PhD/Tib2761.
Ilmiy rahbar: Artikova Mavlyuda Abduraxmanovna, tibbiyot fanlari doktori (DSc), dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc.04/30.04.2022.Tib.93.02.
Rasmiy opponentlar: Urinov Muso Boltaevich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Usmanova Durdona Djurabaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: S.D.Asfendiyarov nomidagi Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: likvordinamik buzilishlarning klinik tashhisoti va uning oqibatlari natijalarini, shuningdek bosh miya shikastlanishi bo‘lgan bolalarning davolash-reabilitatsiya chora-tadbirlari natijalarini optimallashtirishdan iborat.
III . Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
klinik balli shkala orqali kasallikning turli davrlarida bosh miya jarohatining og‘irligini baholash mezonlari aniqlangan bo‘lib, bemor ahvolini tezda, qo‘shimcha tekshiruvlarsiz va yuqori aniqlik bilan tashhislash imkonini berishi asoslangan;
bosh miya jarohatlanishining turli klinik shakllarida jarohat mexanizmidan qat’iy nazar, bosh miya qon oqimi autoregulyasiyasining buzilishi asosan  bosh miya o‘rta arteriyasidagi qon oqimining buzilishi hisobidan kuzatilishi  isbotlangan;
bosh miya jarohatida likvordinamik buzilishlar vaqt o‘tishi bilan turli darajadagi aqliy zaiflikning (oligofreniya) yuzaga kelishiga va bu holat ayniqsa, bosh miya lat eyishining o‘tkir va o‘tkir osti davrlarida maksimal ifodalanishi asoslangan;
likvordinamik belgilar bo‘yicha turg‘un ijobiy natijalarga erishish, bosh miya lat eyishlarida nevrologik va intellektual defisitni bataraf etishda neyrometabolik (Xolina al`fosserat) terapiyaning samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
«Bosh miya jarohatini o‘tkazgan bolalarning klinik-nevrologik va likvordinamik holati, hamda reabilitatsiya tadbirlarini takomillashtirish» mavzusidagi ilmiy yangilikni boshqa sog‘liqni saqlash muassasalariga joriy etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 10 dekabrdagi 10/80-son xulosasi olingan:
birinchi ilmiy yangilik: klinik balli shkala orqali kasallikning turli davrlarida bosh miya jarohatining og‘irligini baholash mezonlari aniqlangan bo‘lib, bemor ahvolini tezda, qo‘shimcha tekshiruvlarsiz va yuqori aniqlik bilan tashhislash imkonini berishi asoslangan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: ilk bor bosh miya jarohatlarining turli davrlarida kasallikni og‘irlik darajalarini baholash mezonlari ishlab chiqildi. Klinik ball shkalasi bosh miya jarohati mavjud bo‘lgan bolalarni davolashning turli bosqichlarida: o‘tkir, oraliq va uzoq muddatli davrlarida umumiy va nevrologik holatini aniq baholaydi, bu esa patologik jarayonning kechishini dinamik nazorat qilish imkoniyatini beradi, o‘tkazilayotgan davolashning samaradorligini miqdoriy baholash imkoni paydo bo‘ladi. Bevosita klinik nevrologik tekshiruv atigi 10-15 daqiqa vaqtni oladi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: ishlab chiqilgan ball shkalasining iqtisodiy samaradorligi shundan iboratki, ushbu shkala qo‘shimcha uskunaviy va laborator tahlillarsiz, faqatgina klinik ko‘rsatkichlarga asoslanib bemorning holati yuqori aniqlikda, ±2% baholanadi, bu esa elektron moslamalarning aniqligiga teng. Taklif etilayotgan tashxislash tizimining yuqori salmog‘i ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi. BMJ bo‘lgan bemorlarni o‘tkir davrida, odatda, elektroensefalografiya (EEG) va magnit-rezonans tomografiya (MRT) yordamida tekshiriladi. Bunda davolash dinamikasida bu tekshiruvlarni kamida 2 marta bajarish zarur. Bu davlat shifoxonalarida tadqiqot davridagi narhi MRT uchun 220 ming so‘m va EEG uchun 55 ming so‘mni tashkil etadi (jami 550 ming so‘m). Klinik ball shkalasining qo‘llanilishi natijasida tekshiruvning qimmat tadqiqotlarni qo‘llamagan holda, bolalarni nazorat etuvchi tibbiyot xodimlarining vaqtini tejash imkonini beradi. Xulosalar: bosh miya jarohati olgan bolalarni umumiy va nevrologik holatini taklif etilayotgan usul yordamida baholash patologik buzilishlar og‘iirligini yuqori aniqlikda ballarda, va, mos ravishda, kasallik kechishining dinamikasini, uning bashoratini va o‘tkazilayotgan davolash chora-tadbirlari samaradorligini aniqlash imkonini beradi;
ikkinchi ilmiy yangilik: bosh miya jarohatlanishining turli klinik shakllarida jarohat mexanizmidan qat’iy nazar, bosh miya qon oqimi autoregulyasiyasining buzilishi asosan  bosh miya o‘rta arteriyasidagi qon oqimining buzilishi hisobidan kuzatilishi  isbotlangan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: miya qon oqimi dinamikasining aniqlangan buzilishlari likvor gipertenziyasiga ta’sir ko‘rsatadi, bu esa autoregulyasiya buzilishi tabiati va darajasini belgilaydi. Pulsatsion indeksning (PI) oshishi bosh miyasining engil chayqalishi qayd etilgan bemorlarda ham miya ichi gipertenziyasi rivojlanishiga olib keladi. Miya gemodinamikasini tekshirishda transkranial dopplerografiya yordamida vazospazm jadallashayotgan bemorlarni o‘z vaqtida noinvaziv usulda aniqlash imkonini beradi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: magistral qon tomirlarning miya gemodinamikasini ultratovush transkranial dopplerografiya yordamida o‘rganish natijasida likvordinamik buzilishlar, qon quyilishlari va vazospazm aniqlanadi. Miya gemodinamiikasi ko‘rsatkichlarining o‘zgarishlari miya ichi gipertenziyasining klinik alomatlari bilan yondosh kechadi. Bu ehtimoliy asoratlarni oldini olish va ular foizini pasaytirish imkonini beradi, va shu bilan birga, bemorning shifoxonada davolanish muddatini o‘rtacha 5 kunga qisqartiradi, shifoxona xarajatlarini har 1 bemorga 85000 so‘mga kamaytiradi (Buxoro tuman tibbiyot birlashmasini 1 koyko-kun narhi 170000 so‘mga teng); shifoxonada davolanish kunlarining qisqarishi dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni pasaytiradi (shifoxonada davolanishning 1 kunida o‘rtacha 100000 so‘m sarflanadi). Xulosalar: terapevtik davolashda tadqiqotning optimal usulini tanlash, o‘z vaqtida bemorlarda vazospazm rivojlanish xavfini oldini olish natijasida ikkilamchi asoratlar kamayadi. Transkranial dopplerografiya bemor ahvolining yomonlashish xavfini aniqlashda o‘zining yuqori sezuvchanligi bilan eng aniq va arzon usul ekanligi isbotladi. Mazkur usul shoshilinch tibbiy yordamga, bosh miya jarohati olgan va miya ichi bosimining doimiy noinvaziv monitoringiga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun birinchi navbatda turadigan tekshiruv sifatida maqbul deb topildi;
uchinchi ilmiy yangilik: bosh miya jarohatida likvordinamik buzilishlar vaqt o‘tishi bilan turli darajadagi aqliy zaiflikning (oligofreniya) yuzaga kelishiga va bu holat ayniqsa, bosh miya lat eyishining o‘tkir va o‘tkir osti davrlarida maksimal ifodalanishi asoslangan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: aniqlangan likvordinamik buzilishlar miyaning ishemik-gipoksik holatlarini keltirib chiqaradi, buning oqibatida bolada aqliy faoliyatning zaiflanishi kuzatiladi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: bosh miya jarohatini olgan bolalarda kasallikning turli davrlarida kognitiv holatlarini «Ravenn standart progressiv matrisasi (SPM)» testi bo‘yicha aniqlash shuni ko‘rsatdiki, qo‘shimcha laborator, uskunaviy tadqiqotlarsiz o‘tkir-o‘tkir osti bosqichlarda aqliy funksiyalar zaiflashadi, bu ehtimol bolalarda bosh miyaning morfofunksional etilmaganliligi tufayli bo‘lishi mumkin. Miya lat eyilishining o‘rta darajasi aniqlangan bemorlarda aqliy zaiflik (oligofreniya) maksimal darajada o‘tkir  va oraliq davrlarda, bir muncha kamroq - uzoq muddatli davrda namoyon bo‘ladi. Bu shifokorning keyingi vazifalarini ertaroq belgilash imkonini beradi, ehtimoliy ruhiy buzilishlar foizini kamaytirib, o‘z vaqtida tashxislash va davolash natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bosh miya jarohatdan keyingi ruhiy asoratlar oqibatida bolalar nogironligi rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan bemorlarning kognitiv holatini o‘z vaqtida aniqlash statsionarda byudjet mablag‘larini 800000 so‘mga va byudjetdan tashqari mablag‘larni 500000 so‘mga tejash, shuningdek 1 bemor bolaga har oyda 621000 so‘mlik ijtimoiy nafaqa to‘lovini tejash imkonini beradi (yiliga 7452000 so‘m). Xulosalar: bosh miya jarohatini olgan bolalar hayot davomida nevrologik, neyropsixologik va hulq-atvor muammolariga duch keladilar, ba’zida bu muammolar umrbod davom etadi. Jarohat olgan paytida bolaning yoshi qanchalik katta bo‘lsa, uning aqliy faoliyatini tiklanish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi. Bolalarda kognitiv faoliyatning buzilishi davolash va reabilitatsiyaga to‘g‘ri yondashganda o‘tib ketishi ham mumkin.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: likvordinamik belgilar bo‘yicha turg‘un ijobiy natijalarga erishish, bosh miya lat eyishlarida nevrologik va intellektual defisitni bataraf etishda neyrometabolik (Xolina al`fosserat) terapiyaning samaradorligi isbotlangan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: xolin alfosserat neyroprotektorini qo‘llash natijasida miya jarohatini olgan bemorlarni nevrologik holati va kognitiv o‘zgarishlari yaxshilanadi. O‘tkir va o‘tkir osti davrlarda bosh miya jarohatida bemor salomatligining holati tez-tez o‘zgaradi, uzoq muddatli davrda esa surunkali shaklga o‘tadi. Ba’zi hollarda o‘tkir davrdayoq xolin alfosserat neyroprotektori qo‘llanilganda miya ichi gipertenziyasi alomatlari yo‘qolganligi aniqlandi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: davolashning o‘rtacha davomiyligi, hamda bemorni statsionarda qolish muddati o‘rtacha 5 kunga qisqardi, 1 bemor hisobiga byudjet mablag‘larni 800000 so‘mga, byudjetdan tashqari mablag‘larni 500000 so‘mga tejashga erishildi. Bolalarning umumiy, nevrologik holati va kognitiv funksiyalarining barqaror va jadal ravishda yaxshilanish ko‘rsatkichlari kompleks terapiyada xolin al`fosserat olgan bemorlarda ko‘proq aniqlandi. Bosh miya jarohati oqibatida turli og‘irlikdagi «Oligofreniya» tashxisi «bolalik nogironi» deb talqin qilinadi. Xolin alfosserat qo‘llanilgandan keyin oligofreniya darajasida deb belgilangan bunday bolalar birmuncha engil - “Ruhiy rivojlanishida orqada qolish” maqomiga o‘tdilar, ya’ni ular endi nogiron deb hisoblanmaydi, negaki bu tashxis og‘ir ruhiy buzilish deb baholanmaydi. Xolin alfosseratining qo‘llanilishi statsionarda byudjet mablag‘larini 800000 so‘mga, byudjetdan tashqari mablag‘larni 500000 so‘mga tejashga imkon bergan. Shuningdek 1 bemor hisobiga har oylik 621000 so‘mlik ijtimoiy nafaqa to‘lovini tejash imkonini beradi (yiliga 7452000 so‘m). Xulosalar: bosh miya jarohatini olgan bolalarni kompleks davolashda xolin alfosserat vositasining joriy qilinishi natijasida miyada gemodinamika yaxshilandi, sensor, motor va kognitiv faoliyat 1,7 martaga oshdi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish