Abdurasulieva Gulshad Maxsetbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘istonda o‘sadigan oddiy shaftoli (Persica vulgaris Mill.) barglarini fitokimyoviy tadqiq qilish», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/K730.
Ilmiy rahbar: Farmanova Nodira Taxirovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Matchanov Alimjon Davlatboevich, kimyo fanlari doktori, professor; Nishonov Mirkozimjon, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: oddiy shaftoli (Persica vulgaris Mill.) barglarining kimyoviy tarkibi va biologik faolligini aniqlash, uning quruq ekstrakti asosida immunomodulyator, yallig‘lanishga qarshi hamda antioksidant ta’sirlarga ega biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qong‘irot tumanida o‘suvchi oddiy shaftoli o‘simligi (Elberta navi) barglarining biologik faol moddalari (flavonoidlar, polisaxaridlar, aminokislotalar, vitaminlar, organik kislotalar, efir moyi, amigdalin, furokumarin) ning kimyoviy tabiati va miqdori aniqlangan;
oddiy shaftoli (Elberta navi) o‘simligi barglari tarkibidagi uchuvchan moddalarning o‘rganilishi natijasida 53 ta birikma mavjudligi isbotlangan;
induktiv bog‘langan plazmali mass-spektrometriya usuli yordamida oddiy shaftoli (Elberta navi) barglari tarkibida 44 ta element mavjuligi, zaharli og‘ir metall ionlari esa O‘zbekiston Respublikasi oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi gigienik normativlaridagi ruxsat etilgan darajadan past ekanligi isbotlangan;
ilk bor oddiy shaftoli (Elberta navi) barglari erkin aminokislotalar miqdori aniqlangan hamda barcha oqsil tuzuvchi aminokislotalarning manbai ekanligi isbotlangan;
ilk bor oddiy shaftoli (Elberta navi) barglarining tarkibida suvda eruvchi polisaxaridlar, pektin moddalari, gemisellyulozalar ajiratib olindi. Monasaxarid tarkibi arabinogalaktanlarga mansub ekanligi va polisaxaridlarning eng ko‘p miqdori gemisellyulozalar ekanligi isbotlangan;
oddiy shaftoli (Elberta navi) barglari tarkibida suvda eruvchi vitaminlardan C, PP va B guruhi vitaminlari mavjudligi, quruq ekstrakt tarkibida vitaminlarining miqdori, barglariga nisbatan uch baravar yuqori ekanligi isbotlangan;
oddiy shaftoli (Elberta navi) barglari quruq ekstrakti o‘tkir zaharliligini aniqlash natijasida ularni IV-guruh “zaharsiz birikmalar” sinfiga tegishli ekanligi isbotlangan;
oddiy shaftoli (Elberta navi) barglari quruq ekstarkti asosida yangi biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oddiy shaftoli (Elberta navi) o‘simligi barglarining kimyoviy birikmalari va biologik faolligini tekshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
oddiy shaftoli (Elberta navi) barglari asosida olingan “SELPERS-KR” ozuqaga biologik faol qo‘shimchasi uchun texnik shartlar va texnologik yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan (S 301969106-02:2022; TI 301969106-02:2022). Mazkur texnik shartlar va texnologik yo‘riqnoma sifatli biologik faol mahsulot ishlab chiqarish imkonini bergan;
oddiy shaftoli (Elberta navi) barglari quruq ekstraktidan “Halsica” xususiy korxonasida yallig‘lanishga qarshi va immunomodulyator xususiyatiga ega “SELPERS-KR” ozuqaga biologik faol qo‘shimchasi ishlab chiqarishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 16 avgustdagi 001863-sonli ruxsatnomasi). Natijada, “SELPERS-KR” biologik faol qo‘shimchasini sanoat miqyosida ishlab chiqish va ichki bozorda yallig‘lanishga qarshi, immunomodulyator mahalliy BFQ assortimentini kengaytirish imkonini bergan.