Xolturaeva Noroy Ruzmatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Geksametileniminning N-almashgan (met)akrilamidlari polimerlari hosil bo‘lishining fizik-kimyoviy asoslari va ular eritmalarining xossalari», 02.00.06–Yuqorimolekulyar birikmalar (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/K49.
Ilmiy rahbar: Babaev Tuyg‘un Mirzaaxmedovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, DSc.27.06.2017.K/FM/T.36.01.
Rasmiy opponentlar: Rafiqov Adxam Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor; Kudishkin Valentin Olegovich , kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: N-geksametileniminning suvda eruvchan va bo‘kuvchan poliakril- va metakrilamidlari hosil bo‘lishining fizik-kimyoviy asoslari va ular eritmalarining xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba geksametilenimin asosida yangi (met) akril monomerlar sintez qilingan hamda zanjirlarning o‘sish va uzilish tezlik konstantalarining absolyut qiymatlari aniqlangan va olingan monomerlar reaksion qobiliyatining pastligi yon zanjirdagi o‘rindoshning hajmi bilan bog‘liq ekanligi isbotlangan;
N-geksametileniminmetakrilamid suvli eritmalarining gidrodinamik xossalari asosida Mark-Kun-Xauvink tenglamasidagi «K» va «a» parametrlari, Kun segmenti va makromolekulalar zanjiri uchlari orasidagi masofaning o‘rtacha kvadrat qiymatlari aniqlangan;
N-geksametileniminakrilamid va N-geksametileniminmetakrilamid-larning sopolimerlab yangi suvda eriydigan va choklangan suvda bo‘kuvchan gidrogellar olingan;
makromolekulaning yon zanjirida olti a’zoli o‘rindoshning (piperidin) etti a’zoliga (geksametilenimin) almashinishi bilan poli N-almashgan metakrilamidlarda gemostatik xossalarning paydo bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Geksametileniminning N-almashgan (met)akrilamidlari polimerlari hosil bo‘lishining fizik-kimyoviy asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yangi stimulsezgir polimerlarni sintez qilish sharoitlari va ularning fizik-kimyoviy xossalari 646659 raqamli «Borohydrate permeability in poly(N-isopropylacrylamide) hydrogels» mavzusidagi ilmiy loyihasida N-almashgan polimerlardagi konformatsion o‘tishlarning muhit ko‘rsatkichlari va polielektrolit tabiatiga bog‘liqligini aniqlashda foydalanilgan (Berlin Gel`mgol`s markazining 2018 yil 22 noyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada borgidrid va poli-(N-izopropil-akrilamid) o‘rtasida ta’sirlashuv mexanizmini kompyuterda modellashtirish va nazariy jihatdan jarayonning Gibbs energiyasi, ental`piyasi va entropiyasining o‘zgarishini hisoblash imkonini bergan;
sintez qilingan gidrogellar A-9-27 raqamli «Batat, kartoshka va topinamburning abiotik omillariga chidamlilik xususiyatlarining tahlili va sho‘rga chidamli liniyalarni in vitro usuli yordamida yaratish» mavzusidagi amaliy loyihasida o‘simlik ildizi atrofida namlikni saqlovchi vosita sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 7 maydagi 89-03-1761-son ma’lumotnomasi). Natijada namlikni saqlab turuvchi yangi gidrogellar yaratish imkonini bergan;
geksametilenimin va uning (so)polimerlarini sintez qilish sharoitlari I-2016-7-9 raqamli «Munchoqsimon anionitlar olishni tashkil qilish» mavzusidagi innovatsiya loyihasida sopolimerlar sintez qilish usulidan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yil 7 maydagi 89-03-1761-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi stimulsezgir polimer materiallar sintez qilish imkonini bergan.