Muxsinova Zebiniso Suxrobovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XIX-XXI asr boshlarida Buxoro badiiy kandakorligi: tarixiy bosqichlar va mahalliy o‘ziga xoslik”, 17.00.04 – Tasviriy va amaliy bezak sanʼati (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/San210.
Ilmiy rahbar: Xakimov Akbar Abdullaevich, O‘zR FA akademigi, O‘zBA akademigi, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: San’atshunoslik instituti, DSc.02/30.12.2019. San.51.01.
Rasmiy opponentlar: Davlatova Saodat Tilovberdievna, tarix fanlari doktori, professor; Abdullaeva Shahlo Qurbonbo‘rievna, san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX-XXI asr boshlarida Buxoro badiiy kandakorligining tarixiy bosqichlari va mahalliy o‘ziga xosliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarixiy-ijtimoiy o‘zgarishlar kesimida vujudga kelgan buyumlarning markaziy qismiga portret va ramziy tasvirlarning kiritilishi, epigrafikada arab va kirill yozuvlaridan foydalanilishi, pardoz ishlarida qo‘llaniladigan “savotkori” texnikasida azot kislotasining ishlatilishi kabi badiiy tendensiyalar asosida Buxoro kandakorlik maktabining rivojlanish bosqichlari XIX asr oxiri – XX asr boshi, XX asr oxiri (mustaqillik yillari), XXI asr (yangi avlod vakillari – 2010-yillar) kabi uch davrga bo‘linishi aniqlangan;
Buxoro kandakorlik maktabi mahalliy xususiyatlarining boshqa hunarmandlik markazlaridan tafovutli jihatlari an’anaviy kvadrat “chorkunj” patnisi faqatgina ushbu hudud kandakorligiga xosligi, Buxoro oftobasi Xiva va Farg‘ona kandakorligining shu turdagi suv uchun mo‘ljallangan idishlaridan o‘lchami va hajmi, kandakorlik naqshlari Shahrisabz, Qarshi, Qo‘qon va Marg‘ilon kabi markazlarning naqshlariga nisbatan yirikligi, yaxlitligi va mumtoz bezak uslubi bilan farqlanishida namoyon bo‘lishi asoslangan;
XX asr oxiri – XXI asr boshi (2010-yilgacha) oralig‘ida faoliyat yuritgan T.Qosimov, U.Aliev, S.Muxsinov, A.Avezov, Q.Sodiqov singari ustalar ijodida Buxoro kandakorligiga xos shakl va naqshlarning mumtoz anʼanalari saqlanib qolgani hamda xayrixohlik va “Qurʼon” mazmunidagi matnlar bitishda arab yozuvidan foydalanish anʼanasi tiklangani isbotlangan;
turistik oqimning kengayishi va bozor iqtisodiyoti ta’siri natijasida yangi avlod ustalari tomonidan tempera bo‘yoqlari qo‘llanilishi, buyumlar markaziy qismida arxitektura yodgorliklari, naturalistik hayvonot dunyosi, portret tasvirlari kiritilishi kandakorlik buyumlarining umumiy badiiy sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX – XXI asr boshlarida Buxoro badiiy kandakorligi: tarixiy bosqichlar va mahalliy o‘ziga xosligini tadqiq etish yuzasidan ishlab chiqilgan xulosa va takliflar asosida:
tarixiy-ijtimoiy o‘zgarishlar kesimida vujudga kelgan buyumlarning markaziy qismiga portret va ramziy tasvirlarning kiritilishi, epigrafikada arab va kirill yozuvidan foydalanilishi, pardoz ishlarida qo‘llaniladigan “savotkori” texnikasida azot kislotasining ishlatilishi kabi badiiy tendensiyalar asosida Buxoro kandakorlik maktabining rivojlanish bosqichlari XIX asr oxiri – XX asr boshi, XX asr oxiri (mustaqillik yillari), XXI asr (yangi avlod vakillari – 2010-yillar) kabi uch davrga bo‘linishi aniqlangan va XX asr oxiri – XXI asr boshi (2010-yilgacha) oralig‘ida faoliyat yuritgan T.Qosimov, U.Aliev, S.Muxsinov, A.Avezov, Q.Sodiqov singari ustalar ijodida Buxoro kandakorligiga xos shakl va naqshlarning mumtoz an’analari saqlanib qolgani hamda xayrixohlik va “Qur’on” mazmunidagi matnlar bitishda arab yozuvidan foydalanish anʼanasi tiklangani isbotlangani bo‘yicha olingan xulosalardan O‘zMTRK “Maʼrifat” ijodiy birlashmasi” tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanali doirasidagi “Mavzu” hamda “Ibtido” ko‘rsatuvlarining kandakorlik va metallsozlikka bag‘ishlangan sonlarida ssenariy yaratish uchun foydalanilgan (“O‘zbekiston” teleradiokompaniyasining 2025-yil 26-martdagi 01-30/182-son ma’lumotnomasi). Natijada Buxoro metallsozligi, kandakorlik sohasining tadrijiy rivojlanish yo‘li, mahalliy ustalarning faoliyatiga doir ma’lumotlar tomoshabinda mahalliy maktab hunarmandchiligi haqidagi tasavvurni hosil qilish va estetik qarashlarni shakllantirishga xizmat qilgan;
Buxoro kandakorlik maktabi mahalliy xususiyatlarining boshqa hunarmandlik markazlaridan tafovutli jihatlari an’anaviy kvadrat “chorkunj” patnisi faqatgina ushbu hudud kandakorligiga xosligi, Buxoro oftobasi Xiva va Farg‘ona kandakorligining shu turdagi suv uchun mo‘ljallangan idishlaridan o‘lchami va hajmi, kandakorlik naqshlari Shahrisabz, Qarshi, Qo‘qon va Marg‘ilon kabi markazlarning naqshlariga nisbatan yirikligi, yaxlitligi va mumtoz bezak uslubi bilan farqlanishida namoyon bo‘lishi asoslangani bo‘yicha olingan xulosa va takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining “O‘zbekiston islom san’ati jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihasida qo‘llanilgan hamda muzeyning “San’at va hunarmandchilik” zalida kandakorlik ekspozisiyasini takomillashtirishda hamda muzeydagi multimedia mahsulotlari ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2025-yil 24-martdagi 05-14/128-sonli ma’lumotnomasi). Natijada muzey ekspozisiyasidagi kandakorlik buyumlari mahalliy xususiyatlardan kelib chiqqan holda tasniflangan, media mahsulotlaridagi ma’lumotlar ilmiy jihatdan asoslangan;
turistik oqimning kengayishi va bozor iqtisodiyoti ta’siri natijasida yangi avlod ustalari tomonidan tempera bo‘yoqlari qo‘llanilishi, buyumlar markaziy qismida arxitektura yodgorliklari, naturalistik hayvonot dunyosi, portret tasvirlari kiritilishi kandakorlik buyumlarining umumiy badiiy sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aniqlangani yuzasidan chiqarilgan taklif va tavsiyalardan Qo‘qonda tashkil etilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rik-tanlov va konferensiyalar konsepsiyalarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasining 2025-yil 13-martdagi 01-01/312-son ma’lumotnomasi). Natijada an’anaviy hunarmandchilik an’analarining davomiyligi yuqoridagi tadbirlarda ustuvor mezon ekanligiga, badiiy xususiyatlarning bozor iqtisodiyoti sharoitida saqlanishi targ‘ibotiga xizmat qilgan.