Raxmanov Shuxrat Naimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon 
 

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “Xalqaro tashkilotlarning diplomatik huquqi: O‘zbekiston Respublikasining doktrinasi va xaqaro huquqiy amaliyoti”, 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Yu211
Ilmiy maslahatchi: Saidova Lola Abduvaxidovna, yuridik fanlar doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.  
IK faoliyat koʻrsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: DSc.11/25.08.2022.Yu.24.01.
Rasmiy opponentlar: Toshev Boboqul Norqobilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Eshmatova Feruza Farxadovna, yuridik fanlar doktori, dotsent; Ismailov Baxodir Islamovich, yuridik fanlar doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqot maqsadi xalqaro tashkilotlar diplomatik huquqining O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va tashqi siyosiy amaliyotiga nisbatan huquqiy tabiati va zamonaviy doktrinal rivojlanishini aniqlash hamda ilmiy-nazariy va amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Xalqaro huquq fanida O‘zbekiston Respublikasining diplomatik amaliyoti va tashqi siyosat yuritish tajribasi tahlili asosida “xalqaro tashkilotlarning diplomatik huquqi”, “davlatlarning xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonasi” va “xalqaro tashkilotlarning a’zo davlatlardagi vakolatxonasi” tushunchalariga mualliflik ta’rifi ishlab chiqilgan va ular ilmiy muomalaga kiritilgan;
Davlatning xalqaro tashabbuslarini samarali amalga oshirish, tashqi siyosatining institutsional asoslarini mustahkamlash hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda milliy manfaatlarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalari faoliyatining samaradorligini oshirish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga asosan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash, ularni lavozimidan ozod etish hamda ularning faoliyatiga doir hisobotlarni eshitish tartibini joriy qilish zaruriyati ilmiy asoslab berilgan;
Xalqaro tashkilotlarning a’zo davlatlar hududidagi vakolatxonalari hamda ularning xodimlari uchun imtiyoz va immunitetlar hajmini belgilash maqsadida Global yashil o‘sish instituti (GGGI) xalqaro tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Global yashil o‘sish institutining huquqiy maqomi hamda imtiyoz va immunitetlari to‘g‘risida bitim imzolash zarurligi asoslantirilgan;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etuvchi delegatsiyalari xalqaro-huquqiy maqomini mustahkamlash hamda davlatning xalqaro maydondagi manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar yoki konferensiyalar qoshidagi vakolatxonalari rahbarlariga xalqaro shartnoma matnini qabul qilish jarayonida diplomatik vakolatxona joylashgan davlat yoki tegishli xalqaro tashkilot, konferensiya doirasida alohida vakolatlarni tasdiqlash zaruratisiz muzokaralar olib borish vakolatiga ega ekanligi ilmiy asoslab berilgan;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili hamda mas’ul xodimlari lavozimlariga tayinlash jarayonini institutsional mustahkamlash va kadrlar salohiyatini rivojlantirish maqsadida kadrlar zaxirasiga tanlangan shaxslarni (nomzodlarni) maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish uchun yuborish mexanizmi ilmiy asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining yagona huquqiy kategoriya sifatida “diplomatik vakolatxonalar” deb atalishi zarurligi asoslab berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xalqaro tashkilotlarning diplomatik huquqi: O‘zbekiston Respublikasining doktrinasi va xalqaro-huquqiy amaliyoti mavzusida olib borilgan tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Xalqaro tashkilotlarning diplomatik huquqi”, “davlatlar vakolatxonasi” va “xalqaro tashkilotlar vakolatxonasi” tushunchalarining mualliflik ta’rifi “Xalqaro ommaviy huquq” darsligi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil martdagi 110-son buyrug‘i bilan nashr qilishga ruxsat berilgan). Bu yangi bilimlar berish va ko‘nikmalarni shakllantirishda manba bo‘lib xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish hamda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitishi lozimligi va O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalarining rahbarlarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etishiga doir taklif “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 95- va 109-moddalarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining 2023-yil 5-maydagi 04/6-07-17-son dalolatnomasi). Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslarini samarali amalga oshirish, tashqi siyosatining institutsional asoslarini mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda milliy manfaatlarni himoya qilish hamda vakolatxonalar maqomini mustahkamlash bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalar rahbarlarini tayinlash masalasiga huquqiy echim va oydinlik kiritishga xizmat qiladi;
Global yashil o‘sish instituti (GGGI) xalqaro tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Global yashil o‘sish institutining huquqiy maqomi hamda imtiyoz va immunitetlari to‘g‘risida bitim imzolash zarurati to‘g‘risidagi taklif “Global yashil o‘sish istitutining huquqiy maqomi hamda imtiyoz va immunitetlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Global yashil o‘sish instituti o‘rtasida Toshkent shahrida 2021-yil 22-mayda va Seul shahrida 2021-yil 25-mayda imzolangan Bitimda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021-yil 15-fevraldagi 12/21-08-son dalolatnomasi). Ushbu taklif xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining mamlakatimizdagi huquqiy maqomini mustahkamlashga xizmat qilib, ularning boshqaruv organlari, xodimlari, mutaxassislari va tashkilot bilan bog‘liq boshqa shaxslarning vazifalarini samarali bajarishini ta’minlash bilan birga, tashkilotning xalqaro miqyosda faoliyat yuritishi uchun tegishli huquqiy maqom, imtiyoz va immunitetlarga ega bo‘lishi zarurligini kafolatlashga asos yaratadi; 
“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonunining (06.02.2019-yildagi O‘RQ-518-son) “Vakolatlarni ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash” deb nomlangan 16-moddasining 4-bandi quyidagi mazmundagi norma bilan to‘ldirildi: “O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshlig‘i yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot yoki konferensiya qoshidagi vakolatxonasi boshlig‘i xalqaro shartnoma matnini qabul qilish maqsadida diplomatik vakolatxona joylashgan davlat bilan yoki mazkur xalqaro tashkilot, konferensiya doirasida vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga haqli” (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining 2023-yil 7-sentyabrdagi 04/16-08-42-son dalolatnomasi). Mazkur taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama hamkorligining huquqiy asoslarini takomillashtirish, shuningdek, mamlakatning xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etuvchi delegatsiyalari xalqaro-huquqiy maqomini mustahkamlash orqali davlatning xalqaro maydondagi manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi buyurtmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalardagi maslahatchi-vakili, maslahatchisi (shu jumladan, savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha), birinchi kotibi, ikkinchi kotibi, uchinchi kotibi, attashesi lavozimlariga tayinlash maqsadida kadrlar zahirasiga tanlangan shaxslar (nomzodlar) Diplomatik akademiya o‘quv kurslarida malaka oshirish uchun yuborilishi haqidagi taklifi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 
10-yanvardagi 8-son qarori bilan tasdiqlangan Jahon iqtisodiyotn va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada diplomatik lavozimlarga tayinlanadigan nomzodlarni o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 2-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2023-yil 10-iyundagi 12-15-33-sondalolatnomasi). Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili hamda mas’ul xodimlarini lavozimga tayinlash jarayonini institutsional mustahkamlash va kadrlar salohiyatini rivojlantirish maqsadida kadrlar zaxirasiga tanlangan shaxslarni maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish uchun yuborish mexanizmi ilmiy asoslab berilgan va amaliyotga joriy etilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish