Ibragimova Shaxnoza Nuriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «SARS-CoV-2 koronavirusini aniqlash uchun mahalliy PZR test-sistemasini ishlab chiqish», 03.00.03 – Molekulyar biologiya. Molekulyar genetika. Molekulyar biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/B849.
Ilmiy rahbar: Turdikulova Shaxlo Utkurovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ilg‘or texnologiyalar markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ilg‘or texnologiyalar markazi, DSc.03/30.07.2024.V.179.01.
Rasmiy opponentlar: Adilov Baxtiyor Shuxratovich, biologiya fanlari doktori; Ibodullaeva Nargiz Sapievna, tibbiyot fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Genomika va bioinformatika markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: SARS-CoV-2 koronavirusini biologik namunalarda aniqlash uchun real vaqtdagi teskari transkripsiyali mahalliy PZR test-sistemasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda SARS-CoV-2 koronavirus mavjudligini aniqlash uchun ikki bosqichli real vaqtdagi PZR tahlili usuli ishlab chiqilgan;
bir bosqichli real vaqtdagi mul`tipleks PZR usuli ishlab chiqish asosida SARS-CoV-2 virusi genining ikkita maqsadli regionini bir reaksiyada aniqlangan;
ilk bor praymerlar va fluoressent zondlarning optimallashtirilgan dizayniga asoslangan amplifikatsiya algoritmi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lib, u virus genomining maqsadli ketma-ketliklarida nomuvofiqliklarni minimallashtirish orqali SARS-CoV-2 ni aniqlashning yuqori analitik sezgirligi va o‘ziga xosligini ta’minlagan (ochib berilgan);
ishlab chiqilgan test-sistema natijalarining ishonchligini tasdiqlash uchun SARS-CoV-2 koronavirus variantlarining maqsadli genlari sekvenirlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. SARS-CoV-2 koronavirusini aniqlash uchun mahalliy PZR test-sistemasini ishlab chiqishdan olingan ilmiy natijalar asosida:
teskari transkripsiyali real vaqtdagi polimeraza zanjirli reaksiyasi usuli yordamida SARS-CoV-2 koronavirusi RNKsini aniqlash uchun reagentlar to‘plamiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan foydali model patenti olingan (№FAR 02010, 19.04.2022 y). Natijada, COVID-19ni tezkor tashxislash, infeksiyalangan shaxslarni tezroq aniqlash va izolyasiya qilish imkonini bergan;
SARS-CoV-2 ni aniqlash uchun ishlab chiqilgan mahalliy RT-PCR test-tizimi "BIOTEST-LAB" MChJ kompaniyasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023 yil 29 dekabrdagi 03-8/2094-son ma’lumotnomaci). Natijada, xalqaro standartlarga mos keladigan diagnostika to‘plamlarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, importga qaramlikni kamaytirish, milliy bioxavfsizlikni oshirish hamda tashxis qo‘yishni chet el analoglariga nisbatan ancha arzonlashtirish va qulaylashtirish imkonini bergan;
O‘zbekistonda SARS-CoV-2 koronavirusi mavjudligini aniqlash uchun ikki bosqichli ayni vaqtda PZR tahlili o‘tkazishda test sistemasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida kasallangan va gumon qilingan insonlarda COVID-19 virusini aniqlashda PZR tahlilini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023 yil 29 dekabrdagi 03-8/2094-son ma’lumotnomaci). Natijada, o‘z vaqtida tashhis qo‘yish, davolash strategiyasini belgilash va profilaktika chora-tadbirlarini ko‘rish imkoni yaratilgan;
SARS-CoV-2 koronavirusining nukleotidlar ketma-ketligi GenBank va National Center for Biotechology Information (NCBI) ma’lumotlar bazasida MW 856795-MW 856802 raqamlar ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Natijada, dunyoning turli mintaqalarida uchraydigan SARS-CoV-2 koronavirusi nukleotidlar ketma-ketliklari ma’lumotlari bilan taqqoslash imkonini bergan.