Axmadjonov Axmadjon Nematjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Arvaten koni serpentinit rudasini nitrat kislota bilan qayta ishlash asosida magniy gidroksokarbonat olish texnologiyasi», 02.00.13 - Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T4582.
Ilmiy rahbar: Alimov Umarbek Kadirbergenovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/05.05.2023.K/T.35.02.
Rasmiy opponentlar: Kucharov Baxrom Xayrievich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Nurmurodov Tulqin Isamurodovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan muxandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Arvaten koni serpentinit rudasini nitrat kislotasi bilan qayta ishlash orqali magniy gidroksokarbonat olishning ilmiy asoslarini va texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
serpentinit rudasining maqbul zarrachalar o‘lchamining uning solishtirma sirt yuzasi va parchalanish koeffisientiga (zarrachalar o‘lchami 0,25 mm; serpentinitda solishtirma yuza 4,70 m2/kg; parchalanish koeffisienti 96,36%) bog‘liqligi aniqlangan;
Arvaten serpentinitining nitrat kislotali parchalanishida termodinamik qonuniyatlarni (parchalanish koeffisienti 96,36% va ehtimoliy faollanish energiyasi 56,53 kJ/mol) baholash asosida parchalanish jarayonining kimyoviy sirt hodisasi bilan nazorat qilinishi aniqlangan;
turli texnologik omillarga bog‘liq holda nitrat kislotali suspenziyadagi qo‘shimcha metallardan 98% tozalash natijasida tarkibi 99% tozalikka ega magniy gidroksokarbonat va magniy gidroksid olish imkoniyatlari isbotlangan;
turli texnologik omillarga bog‘liq ravishda magniy gidroksokarbonatning karbonizatsiyalash darajasi 91,72% va kristallash jarayoni sharoitlari(10% (NH4)2CO3 eritmasining 100% me’yori, 20 oC harorat, 10 daqiqa) aniqlangan;
nitrat kislotali suspenziyaning dispers zarrachalari cho‘kish tezligining harorat va tinish vaqtiga bog‘liqligi (harorat 80oC, vaqt 8 soat, tinish darajasi 52,29%) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Arvaten koni serpentinit rudasini nitrat kislota bilan parchalash yo‘li orqali magniyli birikmalar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Arvaten koni serpentinit rudasini nitrat kislotada parchalash, cho‘ktirish, karbonizatsiyalash va kristallash usuli bilan magniy gidroksokarbonat olish texnologiyasi “ANDIJAN WCC CEMENT” QKda amaliyotga joriy etilgan (“ANDIJAN WCC CEMENT” qo‘shma korxonasining 2024 yil 6 noyabrdagi 241-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy xom-ashyo asosida magnezial xomashyo o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini bergan;
Arvaten koni serpentinit rudasini nitrat kislotali parchalash asosida, cho‘ktirish usuli bilan brusit olish texnologiyasi “ANDIJAN WCC CEMENT” QK da amaliyotga joriy etilgan (“ANDIJAN WCC CEMENT” qo‘shma korxonasining 2024 yil 6 noyabrdagi 241-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kimyo sanoati uchun import qilinadigan magnezial qo‘shimchani mahalliy xom-ashyo bilan qoplash imkonini bergan.