Musaeva Nodira Azizovna
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Axborot agentliklarining axborot jamiyati sharoitidagi taraqqiyot tendensiyalari (milliy va xalqaro tajriba)”
10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2019.3.PhD/Fil1014
Ilmiy rahbar: Mamatova Yoqutxon Muhamadjanovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, DSc.30/30.12.2019.Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar: Muxtor Xudoyqulov, filologiya fanlari doktori, dotsent; Aziza Halilova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doctor PhD.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Davlat Jahon tillari Universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Axborot agentliklarining global axborot jamiyati sharoitidagi faoliyati tendensiyalarini, ijodiy, tashkiliy va texnologik transformatsiyasi jarayonlarini, O‘zbekiston axborot agentliklari istiqbollarini ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“axborot agentligi” tushunchasi ta’rifi mediamuhitda kun tartibini shakllantiruvchi ixtisoslashgan jurnalistika infratuzilmasi bo‘lib, egalik shakli, moliyalashtirish manbai, maqsadli auditoriyasi, geografik qamrovi hamda maqsad-vazifalariga ko‘ra turli tipologik xususiyatlarga ega OAVga axborotni tezkor etkazuvchi maxsus mediakorxona ekani ilmiy-nazariy jihatdan isbotlangan;
jahonning yetakchi axborot agentliklari faoliyatida jonli efirni yo‘lga qo‘yish, sun’iy intellekt, Big Data, Chatbots omillari, podcast, ijtimoiy media, video konferensiya kabi yangi tendensiya va formatlar salmoqli materiallar yaratish, bunda raqamlarga kamroq, detal-nyuanslarga ko‘proq e’tibor qaratish hamda teleradioboshlovchilik, robotoreportyorlik amaliyotini qo‘llash natijasida jurnalist mehnati optimallashgani nazariy jihatdan dalillangan;
yetakchi axborot agentliklari samarali media-biznes subekti sifatida o‘zining teleradio va matbuot birlashmasiga egaligi, treyderlar va qimmatli qog‘ozlarga foydali sarmoya kiritish, mijozlarga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, yirik xalqaro biznes-kompaniyalariga obuna vositasida tezkor biznes-axborot etkazib berishni yo‘lga qo‘ygani bois daromadini diversifikatsiya qilish, reklama beruvchilarga o‘z maydonlarini optimal sotish, korporativ madaniyatni oshirish kabi eksklyuziv biznes modellarini tadbiq etish asosida samarali biznes tuzilmasiga aylangani nazariy jihatdan asoslangan;
O‘zbekiston axborot agentliklari tashkiliy, boshqaruv, ijodiy-texnologik yangilanish jarayonlariga yuz tutgani natijasida sun’iy intellekt, bulutli saqlash, VR/AR texnologiyalaridan, onlayn efir, podkast kabi zamonaviy formatlardan foydalanish sifat jihatidan yangi kontent ishlab chiqarish imkonini yaratgani, auditoriyada interaktivlik oshishi va axborot samaradorligiga konseptual ta’sir etayotgani nazariy-amaliy jihatdan dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. Jahonning yetakchi va O‘zbekiston axborot agentliklari tarixi, amaliyoti, faoliyati shakl va usullarini tadqiq etish asosida:
jahonning yetakchi axborot agentliklari faoliyatidagi yangi tendensiya, format va usullardan Media markaz negizida monitoring xizmati, foto-video xizmat, arxivlashtirilgan infografika kutubxonasi, teleradiokanal, jurnal, gazeta va byulletenlar faoliyatida qo‘llash amaliyoti borasidagi ilmiy nazariyalar hamda takliflardan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yaxshilash, jurnalistlarning ijodiy-texnologik mahoratini oshirish orqali axborot agentligi uzatayotgan materiallarining sifatini hamda obunachilar sonini oshirishda ilmiy-amaliy manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy axborot agentligining 2023-yil 26-iyundagi 01-23/579-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tuzilmasini optimallashtirishda, tayyorlanayotgan axborot oqimining sifatini oshirishda, jurnalistlarning ijodiy mahoratini takomillashtirishda muhim manba vazifasini bajargan;
xalqaro axborot agentliklari taraqqiyotida sun’iy intellektni qo‘llash natijasida teleradioboshlovchi, robotoreportyor kasblari paydo bo‘lishi jurnalist mehnatini engillashtirgani, axborot oqimi hajmini tezkor o‘stirgani, vaqt va mablag‘ tejalgani, dolzarb yangiliklarni birinchi bo‘lib etkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani yuzasidan berilgan xulosalardan “Dunyo” axborot agentligining ijodiy va texnik faoliyatida ilmiy-nazariy hamda ilmiy-metodik manba sifatida foydalanilgan (“Dunyo” axborot agentligining 2023-yil 24-iyundagi 189/23-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, axborot agentligida faoliyat olib borayotgan jurnalist va boshqa ijodiy xodimlarning amaliy kasbiy malakasini oshishiga yordam bergan;
jahonning yetakchi axborot agentliklari materiallarining janriy-tematik tarkibida, asosan, dolzarb siyosiy-iqtisodiy, madaniy, tibbiyotga oid, sport, ta’lim yo‘nalishidagi yangiliklar, xabarlar, reportaj, suhbat, tahliliy-tanqidiy maqola, sharh, surishtiruv materiallari o‘rin olganini, axborot olish va uzatish jarayonlarida gazeta hamda axborot agentligi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari bir xil kechmasligini, har ikki tashkilot uzatgan axborotning kontent talabi jihatidan janri, tili, uslubi muhimligini inobatga olgan holda berilgan tavsiya hamda xulosalardan “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining jurnalistlari hamda xodimlari tomonidan axborot agentliklaridan axborot olish va uzatishni to‘g‘ri tashkil etishda qo‘llanma sifatida foydalanilgan (“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining 2023-yil 22-iyundagi 116-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, interfaol hamkorlik aloqalari doirasini kengaytirish, axborot olishda odob-axloq qoidalariga rioya etish kabi kasbiy indikatorlarni yaratish imkonini bergan;
axborot agentliklari faoliyati bevosita internetdagi veb-sayti orqali amalga oshirilishini hisobga olgan holda, elektron materiallarning janriy-tematik tarkibini kengaytirish, zamonaviy shakllarda axborot taqdim etish, foto-videotasvir va infografikadan foydalanish masalalari bo‘yicha olingan nazariy xulosalar “Kun.uz” axborot-tahliliy internet nashri sifatini yaxshilashda qo‘llangan (“Kun.uz” MChJning 2023-yil 06-iyuldagi 08-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu elektron nashr kontentini zamonaviy formatlarda uzatish hamda sifatini oshirish uchun kerakli manba bo‘lib xizmat qilgan.