Yuldashev Narbek Xudaynazarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Neft` shlamini qayta ishlash asosida qurilish bitumi va korroziyaga qarshi materiallar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.08 – Neft` va gaz kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/T873.
Ilmiy maslahatchi: Adizov Bobirjon Zamirovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Negmatov Soyibjon Sodikovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Ismailov Oybek Yulibaevich, texnika fanlari doktori; Yunusov Miraxmad Po‘latovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: neft` shlami, gossipol qatroni, erituvchilar va mahalliy xom ashyolar asosida qurilish bitumi va korroziyaga qarshi materiallar olishning chiqindisiz texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarkibida 12,27% mexanik aralashmalar, 24,8% suv va 62,93% uglevodorodli moddalar mavjud bo‘lgan neft` shlami o‘rganilib, uning fraksion tarkibi 200°C gacha bo‘lgan haroratda 34%, 245°C gacha – 42% va 285°C gacha – 56% rangli fraksiyalar ajralishi bilan tavsiflanishi isbotlangan; 
neft` shlamini erituvchilar (benzol-toluol-ksilol, piroliz distillyati, sintetik nafta va gaz kondensati) bilan 80/20 nisbatda aralashtirish orqali qoldiq mexanik aralashmalar miqdorini 0,191–1,983% ga kamaytirish, bu esa erituvchining qutbligi va disperslanish qobiliyati hisobiga neft` shlami tarkibidagi yuqori molekulyar og‘irlikka ega komponentlarni parchalashi va mexanik aralashmalar bilan adgeziyasini pasaytirishi bilan bog‘liqligi aniqlangan; 
neft` shlamini termik usul orqali qayta ishlash jarayonida rangli fraksiyalarning ajralishi 200°C gacha – 34%, 245°C gacha – 42% va 285°C gacha – 56% ni tashkil etishi aniqlanib, bu esa harorat ta’sirida neft` shlami tarkibidagi uglevodorod molekulalarining termodinamik barqarorligi va qaynash nuqtalari bo‘yicha fraksiyalarga ajralishi bilan bog‘liqligi aniqlangan;
“SH-BITUM” bitumining fizik-kimyoviy xususiyatlari standart talablarga mos kelishi, uning yumshash harorati 52-55°C, chaqnash harorati 240-250°C va isitgandan keyingi massaviy o‘zgarishi 0,45% dan kam bo‘lishi, bitum tarkibidagi yuqori molekulyar massali uglevodorodlar va ularning termik barqarorligi bilan bog‘liq bo‘lib, bu uning yo‘l qurilishida bitumli bog‘lovchi sifatida yuqori harorat va tashqi muhit ta’siriga chidamliligi isbotlangan;
gossipol qatroni, neft` shlami, kal`siy oksidi va geksametilentetraminning maqbul miqdorlari 95%, 4,5-4,75% va 0,5-0,75% nisbatda tanlangan bo‘lib, ushbu tarkib qoplamalarning 3% NaCl, HCl eritmalari va atmosfera ta’sirida 8-9 kun davomida yaxlitligini saqlashi va kimyoviy hamda mexanik barqarorlikni namoyon etishi, bu esa SaO yuzada passivlashuvchi qatlam hosil qilishi, GMTA esa to‘rsimon tuzilish orqali qoplamani mustahkamlashi isbotlangan;
neft` shlamini qayta ishlash va qurilish bitumi hamda korroziyaga qarshi qoplamalar olish uchun ixtisoslashtirilgan texnologiya ishlab chiqilib, unda mexanik aralashmalardan tozalash jarayonida erituvchi/neft` shlami nisbati 60/40, harorat 60°C va gidrotsiklondagi oqim tezligi 20 m/s, bu esa mexanik aralashmalarni samarali ajratish va qoldiq miqdorini 0,191–1,983% ga kamaytirish imkonini berishi aniqlangan;
“SH-BITUM” bitumi va korroziyaga qarshi qoplamalar olish uchun tajriba-sanoat qurilmasining texnologik sxemasi taklif etilib, unda gossipol qatroni va neft` shlami 60-80°C haroratda aralashtirilib, 110-120°C gacha qizdirilishi, kal`siy oksidi va kristall oltingugurt qo‘shilishi bitumli bog‘lovchining kimyoviy barqarorligini oshirishi hamda uzoq muddatli himoya qobiliyatini ta’minlashi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Neft` shlamini qayta ishlashga tayyorlash hamda u asosida qurilish bitumi va korroziyaga qarshi material olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yo‘l qurilishida qo‘llaniladigan yangi turdagi «SH-BITUM» kompozision bitum olishning texnologiyasi “O‘ZLITINEFTGAZ” AJda amaliyotga joriy etilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2025 yil 27 fevraldagi 21/18-8-192-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining 2025 yil 14 apreldagi 04-13-689-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, neft` shlami va gossipol qatroni asosida GOST 6617-76 talablariga javob beradigan yo‘l qurilishga mo‘ljallangan BN 50/50 - neft` bitumi olish imkonini bergan;
neft` shlamini qayta ishlashning chiqindisiz texnologiyasi Farg‘ona NQIZning «2025-2030 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (Farg‘ona NQIZning 2024 yil 9 oktyabrdagi 08-509A-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, neftni qayta ishlash zavodi hududini ifloslantiruvchi chiqindilardan tozalash imkonini bergan;
neft` shlami asosida korroziyadan himoyalovchi material olish texnologiyasi “Sho‘rtan NGQChB” da amaliyotga joriy etilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2025 yil 27 fevraldagi 21/18-8-192-sonli va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining 2025 yil 14 apreldagi 04-13-689-sonli ma’lumotnomalari). Natijada, GOST 15140-78, GOST 30662-99 talablariga javob beradigan kompozision material olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish