Abduraxmonova Mohira Abdukarim qizining  
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
“Istiqlol davri o‘zbek romanlarida ramz poetikasi (A.A’zam, N.Eshonqul, T.Rustamov romanlari misolida)”, 10.00.07 – Adabiyot nazariyasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2022.2.PhD/Fil2649.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy rahbar: Hamdamov Ulug‘bek Abduvoxobovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qurdosh Qahramonov, filologiya fanlari doktori, professor;
Umida Rasulova, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Istiqlol davri o‘zbek romanlaridagi ramz poetikasini tanlangan obektlar misolida o‘rganish orqali ramz genezisi va uning rivojlanish bosqichlari, ramz turlari, roman janrida ramzning ifodalanish yoʻllari, istiqlol davrida yaratilgan ramziy romanlarning o‘ziga xos jihatlari, davr ijodkorlarining ramziy obrazlardan foydalanish mahoratini tadqiq etishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
obekt sifatida tanlangan istiqlol davri o‘zbek romanlarining ramziy poetikasi teran tadqiq etilgan. Ramz genezisi, taraqqiyot bosqichlaridagi o‘ziga xos jihatlar, istiqlol davri romanlarida ramzning yangi bosqichga ko‘tarilganligi ko‘rsatilgan;
    ramzning taraqqiyot bosqichlari tadqiq etilib, uning mifdagi, folklordagi, mumtoz adabiyot namunalaridagi, jadid adabiyotidagi va bugungi istiqlol davridagi tadrijiy rivoji o‘rganilgan, shuningdek, bu bosqichlarda ramziy ma’no qirralari o‘ziga xoslik kasb etganligi misollar yordamida dalillangan;
ramzning “niqoblash” usuli sifatida qo‘llanilganda uning bajaradigan vazifasi, istiqlol davri ijodkorlarining “niqoblash”dan foydalanish mahorati aniqlangan;
istiqlol davri o‘zbek romanlarida ramziy qatlamning badiiy vazifasi, janrdagi yangilanayotgan uslub muammolari so‘nggi yillar o‘zbek romanchiligi ravnaqida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, adabiy jarayonga sezilarli ulush qo‘shgan adiblarning uslubiy individualligi asosida yoritilgan;
ramz-roman va unga xos xususiyatlar haqida, murakkab va mavhum ramzlar, ramziy kodlanganlik, ramziy syujet, ramziy detal, ramziy obraz va xronotop xususida nazariy xulosalar chiqarilgan;
tadqiqotda ramz ifodalanishiga ko‘ra universal, anʼanaviy, individual kabi turlarga ajratildi. Maʼno-mazmuni va qo‘llanishiga ko‘ra metaforik ramz, ramzlar sinonimiyasi, ramzlar antonimiyasi, asosiy ramz, yordamchi ramz, ramzlar galereyasi kabi nazariy tushunchalar kiritildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
 “Istiqlol davri o‘zbek romanlarida ramz poetikasi (A.A’zam, N.Eshonqul, T.Rustamov romanlari misolida)” tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan:
istiqlol davri o‘zbek romanlarida ramz yangi bosqichga ko‘tarilganligi, romannavislar ramziy obrazlardan foydalanishda jahon tajribasidan unumli foydalanib, individual ramzlarni qo‘llashga intilayotganligi, shuningdek, bugungi o‘zbek romanlarida an’anaviy, universal va individual ramzlarning qo‘llanayotganligi singari muammolar muallif maqolalarida aks etganligi; ramzlardan foydalanishda yozuvchi mahorati, unga ta’sir etuvchi tashqi va ichki
omillar, ramzlashtirish shartlari singari xulosalardan O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida amalga oshirilgan OT-F1-77 “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017-2020) fundamental ilmiy loyihasini bajarishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2024-yil 14-dekabrdagi 3/1255-2784-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning ilmiy-nazariy konsepsiyasi yangi fikr-mulohazalar bilan boyishiga erishilgan;
    mumtoz adabiyot namunalari, xususan, Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari asarlarida ramziy obrazlardan maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surishda unumli foydalanilganligi, bu davrda timsol darajasidagi ramziy obrazlar yaratilganligi, inson kamoloti, ruhiy poklanish, Haq vasliga etish gʻoyalarini timsollar, majozlar, ramzlar tilida ifodalash kuchayganligi kabi masalalarga oid xulosalardan Qo‘qon  davlat  pedagogika institutida bajarilgan AL-322103020 “Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari hayoti va ijodi bo‘yicha web sayt va platforma yaratish” (2022) amaliy loyihasida   foydalanilgan (Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2024-yil 12-dekabrdagi 1623/04-son ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri o‘zbek romanlaridagi ramz poetikasiga doir adabiyotshunoslikdagi mavjud ilmiy mulohazalar, mumtoz adabiy janrlardagi ramziy obrazlarning qo‘llanilishi va ma’no qirralari haqidagi nazariy qarashlar yanada boyitilgan;
ramz genezisi, ramzlarning shakllanish va taraqqiyot bosqichlarida o‘ziga xos o‘zgarishlarga uchraganligi, folklor janrlaridagi ramziy obrazlarning ma’nosi hozirgi o‘zbek romanlarida individual mazmun kasb eta borayotganligi, ramziy obrazlarning mazmuni yangilanib va kengayib borayotganligi singari nazariy masalalar dalillanganligi haqidagi xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan IL-402104474 “Bolalar adabiyoti.uz multimediali elektron platforma va uning mobil ilovasini yaratish” (2021-2022) innovatsion loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 11-dekabrdagi 04/1-4094-son ma’lumotnomasi). Natijada bolalar adabiyoti va folklor janrlarining badiiy adabiyotga ta’siri yangi ramziy obrazlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratganligi borasidagi mulohazalar muhim xulosalar chiqarish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish