Sultashova Oralxan Genjebaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Amudaryo quyi oqimi degradatsiyaga uchragan tuproqlar unumdorligiga iqlim o‘zgarishi ta’sirini baholash”, 06.01.03 – Agrotuproqshunoslik va agrofizika (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Qx281
Ilmiy maslahatchi: Kurvantaev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universitetida, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/07.06.2024.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Sapojnikov Petr Mixaylovish, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Zakirova Sanoatxon Xamdamovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Turdimetov Shoxobiddin Muhitdinovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpogiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Quyi Amudaryo havzasida tarqalgan tuproqlarining xossa-xususiyatlari hamda Orol dengizi qurishi oqibatida iqlim o‘zgarishining tuproq qoplamiga ta’sirini aniqlash orqali tuproqlar unumdorligiga iqlim o‘zgarishi ta’sirini baholash va er resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, ulardan samarali foydalanishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Quyi Amudaryo havzasida iqlim o‘zgarishi va antropogen omillar ta’sirida tuproq degradatsiyasi rivojlanishining kompleks modeli ishlab chiqilib, unda sho‘rlanish, degumifikatsiya, galofit o‘simliklarning indikatsion ahamiyati, sug‘oriladigan erlardagi sizot suvlarining kimyoviy tarkibi, fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlar dinamikasi zamonaviy geoinformatsion texnologiyalar yordamida bir tizimda baholangan va shu orqali tadqiqot obekti tuproqlarida degradatsiya jarayonlarining uzviy bog‘liqligi, sho‘rlangan tuproqlarida kartoshka etishtirilgan maydonlarda suv va harorat tartibi ilmiy asoslangan.
Amudaryo havzasida tarqalgan turli sho‘rlanish darajasiga ega (tuproqlar uchun uzoq muddatli (30–40-yillik) dala-laboratoriya ko‘rsatkichlari va Landsat-8 sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari integrallashtirilib, yangi GAT-ma’lumotlar bazasi yaratilgan, bu ma’lumotlar bazasi eski manbalarda aks etmagan sho‘rlanish ximizmi, tuproq namligi, meliorativ holat va hudud iqlimidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq xolis ko‘rsatkichlar ilmiy asoslangan.
Qoraqalpog‘iston sharoitida degradatsiyaga uchragan erlarni bosqichma-bosqich tiklash va meliorativ chora-tadbirlarni aniq loyihalash uchun yangi geoinformatsion platforma (Automated Pasture/Soil Information System) aprobatsiya qilinib, hududda ekin navbatini ilmiy asosda tanlash (sho‘rga chidamli ekinlar, galofitlar) bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan va mazkur platforma yordamida sho‘rlangan tuproqlarni sho‘r yuvish me’yorlarini aniqlash, zovurlar tizimini takomillashtirish hamda suv-tuz balansini maqbullashtirish imkoniyati ilmiy jihatdan asoslangan.
Amudaryo deltasi sho‘rlangan tuproqlarida gumus, ozuqa moddalari (NPK), galofit o‘simliklarning biogeokimyoviy ahamiyati va sizot suvlari kimyoviy tarkibini bir vaqtda (kompleks) o‘rganish orqali, tuproq unumdorligini pasaytiruvchi asosiy omillar ilmiy tasnifi tavsiya etilgan va ushbu tasnif avvalgi tadqiqotlarda tarqoq holda yoritilgan bo‘lib, birinchi marta tushunchalar tizimida birlashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amudaryo quyi oqimi degradatsiyaga uchragan tuproqlar unumdorligiga iqlim o‘zgarishi ta’sirini baholash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida: 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi sharoitida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror olish uchun agroiqlimiy metodologik asoslari ishlab chiqilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 26 sentyabr 03/017-3805 son ma’lumotnomasi). Natijada, Amudaryo quyi oqimi iqlim o‘zgarishi davrida agroiqlimiy va agroekologik o‘zgarishini aniq baholash imkonini yaratilgan;
Erlarning tuproq haroratini aniqlashda ArcGIS 10.4 dasturidan foydalanib Landsat 8 suniy yo‘ldoshidan olingan ma’lumotlar asosida LST (Land surface temperature) tuproq yuza haroratini aniqlash natijasida tuproq yuzasi harorati xaritasi yaratilib ishlab chiqarish amaliyotda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 26 sentyabr 03/017-3805 son ma’lumotnomasi). Natijada “ArcGIS” dasturiy ta’minoti asosida hududlar miqyosida tadqiq etilgan axborotlar yordamida qishloq xo‘jaligi erlarning yuza haroratini ko‘rsatuvchi tahlillarni tezkor amalga oshirishga erishilgan;
«Tuproq-o‘simlik-atmosfera» tizimidagi issiqlik, namlik, energiya almashinish jarayonlari qonun va qoidalar yordamida matematik modeli ishlab chiqilib amaliyotda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 26 centyabr 03/017-3805 son ma’lumotnomasi). Natijada issiqlik, namlik va energiya almashishish qonunlari asosida tuproq-o‘simlik-atmosferada namlik, issiqlik energiyasi almashinishi jarayonlari qonuniyatlari isbotlangan.
Janubiy Orolbo‘yi mintaqasidagi tuproqning suv va issiqlik tartibotlarini izohlashda zamonaviy geoinformatika usullarini qo‘llash imkoniyatlari ishlab chiqilgan va amaliyotga tadbiq qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 3 oktyabr № 01/18-2-3250 son ma’lumotnomasi). Natijada, Amudaryo quyi oqimi Qishloq xo‘jaligi erlari holatini monitoring qilish va baholash imkoniyati yaratilgan. Ekologik-agroekologik-agroiqlim tadqiqotlar usullari asosida, ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi sharoitida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror etishtirish uchun agroiqlimiy usullari ishlab chiqilgan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror olish uchun agroiqlimiy va agroekologik resurslarni va degradatsiyaga uchragan tuproqlar unumdorligiga iqlim o‘zgarishi ta’sirini baholashni tadqiq qilish va ekologik vaziyatni yumshatish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyanomalar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 3 oktyabr № 01/18-2-3250 son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda xizmat qilgan, Orolbo‘yi mintaqasi (Amudaryo deltasi) ning buzilgan ekologik muvozanatini yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlarni takomillashtirish imkoniga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish