Allaberganov Xursand Farxodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda ekoshaharlarni loyihalashda turar-joy binolari guruhini shakllantirish masalalari”, 18.00.02-“Rayonlashtirish. Shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T4800.
Ilmiy rahbar: Xotamov Asadulla Toshtemirovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassaslar) nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura qurilish universiteti huzuridagi PhD.26/04.07.2023.T.11.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Durdieva Gavxar Salaevna arxitektura fanlari doktori, professor; Xaltursunov Erkin Berkinbaevich texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “QIShLOQQURILIShLOYIHA” DM.
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston hududida ekoshaharlarni barpo etish jarayonida turar-joy binolari guruhlarini tabiiy, texnogen va antropogen omillarning taʼsirini chuqur tahlil qilgan holda ufqqa nisbatan samarali va meʼyoriy talablarga mos holda joylashtirish tamoyillarini ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turar-joy binolari guruhlarini shakllantirishda inson salomatligini saqlashga qaratilgan sanitar-gigienik xavflarni kamaytirish bo‘yicha binolar orasidagi optimal masofalarga ta’sir etuvchi tabiiy (iqlim, relef), texnogen (transport, sanoat obektlari) va antropogen (aholi zichligi, turmush tarzi) omillar aniqlanib, ularning muvozanatli uyg‘unlashuvi orqali insolyasiya parametrlari ustuvorligi asoslangan;
Toshkent shahri sharoitida quyosh nurlanishining geokoordinatalari asosida ishlab chiqilgan grafiklar asosida ikki turar-joy binosining uzun tomonlari orasidagi minimal masofani aniqlashning takomillashgan modeli ishlab chiqilib, bunda amaldagi normativ ko‘rsatkich – 2,3 koeffisienti o‘rniga, binolar orasidagi masofa 2,13(H₁–Hₚ) formulasi asosida aniqlanishi mumkinligi asoslab berilgan;
turar-joy binolarining uzun tomoni ekvatorga parallel joylashgan holatda bino yon taraflari orasidagi masofa L = 2,13 × Hmax × 0,35 formulasi asosida, boshqa holatlarda esa amaldagi xavfsizlik va sanitar-gigiena talablariga muvofiq belgilanishi asoslanib, ushbu yondashuv orqali er maydonidan 10–15% gacha samaraliroq foydalanish imkonini beradigan turar-joy binolari guruhini shakllantirish usuli ishlab chiqilgan;
hududiy rejalashtirishda mikroiqlimni yaxshilash maqsadida turar-joy binolarining soyasi tushish chizig‘ini analitik usulda aniqlash orqali o‘t o‘chirish texnikasi harakatlanishi uchun zarur bo‘lgan yo‘laklar loyihalanib, shu asosda maysali plitkalardan foydalanishning samarali chegarasi ishlab chiqilgan va landshaft-himoya tamoyillari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda ekoshaharlarni loyihalashda turar-joy binolari guruhini shakllantirish masalalari tadqiq etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari va hududlarning master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish va ovoz berish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Shaharsozlik faoliyatini geoaxborot bilan ta’minlash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarini ishlab chiqishga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 25.02.2025 yildagi 01/2-06/2199-sonli ma’lumotnomasi). Natijada insolyasiya omili ustuvorligi asosida hududlar master rejalarini ishlab chiqishda binolar orasidagi masofalarni tadqiq etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
shu bilan birgalikda, ilmiy yangiliklari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 23 apreldagi “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 231-son qaroriga muvofiq takomillashtiriladigan shaharsozlik normativ hujjatlarni ishlab chiqish va ShNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” me’yoriy hujjatiga belgilangan tartibda tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun qabul qilingan (Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot institutining 2025 yil 2 apreldagi dalolatnomasi). Natijada loyiha tashkilotlari tomonidan hududlarda turar-joy binolari guruhlarini shakllantirishda o‘t o‘chirish mashinasi yo‘lagini loyihalashtirish uchun binolar soyasining tushish chizig‘i nuqtai nazaridan aniqlangan maysali plitkalardan samarali foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, insolyasiya parametrining ustuvorligi asosida turar-joy binolari orasidagi masofalar bo‘yicha aniqlangan koeffisientlarga asosan, loyihalanayotgan hududlardagi erdan 10-15 foizgacha tejab foydalanish imkoniyati yaratilgan.