Xatamov Azizbek Yaxraqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Baliqchilik va parrandachilikda ozuqabop o‘tlarni maydalagich qurilmaning fraksiyalash moslamasi parametrlarini asoslash” 05.07.01 – “Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” ixtisosligi (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/T4507
Ilmiy rahbar: Astanaqulov Komil Dullievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, PhD.03/28.08.2024.T.181.02
Rasmiy opponentlar: Eshdavlatov Eshpo‘lat Uzakovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Karimov Yoqub Ziyodullaevich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: baliqchilik va parrandachilikda foydalaniladigan ko‘k o‘tlarni maydalagich qurilmaga fraksiyalash moslamasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash orqali ozuqaning edirimliligi va samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
baliq va parrandalarga ko‘k holdagi o‘tlarni maydalab ozuqa tayyorlashda qo‘llaniladigan maydalash qurilmasi fraksiyalash moslamasi qo‘yish orqali takomillashtirilgan;
ozuqabop o‘tlarni maydalash va saralash qurilmasida ozuqalarni saralashni ta’minlashi uchun g‘alvirlarning parametrlari maydalagich barabandan chiqib kelayotgan maydalangan ozuqani g‘alvirga kelib tushish tezligi va miqdoriga bog‘liq holda aniqlangan;
fraksiyalash moslamasining tebranishlar soni va amplitudasi maydalagich barabandan aralash holda kelayotgan maydalangan ozuqani kerakli o‘lchamdagi fraksiyalarga ajratib olishni ta’minlash shartidan asoslangan;
fraksiyalash moslamasida maydalangan ko‘k holdagi ozuqalarning mayda va o‘rta fraksiyalar g‘alvirlari bo‘ylab harakatlanishning mohiyati va ular orasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlash imkonini beradigan analitik bog‘lanishlar olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: baliqchilik va parrandachilikda ozuqabop o‘tlarni maydalash qurilmasining fraksiyalash moslamasi parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ozuqabop o‘tlarni maydalash qurilmasining fraksiyalash moslamasiga dastlabki talab va texnik topshiriq ishlab chiqilgan, tasdiqlangan va loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 23-oktyabrdagi 05/04-04-524-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘k poyali ozuqalarni maydalash qurilmasi uchun maydalangan ozuqalarni kerakli o‘lchamdagi fraksiyalarga ajratib beradigan fraksiyalash moslamasining konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
fraksiyalash moslamasiga ega ozuqabop o‘tlarni maydalash qurilmasi Jizzax viloyatining Sharof Rashidov, G‘allaorol va Zarbdor tumanlaridagi baliqchilik va parrandachilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar va fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 23-oktyabrdagi 05/04-04-524-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud qurilmaga nisbatan baliq va parrandalar uchun tayyorlangan ozuqaning sifati va edirimligi ortishi, nobudgarchiligi kamayishi hamda ozuqa ratsionini yaxshilash va sifatli go‘sht etishtirish imkoniyati oshishiga erishilgan;
fraksiyalash moslamasiga ega maydalagich qurilmani ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik xujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «AGRIXIM» MChJda ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 23-oktyabrdagi 05/04-04-524-son ma’lumotnomasi). Natijada, ozuqabop o‘tlarni maydalash va o‘lchami bo‘yicha fraksiyalarga ajratish uchun metall va material hajmdorligi kam bo‘lgan qurilmani ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.