Malikov Muhammad Ahmad o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Avtomobil yo‘llari qoplamasining tishlashish sifatini baholash usulini takomillashtirish”, 05.09.02 - “Geotexnika” (YO‘llar, yo‘llarni raqamlashtirish va yo‘l harakati xavfsizligi. YO‘l telematikasi yo‘nalishlari bo‘yicha) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4PhD/T5012
Ilmiy rahbar: texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Yunusov Abduvoxid Gofurovich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, PhD.15/31.08.2022.T.73.05
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori (DSc), professor Abdunazarov Jamshid Nurmuxamatovich (Jizzax politexnika instituti); texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Axmedov Sherzod Baxodirovich (Toshkent davlat transport universiteti).
Yetakchi tashkilot: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: asfaltbeton qoplamali avtomobil yo‘llarida qoplama yuzasining teksturasini hisobga olgan holda tishlashish sifatini baholash usulini takomillashtirish va asfaltbeton qoplamalarining tishlashish sifatini resurs-tejamkor usulda baholash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
avtomobil yo‘llari qoplama yuzasi teksturasining tishlashish sifatiga ta’siri “Portativ” va “Qumli dog‘” usullari yordamida harakat tezligi past bo‘lganda mikroteksturaga hamda harakat tezligi yuqori bo‘lganda makroteksturaga bog‘liqlik qonuniyatlari aniqlangan;
tishlashish sifati turlicha bo‘lgan ruxsat etilgan me’yoriy qiymatdan past yoki yuqori yo‘l bo‘laklarida tishlashish koeffisienti kamayishi bilan avtotransport vositalarining umumiy to‘xtash masofasi oshishi hamda xavfsizlik koeffisienti qiymatini o‘zgarmasligiga ta’sir etuvchi bog‘liqlik qonuniyatlari aniqlangan;
avtomobil yo‘llari qoplama yuzasining fototasvirlari asosida makroteksturaning uch o‘lchamli (3D) shakli fotogrammetrik usuldan foydalanib qayta tiklash orqali makroteksturani baholashning “Qumli dog‘” usuli takomillashtirilgan;
avtomobil yo‘llarining transport-ekspluatatsion ko‘rsatkichlari hisoblangan “Makrotekstura” va “Tishlashish koeffisienti” qiymatlari “Xalqaro tishlashish indeksi (IFI)”ning modellariga umumlashtirish orqali asfaltobeton qoplamali yo‘llarning tishlashish sifatini baholash usuli takomillashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: avtomobil yo‘llari qoplamasining tishlashish sifatini baholash usulini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
avtomobil yo‘llari qoplama yuzasi teksturasining tishlashish sifatiga ta’siri o‘rganilgan va ularning o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik qonuniyatlar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli korxonalarda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining 2024-yil 27-noyabr, 03-5214-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, avtomobil yo‘llari qoplama yuzasi mikrotekstura va makroteksturasining tishlashish sifatiga ta’siri yo‘llarda harakat tezligini chegaraviy me’yorlarini belgilash imkonini bergan;
avtomobil yo‘llari qoplamasi tishlashish sifatining harakat xavfsizligiga ta’siri qonuniyatlari aniqlangan va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli korxonalarda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining 2024-yil 27-noyabr, 03-5214-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, avtotransportni umumiy to‘xtash masofasi va qoplamaning tishlashish o‘rtasida teskari korrelyasion bog‘liqlik aniqlangan hamda qoplamalarining ekspluatatsion holatini yaxshilash va tishlashish sifatini belgilangan me’yorlar doirasida saqlab turish orqali transport vositalarining umumiy to‘xtash masofasini 2 baravarga qisqartirish mumkinligi aniqlangan;
tadqiqot natijalari asosida yo‘l qoplamasining uch o‘lchamli (3D) shaklini qayta tiklash usuli “MATLAB” dasturi yordamida ishlab chiqilgan va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli korxonalarda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining 2024-yil 27-noyabr, 03-5214-sonli ma’lumotnomasi). Natijada olingan rasmlarni qayta ishlash uchun “multi-view stereo” algoritmi va “machine learning” modelidan foydalanilgan, hamda dastur yordamida teksturani uch o‘lchamli shaklini qayta tiklashda 95 % aniqlikka erishilgan;
avtomobil yo‘llarining qoplama yuzasi teksturasiga asoslanib tishlashish sifatini baholashning takomillashtirilgan usuli Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli korxonalarda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining 2024-yil 27-noyabr, 03-5214-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, avtomobil yo‘llarining transport-ekspluatatsion ko‘rsatkichlarini baholashda sarflanayotgan mablag‘larni 20% gacha iqtisod qilishga erishilgan.