Eshboeva Tursuntosh Soxatmamatovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilidan fransuz tiliga tarjima qilingan she’rlarning lingvopoetik tahlili” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2642
Ilmiy rahbar: filologiya fanlari doktori, professor Qarshibaeva Uljan Davirovna
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.2019.Fil.83.01
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Xayrullaev Xurshidjon Zaynievich; filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Zoirova Aziza Ibragimovna
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidan fransuz tiliga tarjima qilingan she’rlarni lingvopoetik tahlil etish orqali sohaning nazariy va amaliy masalalarini yoritish, uning rivojlanish bosqichlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilidagi she’rlarning fransuz tiliga tarjimasida mazmun va ritm saqlanishi hamda ijodkor ruhiyatini ifodalashda qo‘llanilgan epitet, metafora, qiyoslashlar obrazlilik va ta’sirchanlikni ta’minlovchi muhim uslubiy vosita ekanligi aniqlangan;
Navoiy va Boborahim Mashrab she’riy asarlarining fransuz tiliga tarjimalarida obrazning genezisi, ohang va qofiyani saqlash maqsadida har bir tilga xos zooleksemalar, frazeologik birliklar, undalmalar, sinonim, antonimlar, sintaktik vositalar hamda darak, so‘roq va buyruq gaplardan foydalanilganligi asoslangan;
Alisher Navoiy, Mashrab, Xurshid Davron, Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Usmon Azim, Muhammad Yusuf she’rlari tarjimalaridagi uyg‘unlik qush, pari kabi leksik hamda sintaktik birliklar yordamida, tafovutlar esa, boyo‘g‘li, qalandar, ko‘za, yo‘rgak kabi so‘zlar asosida dalillangan;
o‘rta asrlar va zamonaviy o‘zbek she’rlarini fransuz tiliga tarjima qilishda frazeologik hamda mental bo‘yoqqa ega bo‘lgan birliklar va sintaktik parallelizmlar murakkablikni keltirib chiqarishi lingvopoetik tahlil asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek tilidan fransuz tiliga tarjima qilingan she’rlarning lingvopoetik tahlili bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
o‘zbek tilidan fransuz tiliga tarjima qilingan Alisher Navoiy, Mashrab, Xurshid Davron, Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Usmon Azim, Muhammad Yusuf she’rlari tarjimalaridagi uyg‘unlik qush, pari kabi leksik hamda sintaktik birliklar yordamida, tafovutlar esa, boyo‘g‘li, qalandar, ko‘za, yo‘rgak kabi so‘zlar asosidagi nazariy qarashlaridan Samarqand davlar chet tillar institutida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 12-dekabrdagi 2/24-4/7-690-sonli xatiga asosan 2022-2024-yillarda amalga oshirilgan va Toshkent shahridagi AQSh elchixonasi hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashi bilan hamkorlikda AQSh davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan “English Access Microscholarship Program” loyihasini amalga oshirishda va o‘quv jarayonida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 27-sentyabrdagi 2012/02-son ma’lumotnomasi). Natijada, xorijiy tillarni o‘qitish borasidagi nazariyalarning takomillashuviga erishilgan va lingvopoetik tahlil masalalarining tadqiqi, badiiy nutq va lingvopragmatika kabi tilshunoslik fanini rivojlantirishdagi muhim jihatlar ochib berilgan;
Navoiy va Boborahim Mashrab she’riy asarlarining fransuz tiliga tarjimalarida obrazning genezisi, ohang va qofiyani saqlash maqsadida har bir tilga xos zooleksemalar, frazeologik birliklar, undalmalar, sinonim, antonimlar, sintaktik vositalar hamda darak, so‘roq va buyruq gaplardan foydalanilganligi to‘g‘risidagi qarashlardan O‘zRFA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-F1-OO5-raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qaraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 7-martdagi 98/1-sonli dalolatnomasi). Natijada, amaliyotga qo‘llash fundamental loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar, monografiyalarning hamda terminologik tadqiqotlarning ilmiy saviyasini oshirishga xizmat qilgan;
o‘zbek tilidagi she’rlarning fransuz tiliga tarjimasida mazmun va ritm saqlanishi hamda ijodkor ruhiyatini ifodalashda qo‘llanilgan epitet, metafora, qiyoslashlar obrazlilik va ta’sirchanlikni ta’minlovchi muhim uslubiy vosita ekanligi to‘g‘risidagi xulosalardan Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiyot sohasidagi madaniy aloqalar dasturida foydalanilgan (“Alliance Française de Samarcande” Samarqand shahar Fransuz tili ittifoqining 2024-yil 29-fevraldagi №11-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek tilidan fransuz tiliga tarjima qilingan she’rlarning janr xususiyatlarini alohida mavzu sifatida o‘rganish imkoniyati yaratilgan va jahon adabiyotidagi badiiy talqinga xos xususiyatlar haqidagi ilmiy tasavvur va tushunchalarni boyitishga yordam bergan;
o‘rta asrlar va zamonaviy o‘zbek she’rlarini fransuz tiliga tarjima qilishda frazeologik hamda mental bo‘yoqqa ega bo‘lgan birliklar va sintaktik parallelizmlar murakkablikni keltirib chiqarishi lingvopoetik tahlil asosida aniqlangan nazariy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida bir qator teleko‘rsatuvlarda, xususan, siyosiy, ijtimoiy, ommabop ko‘rsatuvlarda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 11-dekabrdagi №01-07/392-son ma’lumotnomasi). Natijada, bugungi kun o‘zbek tarjimachiligi va uning taraqqiyot tendensiyalari, shu bilan birga badiiy tarjima va unda milliy o‘ziga xoslikning ifodalanishi haqida ma’lumotlar berilgan hamda teletomoshabinlarning qiyosiy adabiyotshunoslik borasida bilimlari yangi ilmiy manbalar bilan boyitilgan.