Djuraev Akbarjon Mominjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi bug‘doy begona o‘tlariga qarshi uyg‘unlashgan kurashish tadbirlarining samaradorligi (Samarqand viloyatining o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida)”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Qx950
Ilmiy rahbar: Rizaev Shuxrat Xudoyberdievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.05/29.08.2023.Qx.172.01.
Rasmiy opponentlar: Sadikov Esbosin Polatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim; Turdieva Nilufar Muminovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy maydonlarining begona o‘tlar urug‘lari bilan ifloslanganlik ko‘rsatkichlarini o‘rganish asosida, ularga qarshi tuproqqa asosiy va yuza ishlov berish hamda yangi turdagi gerbisidlarni qo‘llashni begona o‘tlarga hamda don hosili va uning sifatiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Samarqand viloyatining o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida g‘alla-sabzavot almashlab ekish tizimida tuproqlarning begona o‘tlar bilan ifloslanganlik ko‘rsatkichi aniqlanib, kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili olishda tuproqqa ishlov shudgorlash 30-35 sm+chizellash 18-22 sm+molalash tizimida o‘tkazilib, gerbisidlar Pik 75% - 15 g/ga+Aksial 50 KE 0,75 l/ga me’yorlarida birgalikda aralashma holida qo‘llash yuqori samara berishi ilmiy isbotlangan;
g‘alla-sabzavot almashlab ekish tizimida tuproqning begona o‘tlar bilan ifloslanganlik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, juda kuchli (5 ball, 130,4-131,6 mln.dona/ga) zararlanganligi qayd etilib, tuproqqa ishlov shudgorlash 30-35 sm+chizellash 18-22 sm+molalash tizimida o‘tkazilganda tuproqni begona o‘tlar urug‘i bilan ifloslanish miqdori eng kam (43,3 mln.dona/ga) bo‘lib, 3-ball - o‘rtacha ifloslanganligi aniqlangan;
tuproqning agrofizik xossalari - tuproq hajm massasi, g‘ovakligi va suv o‘tkazuvchanligini yaxshilaydigan maqbul tuproqqa ishlov berish usuli va chuqurligi (shudgorlash 30-35 sm+chizellash 18-22 sm+molalash) aniqlangan;
tuproqqa ishlov shudgorlash 30-35 sm+chizellash 18-22 sm+molalash tizimida o‘tkazilib, gerbisidlar Pik 75% - 15 g/ga+Aksial 50 KE 0,75 l/ga me’yorlarida birgalikda aralashma holida qo‘llash bir yillik begona o‘tlarni 92,3-100 %, ko‘p yilliklarni 80,9-85,6% nobud qilib, kuzgi bug‘doyni o‘sishi, rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratib, tannarxi arzon yuqori va sifatli don hosili etishtirishni ta’minlagan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Samarqand viloyatining o‘tloqi – bo‘z tuproqlari sharoitida g‘alla-sabzavot almashlab ekish tizimida kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili etishtirishda tuproqqa ishlov berish va gerbisidlarni qo‘llash agrotexnologiyasini samaradorligini asoslash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
g‘alla-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida yuqori don hosili etishtirish bo‘yicha «Kuzgi bug‘doyzorlarda tarqalgan begona o‘tlarga qarshi kurashish tadbirlari» tavsiyanomasi ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2024 yil 11-noyabrdagi 05/05-04-584-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma g‘alla-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida kuzgi bug‘doy etishtirishda qo‘llanma sifatida keng foydalanilmoqda;
ishlab chiqarish tajribalari kuzgi bug‘doy maydonlarida begona o‘tlarga qarshi kurashishda tuproqqa ishlov berish va gerbisidlarni uyg‘unlashgan holda qo‘llash agrotexnologiyalari Samarqand viloyatining Toyloq (40,5 ga) Bulung‘ur (32,1 ga) va Jomboy (126,7 ga) tumanlarida, jami 199,3 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2024 yil 11-noyabrdagi 05/05-04-584-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqqa ishlov shudgorlash 30-35 sm+chizellash 18-22 sm+molalash tizimida, Pik 75% -15 g/ga+Aksial 50 KE - 0,75 l/ga me’yorlarida birgalikda qo‘llash yuqori samara berishi aniqlangan;
bir yillik, bir va ikki pallali begona o‘tlar bilan kuchli zararlangan kuzgi bug‘doy maydonlarida shudgorlash 30-35 sm, chizellash 18-22 sm, molalanib, gerbisidlardan Pik 75% -15 g/ga+Aksial 50 KE - 0,75 l/ga me’yorlarida birgalikda aralashma holida qo‘llanish texnologiyasi Samarqand viloyatining Toyloq (40,5 ga) Bulung‘ur (32,1 ga) va Jomboy (126,7 ga) tumanlarida, jami 199,3 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2024 yil 11-noyabrdagi 05/05-04-584-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu ishlov berish tizimida Granstar 75% (etalon) 15 g/ga alohida qo‘llanilganga nisbatan 5,4-7,7 s/ga qo‘shimcha don hosili etishtirilib, rentabellik 77,5-84,2 %ni tashkil etgan.