Narmatov Sardor Esirgapovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlarida biostimulyator hamda bioo‘g‘itlar ta’sirida o‘zgaruvchan nomzod genlarni tavsiflash», 03.00.14 - Genomika, proteomika va bioinformatika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/V958.
Ilmiy rahbar: Darmanov Muxtor Muxammadovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Genomika va bioinformatika markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc 02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Adilov Baxtiyor Shuxratovich biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Turaev Ozod Sunatillaevich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Mikrobiologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlarida qo‘llanilgan biostimulyator hamda bioo‘g‘itlarni morfo-biologik va agronomik belgilariga, shuningdek stress omillarda ishtirok etuvchi nomzod genlar ekspressiyasiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlarida Rizokom-1 va Mikrozim-2 biopreparatlari qo‘llanilganda nazorat variantiga nisbatan 2-3 kunga erta gullashiga hamda hosilning 3-5 kun erta pishishi isbotlangan;
ilk marotaba qurg‘oqchilik va tuzli stressi sharoitida Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlariga Rizokom-1 va Mikrozim-2 biopreparatlar bilan ishlov berilgan namunalarda nazoratga nisbatan hosil elementlari soni 15 foizdan 26 foizgacha, hosildorligi 7 s/ga oshganligi aniqlangan;
ilk bor Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlarida qurg‘oqchilik sharoitida Rizokom-1 biopreparati qo‘llanilganda abiotik stress omillariga aloqador SOD, POD, CAT, APX, GPX, GR genlar ekspressiya darajasi nazorat variantiga nisbatan 32,2 % dan 66,6 % gacha yuqoriligi, Mikrozim-2 biopreparati qo‘llanilganda esa ushbu genlar ekspressiya darajasi nazorat variantiga nisbatan 43,2 % dan 74,5 % ga yuqorili ekanligi isbotlangan;
tuzli stress muhitda 100 mM NaCl eritmasi Porloq-4 g‘o‘za navida Rizokom-1 biopreparati bilan ishlov berilganda genlar ekspressiyasi nazoratga nisbatan GPX 89,1 %, APX 87,2 %, GR 81,5 % gacha oshganligi, Mikrozim-2 biopreparatida esa genlar ekspressiya darajasi nazorat variantiga nisbatan mos ravishda 90,1 %, 83,7 %, 86,1% ga yuqoriligi aniqlangan;
Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlariga biopreparatlar bilan ishlov berilganda shonalash, gullash, ko‘saklash va pishish fazalarida xlorofill miqdori nazorat variantiga nisbatan sezilarli darajada (P <0,0001) yuqori ekanligi, hamda fotosintez kvant samaradorligini ko‘rsatuvchi YIELD parametri nazoratga nisbatan 5-10 kun erta boshlanganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlarida Rizokom-1 va Mikrozim-2 biopreparatlar ta’sirida o‘zgaruvchan (SOD, POD, CAT, APX, GPX, GR) nomzod genlarni tavsiflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
g‘o‘zaning turli abiotik ta’sirlarga chidamliligini yahshilashda biopreparatlar ta’sir mexanizmlaridan A-FA-BV-2019-6-sonli “Porloq g‘o‘za navlariga biostimulyatorlar, bioo‘g‘itlar va himoya vositalari orqali personallashtirilgan qishloq xo‘jaligini qo‘llash” mavzusidagi amaliy loyihaning bajarilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 13 noyabdagi 4/1255-2536-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rta tolali mahalliy Porloq-4 va Ravnaq-1 g‘o‘za navlarida biostimulyatorlar hamda bioo‘g‘itlardan foydalanib, g‘o‘zaning bir nechta abiotik va biotik stresslarga chidamliligiga aloqador nomzod genlarga ta’sirini (ekspressiyasini) aniqlash imkonini bergan.
Porloq-4 g‘o‘za navida turli biopreparatlarni kompleks agrotexnik tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi “Shayzoq ota” fermer xo‘jaligining o‘rtacha sho‘rlangan 25 gektar maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 10 noyabdagi 07/21-06/1411-son ma’lumotnomasi). Natijada, hosildorlik nazoratga nisbatan 7 s/ga oshgan va 3-5 kunga erta pishib etilishiga erishilgan. Tadqiqotlar asosida Sirdaryo viloyati tuproq iqlim sharoitida “Porloq-4” g‘o‘za navida biopreparatlarni qo‘llab parvarishlash orqali personallashtirilgan qishloq xo‘jaligini yuritish bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilgan.