Xudayberdieva Shohista Akmal qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari o‘rtasida hamkorlikning huquqiy asoslari”, 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Yu901.
Ilmiy rahbar: Toshqulov Jo‘raboy, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, DSc.07/27.02.2020.Yu/108.01.
Rasmiy opponentlar: Saidova Lola Abduvoxidovna yuridik fanlar doktori, professor; Gafurova Sevara Alisherovna yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi xalqaro-huquqiy jihatlarining yuridik tabiatini, xalqaro shartnomalarning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarini nazariy tadqiq etish va xalqaro shartnomalarning samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining, xalqaro hamkorlikning asosiy sohalaridagi o‘zaro munosabatlarning huquqiy bazasini takomillashtirish lozimligi sababli, xalqaro shartnomalarning ratifikatsiyasi, ijrosi va milliy qonunchilikka implementatsiyasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilganligi asoslangan.
Parlamentlararo hamkorlikning qonunchilik asoslarini shakllantirish va takomillashtirish lozimligi sababli, boshqa davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qo‘mitalar, ishchi guruhlar va boshqa tuzilmalarni tashkil etish hamda ularning samaradorligini oshirish mexanizmlari ishlab chiqilganligi asoslangan.
Ikki davlat o‘rtasida mahkumlarni topshirish shartlarini huquqiy jihatdan aniq belgilash lozimligi sababli, ikki davlat prokuraturalari o‘rtasida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, tergov qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda axborot almashish tartibini takomillashtirish zarurligi asoslangan.
Ikki davlatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish lozimligi sababli, tomonlarning fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibini joriy etish ikki davlatda inson huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslari tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining, xalqaro hamkorlikning asosiy sohalaridagi o‘zaro munosabatlarning huquqiy bazasini takomillashtirish, parlamentlararo hamkorlikning qonunchilik asoslarini shakllantirish va takomillashtirish, boshqa davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qo‘mitalar, ishchi guruhlar va boshqa tuzilmalarni tashkil etish hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish, boshqa davlatlarning parlamentlari xalqaro parlament guruhlari va xalqaro parlament tashkilotlari, shu jumladan TDTning Parlament Assambleyasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish haqidagi taklif 2020-yil 25-sentyabrda qabul qilingan №481-IV/KQ-132-IV-sonli “O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasini tasdiqlash to‘gʻrisida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Qo‘shma qaroriga asosan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi”ning 3.1.1, 4.1.1, 5.8, 5.10-bandlarini ishlab chiqishda  foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining 2024-yil  23-sentyabrdagi 04/6-10-2404-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi davlatlar o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va uning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi;
ikki davlat o‘rtasida mahkumlarni topshirish shartlari: a) basharti ushbu shaxs hukmni ijro etish Davlati fuqarosi bo‘lsa yoki bunday fuqaroligi bo‘lmagan holda, hukmni ijro etish Davlati bilan bogʻlik mustahkam ijtimoiy aloqalari mavjud bo‘lsa; b) basharti sud qarori yakuniy bo‘lsa; c) basharti topshirish to‘gʻrisidagi so‘rov kelib tushgan paytda mahkum tomonidan jazo muddatining o‘talmay qolgan qismi to‘qqiz oydan kam bo‘lmasa; d) basharti mahkum topshirilishga rozilik bildirsa yoki uning yoshi yoki jismoniy yoxud ruhiy holatini eʼtiborga olib, ikki Davlatdan biri buni lozim deb topgan taqdirda, bunday rozilik qonuniy vakil tomonidan bildirilgan bo‘lsa; e) basharti hukm chiqarishga asos bo‘lgan harakat yoki harakatsizlik hukmni ijro etish Davlati qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblansa yoki bunday qilmish uning hududida sodir etilgan taqdirda jinoyat hisoblansa; va f) basharti hukm chiqarish va hukmni ijro etish Davlatlari topshirishga rozi bo‘lsa haqidagi taklif 2022-yil 29-martda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘gʻrisida”gi bitimning 4 moddasini a, b, c, d, e, f bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Xalqaro-huquqiy boshqarmasining 2024-yil  26-sentyabrdagi 26/2-112674/24-sonli dalolatnomasi). Ushbu shartlar mahkumlarni topshirish jarayonining huquqiy asoslarini aniq belgilash, inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro huquqiy hamkorlikni rivojlantirish hamda jinoyat jazolarini ijro etishda davlatlar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmini shakllantirishga xizmat qiladi. 
ikki davlat prokuraturalari o‘rtasida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, ikki davlat prokuraturalari o‘rtasida tergov qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda axborot almashish tartibi yaʼni 2022-yil 23-mayda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Turkiya Respublikasi Oliy kassatsiya sudi Bosh prokuraturasi o‘rtasida  imzolangan anglashuv Memorandumining 3, 4 paragraflarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Xalqaro-huquqiy boshqarmasining 2024-yil  26-sentyabrdagi 26/2-112674/24-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi ikki davlat prokuraturasi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va uning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
ikki davlatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish maqsadida Tomonlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish va kengaytirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish, Tomonlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashish haqidagi takliflar 2022-yil 7-iyunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv Memorandumining: 2-3-moddalarini ishlab chiqishda foydalanildi (Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2024-yil 17-sentyabrdagi 11/920-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi davlatlar o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va uning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish