KENJAEV Farxod Ikram o‘g‘lining  
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
“Istiqlol davri o‘zbek romanlarida Jaloliddin Manguberdi obrazining badiiy talqinlari”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2022.2.PhD/Fil2444.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy rahbar: Hamdamov Ulug‘bek Abduvoxobovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor;
Hamraqulov A’zamjon Shermuxammadovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Istiqlol davri o‘zbek romanlarida tarixiy shaxslar obrazini yaratishning badiiy takomili, xususan, Jaloliddin Manguberdi obrazining talqinlari va o‘ziga xosliklari, yozuvchilarning tarixiy asarlarida xarakter yaratish mahorati, ijodkorlar uslubi va epik tasvirdagi yangicha yondashuvlar, tarixiy haqiqat hamda badiiy talqin masalalarining o‘zbek adabiyoti rivojidagi o‘rni va ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Jaloliddin Manguberdi siymosining badiiy talqinlari o‘zbek adabiyotida ilk marta tizimli ravishda o‘rganilib, tarixiy roman janridagi estetik yondashuvlar, obraz yaratish tamoyillari ilmiy-nazariy jihatdan ochib berilgan;
zamonaviy o‘zbek nasrida tarixiy obraz yaratish tajribalari asosida uning badiiy genezisi aniqlangan, o‘zbek tarixiy romanchiligi taraqqiyoti tamoyillari belgilangan, Jaloliddin Manguberdi obrazining milliy va universal qahramon sifatida namoyon bo‘lishi dalillangan;
tarixiy romanlarda syujet qurilishi, konfliktning namoyon bo‘lish xususiyatlari, badiiy detalining ahamiyati hamda alohida ma’no anglatishi, asar kompozisiyasini yaratishda mavjud tarixiy romanlar tajribasidan keng foydalanganligi, tarixiy fakt buzilmagan holda badiiylik ustunlik qilishi asoslangan;
Jaloliddin obrazining turli xil qiyofalari yaratilganligi, obrazning epik, dramatik va lirik turda ifodalanishida emotsional-ekspressivlik kasb etishi, obraz yaratishda janr imkoniyatlari hamda badiiy ifoda vositalarining o‘rni, turli xalqlar adabiyotida Jaloliddin obrazining aks ettirilishi ko‘rsatib berilgan.
Vasiliy Yanning Jaloliddin Manguberdi qahramonliklariga bag‘ishlangan (Na kril`yax mujestva) “Mardlik qanotlarida” nomli qissasi va Rizoqulixon Hidoyatning “Majma ul-fusaho” tazkirasida Sulton Jaloliddin Manguberdi qalamiga mansub fors tilidagi ruboiy mavjudligi aniqlanib, ilmiy dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
 “Istiqlol davri o‘zbek romanlarida Jaloliddin Manguberdi obrazining badiiy talqinlari” tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan:
istiqlol davri o‘zbek tarixiy romanlarida obrazning tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima uyg‘unligidagi ifodasi; tarixiy shaxs siymosini yaratishda janr va poetik mahorat tamoyillari; yozuvchilarning obraz orqali milliy g‘urur, ma’naviyat va axloqiy qadriyatlarni yoritishdagi hissasiga oid xulosalardan O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-F1-005 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 18-noyabrdagi 536/1-son ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri o‘zbek romanchiligiga doir ilmiy mulohazalar, tarixiy shaxs siymosini yaratishda janr va poetik mahorat tamoyillari haqidagi nazariy qarashlar yanada boyitilgan;
mustaqillik davri o‘zbek romanlarida  Jaloliddin Manguberdi obrazining badiiy talqinlari, milliy o‘zlik va tarixiy qadriyatlarni ifodalash tamoyillari hamda tarixiy romanchilikdagi yangi uslubiy yondashuvlar haqidagi nazariy masalalar haqidagi xulosalardan O‘zR Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan bajarilgan DGU14919 va DGU14918 “Adabiy o‘qish (10-sinf O‘zbek tili darsligi asosida)”, “Adabiy o‘qish (11-sinf O‘zbek tili darsligi asosida)” (2021-2022-yy) innovatsion loyihasida foydalanilgan (Nukus davlat pedagogika institutining 01-20-09/2243-son ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri o‘zbek romanlarida obraz yaratish tamoyillarining badiiy adabiyotga ta’siri, yangi manbalarning yuzaga kelishi va ularning romanlarda tarixiy shaxs obrazini tasvirlashda samarali qo‘llanilishi masalalari yoritilganligi, tarixiy shaxs obrazlarini ifodalashda yozuvchilarning ijodiy yondashuvlarini aniqlash hamda tarixiy manbalar va badiiy to‘qimaning o‘zaro bog‘liqligi asosidagi mulohazalar muhim xulosalar chiqarish imkonini bergan; 
istiqlol davrida Jaloliddin Manguberdi obrazining milliy g‘urur va o‘zlikni tarannum etuvchi badiiy qiyofa sifatida tasvirlanishi, tarixiy shaxsning vatanparvarlik fazilatlari o‘quvchiga yaqin badiiy uslublarda yoritilgani, o‘tmish voqealarining bugungi kun bilan bog‘lanishi asarlar mazmunini yanada boyitgani haqidagi ilmiy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Xorazm” telekanalida efirga uzatilgan “Assalom Xorazm” ko‘rsatuvining ssenariysini yozishda foydalanilgan (Xorazm milliy teleradiokanalining 2024-yil 5-dekabrdagi 1051-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarning istiqlol davri o‘zbek tarixiy romanchiligida tarixiy obrazlarning yangicha talqini va mazmuniy o‘zgarishlari yuzasidan bilimlari boyishiga, tasavvurlari kengayishiga erishilgan; 
Jaloliddin Manguberdi obrazining mustaqillik davri o‘zbek romanlarida badiiy ifodalanishi, milliy o‘zlik va tarixiy qadriyatlarni yoritish tamoyillari, istiqlol davri tarixiy romanchilikdagi yangi uslubiy yondashuvlar bo‘yicha olib borilgan tahlillardan “Bedorlik” va “Adabiy jarayon” eshittirishlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2024-yil 25-noyabrdagi 04-36-1216-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirishlarning  ilmiy-ma’rifiy jihatdan salohiyati ortishiga, badiiy adabiyotning tarbiya vositasi sifatidagi ahamiyatini ochib berishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish