Bozorov Ruslan Xamdamovichning
fandoktori (DSc) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bank resurslaridan foydalanishda samarali kreditlash mexanizmlarini qo‘llash orqali aholi daromadlari barqarorligini ta’minlash”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Iqt379 
Ilmiy maslahatchi: Bekmurodov Adham Sharipovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.20/13.05.2020.I.23.01.
Rasmiy opponentlar: To‘raev Shavkat Shuhratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Haydarov Nizomiddin Hamroevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Berdinazarov Zafar Ulashovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dosent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi mamlakat aholisi daromadlari va bank moliyaviy barqarorligini ta’minlashda O‘zbekiton tijorat banklari kreditlash mexanizmlarini samarali ishlashi bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
mijozga kredit ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishda to‘lovga layoqatliligi, shuningdek qarz yuki baholanayotganda, uning kreditlar (yangi ajratilishi talab etilayotgan va mavjud kreditlar) bo‘yicha nafaqat joriy balki kredit grafiklariga muvofiq kelgusi davrlardagi kredit majburiyatlarini tahlil qilish zarurligi asoslab berilgan;
bankda muammoli kreditlar hajmini ortishini oldini olish va mijoz daromadlari hamda moliyaviy holati barqarorligini ta’minlash maqsadida so‘rovlariga asosan pul tushumlari sanasiga muvofiq kredit bo‘yicha asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lov kunini oyning ular uchun qulay bo‘lgan sanasiga o‘zgartirish imkonini berish taklif etilgan; 
o‘zini-o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarni kreditga layoqatliligini baholashda tegishli mezonlar (daromad manbai, yoshi, kredit tarixi davomiyligi, mijoz tarixida kechiktirilgan qarzlarning mavjudligi, plastik kartasidagi pul mablag‘lari aylanmasi, kredit tarixida muammoli kreditlarning mavjudligi, MIB ma’lumotlar bazasida qarzlarning mavjudligi hamda KATMda yig‘ilgan ballar) kompleksi asosida skoring qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan;
banklarda mehnat migrantlari tomonidan yuborilayotgan mablag‘larni qabul qiluvchilarning daromadi sifatida e’tirof etish orqali ularni kreditga layoqatliligini baholash hisobiga keng qamrovda kreditlashni ta’minlash imkoniyati asoslangan; 
tijorat banklari tomonidan investisiya loyihalarini moliyalashtirishda bir necha bosqichda moliyalashtirishni talab etadigan loyiha bo‘yicha iqtisodiy samaradorlikni baholashning diskontlangan qoplanish muddati (DPP)ni aniqlash usuli takomillashtirilgan;
investision loyiha bo‘yicha diskontlashtirilgan daromadlarning diskontlashtirilgan investisiya xarajatlariga nisbatini, shuningdek safarbar qilingan kapitalning real holatda, ya'ni xarid qobiliyatini saqlagan holda qay darajada qaytishini ko‘rsatadigan investisiyalar rentabelligi (PI)ni hisoblashning takomillashtirilgan usuli taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotda bank resurslaridan foydalanishda samarali kreditlash mexanizmlarini qo‘llash orqali aholi daromadlari barqarorligini ta’minlashga oid olingan natijalar asosida:
mijozga kredit ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishda to‘lovga layoqatliligi, shuningdek qarz yuki  baholanayotganda, uning kreditlar (yangi ajratilishi talab etilayotgan va mavjud kreditlar) bo‘yicha nafaqat joriy balki kredit grafiklariga  muvofiq kelgusi davrlardagi kredit majburiyatlarini tahlil qilish taklifi “Mikrokreditbank” ATB Boshqaruvining 2022 yil 30 martdagi 25-1-sonli qarori bilan tasdiqlangan ““Mikrokreditbank” ATB tizimida kredit yig‘ma jildlarini shakllantirish va hujjatlarni rasmiylashtirish reglamenti”ga kiritilgan va bank amaliyotida joriy etilgan (“Mikrokreditbank” ATBning 2024 yil 11 iyuldagi 08-40/19212-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotda joriy etilishi bankning muammoli kreditlari 2023 yil 1 dekabr holatida ushbu yilning 1 apreliga nisbatan 24 mlrd. so‘mga kamayishiga, hamda ularning kredit portfelidagi ulushi 4,89 foizni tashkil qilgan holda mos davrda 0,47 foiz punktgacha pasayishiga sabablardan biri bo‘ldi;
bankda muammoli kreditlar hajmini ortishini oldini olish va mijoz daromadlari hamda moliyaviy holati barqarorligini ta’minlash maqsadida so‘rovlariga asosan pul tushumlari sanasiga muvofiq kredit bo‘yicha asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lov kunini oyning ular uchun qulay bo‘lgan sanasiga o‘zgartirish imkonini beruvchi tartibni yo‘lga qo‘yish taklifi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankida qo‘llanilmoqda (“Mikrokreditbank” ATBning 2024 yil 11 iyuldagi 08-40/19212-son ma’lumotnomasi). Bu esa, o‘z navbatida, mijozlarda psixologik holatni yaxshilanishiga, ortiqcha va o‘rinsiz to‘lovlarni yuzaga kelmasligiga hamda bankda muammoli kreditlarni yuzaga kelishini oldini olishga ijobiy ta’sir qilmoqda;
o‘zini-o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarni kreditga layoqatliligini baholashda tegishli mezonlar (daromad manbai, yoshi, kredit tarixi davomiyligi, mijoz tarixida kechiktirilgan qarzlarning mavjudligi, plastik kartasidagi pul mablag‘lari aylanmasi, kredit tarixida muammoli kreditlarning mavjudligi, MIB ma’lumotlar bazasida qarzlarning mavjudligi hamda KATMda yig‘ilgan ballar) kompleksi asosida skoring qilish taklifi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki amaliyotida qo‘llanilmoqda (“Mikrokreditbank” ATBning 2024 yil 11 iyuldagi 08-40/19212-son ma’lumotnomasi). Taklifni amaliyotga joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 9 yanvardagi “2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida” PQ-7-sonli Qarorida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda;
O‘zbekistondan xorijga borib ishlayotgan mehnat migrantlari tomonidan yuborilayotgan mablag‘larni qabul qiluvchilarning daromadi sifatida e’tirof etish orqali ularni kreditga layoqatliligini baholash hisobiga aholini keng qamrovda kreditlashni ta’minlash taklifi “Agrobank” ATB tomonidan amaliyotga joriy etildi (“Agrobank” ATBning 2022 yil 2 martdagi 19-02-08/179-son ma’lumotnomasi). Natijada, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali jo‘natilgan mablag‘larni qabul qiluvchi jismoniy shaxslar uchun “Madad” onlayn mikroqarz berish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Mijozlarga qisqa muddatda ushbu xizmat orqali 1,0 mlrd so‘m onlayn mikroqarzlar ajaratildi. Shuningdek, tahlillar ushbu xizmat turidan bankning 10 mingdan ortiq mijozlari 100 mlrd so‘mdan ko‘p miqdorda kreditlar olish imkoniyatlari borligini ko‘rsatmoqda; 
tijorat banklari tomonidan investisiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ularning texnik-iqtisodiy asosnomasini tahlil qilinganda, bir necha bosqichda moliyalashtirishni talab etadigan loyiha bo‘yicha diskontlangan qoplanish muddati (DPP)ni aniqlashni takomillashtirilgan hisoblash usuli taklifi “Mikrokreditbank” ATB Kuzatuv kengashining 2022 yil 31 yanvar sanasidagi 26-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan “Kredit siyosati”ga kiritilgan va bank tomonidan investisiya loyihalarini tahlil qilish amaliyotida qo‘llanilmoqda (“Mikrokreditbank” ATBning 2024 yil 11 iyuldagi 08-40/19212-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida bank va uning mijozlari tomonidan investisiya loyihalariga yo‘naltirilgan mablag‘larni qaytish davrini yanada aniq hisoblash imkoniyati yuzaga keldi. Shuningdek, bank aktivlari tarkibida kredit va investisiyalar hajmi oldingi yilga nisbatan 6,2 foizga oshib, 2023 yil 31 dekabr sanasiga 14871 mlrd. so‘mni tashkil qilgan;
bir necha bosqichda moliyalashtirishni talab etadigan investision loyiha bo‘yicha diskontlashtirilgan daromadlarning diskontlashtirilgan investisiya xarajatlariga nisbatini, shuningdek safarbar qilingan kapitalning real holatda, ya'ni xarid qobiliyatini saqlagan holda qay darajada qaytishini ko‘rsatadigan investisiyalarning rentabelligi (PI)ni aniqlashni takomillashtirilgan hisoblash usuli taklifi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan  amaliyotga joriy etilgan va “Mikrokreditbank” ATB Kuzatuv kengashining 2022 yil 31 yanvar sanasidagi 26-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan “Kredit siyosati”ga kiritilgan (“Mikrokreditbank” ATBning 2024 yil 11 iyuldagi 08-40/19212-son ma’lumotnomasi). Natijada investisiya loyihalari bo‘yicha safarbar etilgan kapitalni xarid qobiliyatini saqlagan holda loyiha hayotiylik davrida qanday qaytishini samarali baholashga erishildi. Qolaversa, ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi bankning foizli daromadlari 2023 yilda 2218 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2022 yilgan nisbatan 36,8 foizga oshishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish