Shermatova Feruza Abdurashid qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yorug‘lik diodlari bilan optik damlanadigan neodimli lazerlar”, 01.04.11 – Lazer fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/FM1163.
Ilmiy rahbar: Payziev Shermaxamat Dalievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.09.2020.FM.55.04.
Rasmiy opponentlar: Boltaev Ganjaboy Sapaevich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Eshchanov Bahodir Xudayberganovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi to‘g‘ridan-to‘g‘ri optik damlash sharoitida yorug‘lik diodi energiyasini lazer nurlanishiga aylantirish samaradorligini cheklovchi asosiy omillarni aniqlash va neodimli lazer kristallari asosida yuqori samarali lazer qurilmalarini ishlab chiqish bo‘yicha echimlarni taklif qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yorug‘lik diodlarining nurlanish jarayonlarini modellashtirish uchun yorug‘lik diodi qurilmalarining texnik tavsifnomasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fazoviy va spektral parametrlarini hisobga olish imkonini beruvchi yangi yondashuv taklif etilgan;
ilk bor yorug‘lik diodlari bilan optik damlanadigan lazerlarning simulyasiya modellari Monte-Karlo foton yo‘lini kuzatish usuli asosida ishlab chiqilgan;
yorug‘lik diodi bilan optik damlanadigan lazer tizimlarida egrilangan sirtli lazer kvantronlarining tekis sirtli kvantronlarga qaraganda yutilish va energiya uzatish samaradorligi 5-6% yuqori ekanligi modellashtirish natijalari asosida aniqlangan;
yorug‘lik diodi bilan optik damlanadigan lazer tizimlarida Nd:KGW lazer sterjeni Nd:YaG ga nisbatan yuqori salohiyatga ega ekanligi aniqlangan;
yorug‘lik diod nurlanishining temperaturaga bog‘liq spektral siljishi lazer faol muhitining yutilish xususiyatlariga ta’sir qilishi, xususan, 3-5 nm ga spektral siljish natijasida yutilish samaradorligining 5% dan ko‘proq qiymatga kamayishi aniqlangan;
ko‘k yorug‘lik diodlari bilan ko‘ndalang optik damlangan Ce:Nd:YaG lazer tizimi asosida 10% optik samaradorlikka va 30 W dan ortiq lazer chiqish quvvatiga erishish mumkinligi simulyasiya natijalari asosida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yorug‘lik diodi yordamida optik damlanadigan Nd:YaG, Ce:Nd:YaG va Nd:KGW lazer faol muhitlarida yutilish, issiqlik xususiyatlari va lazer nurlanish xarakteristikalarini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar quyidagi ilmiy-tadqiqot loyihalariga tatbiq etilgan:
uglerod nanotrubkalari kompyuter modelini yaratish uchun U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida olib borilgan “Uglerodli nanostrukturalardan atomlarning sochilishi, adsorbsiyasi va inkapsulyasiyasi jarayonlarini modellashtirish va sferik fullerenlardan elektronlarning elastik sochilishini nazariy tadqiq etish” byudjet mavzusidagi fundamental tadqiqotlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 17 dekabrdagi 2/1255-2798-sonli ma’lumotnomasi). Olingan natijalardan foydalanish uglerodli nanotrubkalarda atomlarning sochilishida temperatura ta’sirini baholash imkonini bergan;
ilk bor bir xil bo‘lmagan domen tuzilmali kristallarda uchinchi garmonik avlodni amalga oshirishda domenlar ketma-ketligini optimallashtirish uchun Monte-Karlo usuliga asoslanib ishlab chiqilgan algoritmlar Toshkent davlat texnika universitetida olib borilgan “Nochiziqli foton kristallarda femtosekund davomiylikdagi lazer impulslarining parametrik ta’siri natijasida – ko‘p rangli o‘ta qisqa lazer impulslarining manbaini olish usullarini yaratish” mavzusidagi Uzb-Ind-2021-96 loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat texnika universitetining 2024-yil 11-oktyabrdagi 01/9-14-1717-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi chiziqli bo‘lmagan fotonik kristallarda qisqa lazer impulslarini parametrik kuchaytirish bo‘yicha muhim ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lib, bu o‘z navbatida innovatsion optimallashtirish usullarini ishlab chiqish imkonini bergan.