Yuldashev Sherali Nuralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Bola savdosi uchun javobgarlikni takomillashtirish”, 12.00.08–“Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi” ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Yu811
Ilmiy rahbar: Rustambaev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, DSc.32/30.12.2020.Yu.74.01 qoshidagi Ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Taxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor; Toshpo‘latov Akrom Ikramovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy Kengashi huzuridagi Sudyalar Oliy maktabi. Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi bola savdosi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
muqaddam, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan har qanday jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarni jazo chorasidan, sudlanganlik holatidan qat’iy nazar bolaning erkinligi va shaxsiy daxlsizligini ta’minlash, bolaga nisbatan jinsiy yoki jismoniy tajovvuzlarni oldini olish maqsadida bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash lozimligi asoslantirilgan;
bola savdosi va uni ekspluatasiya qilinishini oldini olishning chorasi sifatida zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibini yo‘lga qo‘yish va order berish orqali bolani huquqiy himoyalash zaruriyati asoslantirilgan;
bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish jinoyati aniqlangan paytdan boshlab, o‘ttiz sutka ichida, qarovsiz qoldirilgan bolaning O‘zbekiston hududiga qaytarilishi ushbu jinoyat uchun belgilangan javobgarlikdan ozod qilishning asosi bo‘lishi xususida jinoyat-huquqiy normaning belgilanishi bolalarning odam savdosi jinoyati qurboniga aylanib qolish holatlarini kamaytirishning eng samarali usuli ekanligi asoslantirilgan;
xalqaro huquqning umume’tirof etgan qoidalari asosida bolani zo‘ravonlikdan himoya qilish va bolalar savdosini xorijiy davlat hududida cheklash zarurati sababli bolalarni xorijiy davlatlarda ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi yohud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan nazoratsiz qoldirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash zaruriyati asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
muqaddam o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan har qanday jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarni jazo chorasidan, sudlanganlik holatidan qat’iy nazar bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash lozimligi to‘g‘risidagi taklifidan 2023-yil 11-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonunning 7-moddasi 2-bandi 1-xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosarining 2024-yil 18-martdagi 
№ 02-07/148-sonli dalolatnomasi). Mazkur taklifni qabul qilinishi bola savdosini oldini olish va ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralarini takomillashtirishga huquqiy jihatdan xizmat qiladi;
bola savdosi va uni ekspluatatsiya qilinishini oldini olishning chorasi sifatida zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish va bolani huquqiy himoyalash mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflardan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonun loyihasi”ni ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 22-fevraldagi № 01/q-08-28-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi bolani ekspluatatsiya qilish, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslarini yaratish, bolaning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita xavf soluvchi omillarni aniqlashga xizmat qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan va chet davlat hududida qarovsiz qoldirilgan va bola savdosi qurboni bo‘lishi mumkin bo‘lgan bolani sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaytarilishini ta’minlamaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilash borasidagi takliflardan, 2023-yil 15-martdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-823-sonli Qonunning 1-moddasini shakllantirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 22-fevraldagi № 01/q-08-28-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi bola savdosini oldini olishga va nazoratsiz bolani chet elda shunday turdagi jinoyatlar qurboniga aylanishini oldini olishga xizmat qiladi;
bolalarni xorijiy davlatlarda nazoratsiz qoldirganlik uchun jinoiy-huquqiy jihatdan cheklash (kriminalizatsiya) lozimligi borasidagi takliflardan, 2023-yil 15-martdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-823-sonli Qonunning 1-moddasini shakllantirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 22-fevraldagi № 01/q-08-28-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirishini va o‘z o‘rnida bola savdosi hamda uni ekspluatatsiya qilinishini oldini olish uchun xizmat qiladi;
bolaning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar haqida xabar kelib tushganda, ish natijasidan qat’iy nazar bu haqda Bolalar ombudsmanini xabardor qilish haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi 917-son Qonunining 36-moddasi 1-xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2024-yil 15-martdagi № 20 sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi bolani har qanday ekspluatatsiya qilish va bola savdosi bilan bog‘liq xabarlar asosida mavjud holatni nazorat qilish hamda qonuniylikni ta’minlanishiga huquqiy jihatdan xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish