Xudayberdiev Akram Akbarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yangi o‘zbek she’riyatida Vatan mavzusining badiiy talqinlari”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Fil1964
Ilmiy maslahatchi: Quronov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti huzuridagi DSc.03/05.05.2023.Fil.60.07 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qarshi davlat universiteti, dekan, filologiya fanlari doktori Ernazarova Gulnoza Xamraevna, Namangan davlat universiteti filologiya fanlari nomzodi, dotsent Dilfuzaxon Tojiboeva
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yangi o‘zbek she’riyatidagi vatan mavzusining badiiy talqinlarini o‘rganish, vatan konseptining ma’no va mazmun jihatidan tadrijiy rivojini tahlil qilish hamda bu mavzuning milliy o‘zlik, tarixiy xotira va umuminsoniy qadriyatlarni ifodalashdagi o‘rnini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Yangi o‘zbek she’riyatida “vatan” konseptining shakllanishi va taraqqiyoti ilk bor tizimli ravishda o‘rganildi. Ushbu konsept faollashuvining tarixiy, diniy, falsafiy va ijtimoiy omillari adabiy-estetik va tarixiy-kontekstual nuqtai nazardan ilmiy asoslab berildi.
Jadid adabiyotida shakllangan “vatan” konsepsiyasining taraqqiyot, hurriyat va milliy qadriyatlar bilan bevosita bog‘liqligi yangicha talqin asosida yoritildi. Ilgari bu masala asosan siyosiy-ijtimoiy kontekstda o‘rganilgan bo‘lsa, ushbu tadqiqotda jadid shoirlarining badiiy-estetik ifoda vositalari orqali tahlil qilindi.
Vatan mavzusining xalq tarixiy xotirasi, milliy o‘zlik va madaniy yuksalishdagi o‘rni ilk bor she’riyat asosida tahlil qilindi. She’riy matnlar orqali bu tushunchaning xalq ongi va madaniy merosdagi aks sadosi aniqlanib, ilmiy asoslab berildi.
XX asr boshidan to mustaqillikkacha bo‘lgan davr o‘zbek she’riyatida vatan mavzusining badiiy talqini qiyosiy asosda o‘rganildi. Turli tarixiy bosqichlar (jadidchilik davri, sovet davri) poetikasidagi farqlar, ifoda shakllari va g‘oyaviy xususiyatlari aniqlanib, bu holat adabiy jarayon uzviyligining muhim jihati sifatida tahlil qilindi.
Milliy va madaniy merosni badiiy talqinlar orqali ifodalashda vatan mavzusining tutgan o‘rni aniqlanib, milliy adabiyotning xalq ongini shakllantirishdagi ta’siri nazariy jihatdan asoslandi. Bu orqali vatan konseptining faqat mavzu emas, balki adabiy-estetik mezon sifatidagi o‘rni ko‘rsatildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya hamda ishlanmalar asosida:
yangi o‘zbek she’riyatida “vatan” konseptining shakllanishi va taraqqiyoti, konseptning faollashuvi omillari adabiy-estetik va tarixiy-kontekstual nuqtai nazardan ilmiy asoslanganligi, shuningdek, jadid adabiyotida shakllangan “vatan” konsepsiyasining taraqqiyot, hurriyat va milliy qadriyatlar bilan bevosita bog‘liqligi yangicha talqin asosida yoritilganligi haqidagi xulosalardan Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida 2022-yilda bajarilgan AL-322103020 raqamli “Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari hayoti va ijodi bo‘yicha web sayt va platforma yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2024-yil 23-apreldagi 39-son ma’lumotnomasi).
vatan mavzusining xalq tarixiy xotirasi, milliy o‘zlik va madaniy yuksalishdagi o‘rni, shuningdek, milliy adabiyotning xalq ongini shakllantirishdagi ta’siri borasidagi nazariy xulosalardan Andijon viloyat teleradiokompaniyasining eshittirishlarida, xususan, “Xazinamsan kitob” nomli adabiy, ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvida foydalanilgan (Andijon viloyat teleradiokompaniyasining 2024-yil 19-iyundagi 01-13/23-son ma’lumotnomasi).
yangi o‘zbek adabiyoti, xususan, she’riyatida vatan tushunchasi shakllanishi va faollashuvining tarixiy, diniy, falsafiy va ijtimoiy omillari yoritilganligi haqidagi materiallardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 19-dekabrdagi 01-4205-son ma’lumotnomasi).