Ubaydulla Mamat o‘g‘li Ismoilovning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Ohangaron vodiysi qadimgi va o‘rta asrlar davri shaharlarining shakllanishi va rivojlanish surati (Suyirlitepa yodgorligi misolida)”. 07.00.01 – “O‘zbekiston tarixi” va 07.00.01 – “Arxeologiya”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2024.4.PhD/Tar1183
Ilmiy rahbar: Ahmadali Asqarov, tarix fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Azimxo‘ja Muzaffarovich Otaxo‘jaev, tarix fanlari doktori, professor;
Surat Shavkatovich Kubaev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ohangaron havzasining qadimgi va o‘rta asrlardagi shaharlari, Suyirlitepa arxeologik majmuasida shaharning paydo bo‘lishi, shakllanishi jarayonlari va rivojlanishini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ohangaron vodiysi shaharlari tabiiy-geografik joylashuviga ko‘ra tog‘oldi-adirlik (Suyurlitepa, Tunkat, Abrliq) va tekislik mintaqasi shaharlari (Qanqa, Banokat) kabi ikki asosiy tipga ajratilib, tog‘oldi shaharlarining himoya tizimi hududning tabiiy relefiga asoslanganligi, sun’iy xandaqlar va mudofaa devorlariga ehtiyoj bo‘lmaganligi aniqlangan.
Suyirlitepa o‘rnidagi shaharning Farg‘ona vodiysi bilan chegarada ekanligi, yodgorlik joylashgan hududning hozirga qadar Ovjas (Avjas) toponimi bilan yuritilganligi aniqlanib, yozma manbalardagi (“Hudud ul-olam”) tarixiy tavsiflarda tilga olingan chegara shahar Alaxjas (Alxonjas) o‘rni shu erga to‘g‘ri kelishi dalillangan.
Suyurlitepada topilgan qoraxoniylar davriga oid tangalar, to‘q yashil rangdagi sirlangan sopollar va qurol-yarog‘lar tahlili asosida shahar hayoti XIII asr boshlariga qadar davom etganligi aniqlangan.
Suyurlitepada aniqlangan katakombali (erosti dahmasi ko‘rinishida) qabrlar, mozor-qo‘rg‘onlar va islomiy qabrlar asosida aholi dafn marosim hamda diniy an’analarining otashparastlik, zardushtiylik, islom asosidagi uch bosqichli tarixiy-evolyusion o‘zgarishga uchraganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Ohangaron vodiysi qadimgi shaharlarining tabiiy-geografik joylashuvi asosida tog‘oldi-adirlik (Suyurlitepa, Tunkat, Abrliq) va tekislik (Qanqa, Banokat) tipidagi shaharlar farqlanib, tog‘oldi shaharlarining tabiiy relef orqali himoyalanganligi, u erda sun’iy xandaq va mudofaa devorlariga ehtiyoj bo‘lmaganligi aniqlangan. Ushbu ilmiy xulosa asosida Ohangaron vodiysi shaharlarining joylashuvi va himoya tizimi to‘g‘risidagi yondashuvlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Ko‘hna manzillar” va “Moziyga qaytib” dasturlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbeksiton tarixi” telekanali davlat-unitar korxonasining 2024 yil 9 sentyabrdagi 06-28-767-sonli ma’lumotnomasi).
Suyurlitepa yodgorligining Farg‘ona vodiysi bilan chegaradosh hududda joylashgani, Ovjas (Avjas) toponimi orqali “Hudud ul-olam”da qayd etilgan Alaxjas (Alxonjas) chegara shahri bilan geografik muvofiqligi, ushbu yodgorlikning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy shahar sifatida qadimiy manbalardagi tavsiflar bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi. Bu ilmiy natijalar “Toshkent tilsimlari” nomli ko‘rsatuvda vizual sahnalar asosida keng jamoatchilikka taqdim etilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbeksiton tarixi” telekanali davlat-unitar korxonasining 2024 yil 9 sentyabrdagi 06-28-767-sonli ma’lumotnomasi).
Suyurlitepada topilgan qoraxoniylar davriga oid tangalar, to‘q yashil sirlangan sopollar va qurol-yarog‘lar majmuasi shahar hayotining XIII asr boshlariga qadar davom etganligini ko‘rsatib, qadimiy shaharning iqtisodiy va harbiy faoliyati haqida yangi ilmiy tasavvurlarni shakllantirdi. Ushbu topilmalar O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyining yangilanayotgan ekspozisiyasini boyitish uchun topshirildi. (O'zbekiston Fanlar akademiyasining 2024 yil 14 oktyabrdagi 3/1255-2280 sonli ma’lumotnomasi). Shuningdek, 2023 yil 18-may kuni “Muzeylar kuni” munosabati bilan Olmalik KMK “Metallurg” madaniyat saroyida Suyirlitepa yodgorligidan topilgan topilmalarning 350 donasi ishtirokida ko‘rgazma tashkil etilib, hozirga qadar faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, Tunkat yodgorligini “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga aylantirish bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda albom-loyiha tayyorlangan.
Suyurlitepadan aniqlangan katakombali (erosti dahmasi ko‘rinishidagi), zardushtiy mozor-qo‘rg‘onlar va islomiy qabrlar asosida aholi dafn marosimlarining uch bosqichli (otashparastlik, zardushtiylik va islom) evolyusiyasi aniqlanib, bu orqali diniy an’analar va e’tiqodlar tarixiy davomiylikda tahlil etildi. Tadqiqot natijalari “O‘zbeksiton tarixi” telekanalining “Moziyga qaytib” ko‘rsatuvida ommaga taqdim etildi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbeksiton tarixi” telekanali davlat-unitar korxonasining 2024 yil 9 sentyabrdagi 06-28-767-sonli ma’lumotnomasi).
Ilmiy kengash ilmiy kotibi X.S. Jumanazarov
Ilmiy rahbar A.A. Asqarov
Talabgor U.M. Ismoyilov