Kudratov Azamat Asrorovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Sinxron tarjima strategiyalarining siyosiy-iqtisoiy sohada qo‘llanilishi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2566
         Ilmiy rahbar: Shomusarov Shorustam G‘iyosovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Nasirova Saodat Abdullaevna, filologiya fanlari doktori, professor; Kazakbaev Akbar Akmaldjanovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent vazifasini bajaruvchi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli siyosiy-iqtisodiy anjumanlarda arabcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-arabcha sinxron tarjima jarayonida qo‘llaniladigan strategiyalarni aniqlash va ulardan amaliyotda to‘g‘ri foydalanish yo‘llarini belgilab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
siyosiy-iqtisodiy sohadagi arabcha-o‘zbekcha nutqlarning sinxron tarjimasida adekvatlik va ekvivalentlikka erishishda to‘g‘ri strategiyani tanlash aniq lisoniy va nolisoniy omillarga bog‘liq ekanligi asoslangan; 
arab sinxron tarjimasida sinab ko‘rish va xatolar, kutish, stolling, chiziqlilik, ehtimoliy bashorat qilish kabi universal strategiyalar bilan birga, tushuntirish va sharhlash, murosaga keltirish hamda qo‘shimcha qo‘shish kabi maxsus strategiyalarning faol qo‘llanishi aniqlangan; 
arabcha-o‘zbekcha til juftliklari tarjimasida kutish strategiyasining segmentatsiyaga bog‘liqligi hamda oldindan bashorat qilish va kompressiya strategiyalarining o‘zaro ta’siri isbotlangan; 
arabshunos tarjimon-respondentlar bilan o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida asliyat tilini mukammal egallash, milliy-madaniy birliklarni to‘g‘ri qo‘llash va arab madaniyatini yaxshi bilish kabi omillarning sinxron tarjimada pragmatik to‘siqlarning oldini olishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sinxron tarjima strategiyalarining siyosiy-iqtisoiy sohada qo‘llanilishi yuzasidan olingan ilmiy natijalar va xulosalar asosida:
arabcha-o‘zbekcha sinxron tarjima strategiyalarining qo‘llanish usullari va o‘rinlari, so‘zlarni tanlay bilish va ularni to‘g‘ri qo‘llash orqali tarjma matnini xatolarsiz to‘liq etkazishga doir tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Rahbariyati va Prezident ishtirokidagi tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosining 2024-yil 15-yanvardagi №11-son ma’lumotnomasi). Natijada arab-o‘zbek kombinatsiyalarida so‘z tanlash, strategiyalardan foydalanish, ularni to‘g‘ri qo‘llay bilish, muqobil so‘zlarni tanlashda tarjimon oldidagi muammolarni hal qilish yo‘llari ko‘rsatilib, kerakli takliflar bildirilgan; 
sinxron tarjima strategiyalarining arabcha-o‘zbekcha siyosiy-iqtisodiy sohada qo‘llanishiga oid xulosa, taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining badiy va ilmiy muhokamalarida va xalqaro aloqalarda foydalanildi (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2023-yil 12-dekabrdagi 01-03/3232-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar, xususan, kutish va oldindan bashorat qilish strategiyalaridan tarjima jarayonida to‘g‘ri foydalanish yo‘llari sinxron tarjima bilan shug‘ullanuvchi tarjimonlarning bilim va malakasini oshirishga xizmat qilgan; 
arabcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-arabcha sinxron tarjima jarayonlarida strategiyalaridan to‘g‘ri foydalanish, tarjima matnini xatolarsiz etkazish hamda sinxron tarjima harakatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini yoritishga bag‘ishlangan tahliliy fikrlar va nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DM tarkibidagi “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Bedorlik”, “Adabiy jarayon”, “Jahon adabiyoti” dasturlarini tayyorlashda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” DUKning 2023-yil 21-noyabrdagi 04-36-1751-son ma’lumotnomasi).

Yangiliklarga obuna bo‘lish