Xudoyberdieva Aziza Abdumajitovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Karbonil birikmalar va gomoveratrilamin ishtirokidagi uch komponentli reaksiyalar asosida enaminonlar sintezi», 02.00.03 – Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/K689.
Ilmiy rahbar: Saidov Abdusalom Shomurodovich, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti, DSc.03/30.09.2020.K.82.02.
Rasmiy opponentlar: Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor; Vapoev Husnitdin Mirzoevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: enaminon hosilalari sintezining maqbul uslublarini takomillashtirish, 1,3-dikarbonil birikmalar, gomoveratrilamin va aromatik aldegidlar asosida enaminonlarning yangi vakillarini sintez qilish hamda ularning fizik-kimyoviy va biologik xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor molekulasida turli xil o‘rinbosarlar tutgan aromatik aldegidlar, gomoveratrilamin va asetotsirka efiri ishtirokida nukleofil siklobirikish reaksiyasi asosida bir qancha reaksion faol markazlarga ega bo‘lgan enaminon hosilalari sintez qilingan;
asetilaseton ishtirokidagi uchkomponentli reaksiyalar natijasida nafaqat siklik enaminonlar, balki ikki komponentli enonlar va iminlarning hosil bo‘lishi isbotlangan; enaminon hosilalarining sintezi uchun reaksiyaning asosiy bosqichlari va mexanizmi taklif etilgan hamda jarayonlarning eng muqobil sharoitlari aniqlangan;
tabiati turli xil aldegidlar molekulasidagi o‘rinbosarlarning mahsulot unumiga ta’siri o‘rganilgan hamda sintez qilishning samarali usullari takomillashtirilgan, 5-N-((3,4-dimetoksifeniletil)amino)-2,4-dietilefir-1-metil-3-fenilsiklogeksen-4-ol-1 enaminonlar silikagel ustunida xromatografiya usulida tozalanganda enonlarga parchalanishi aniqlangan;
32 ta birikma sintez qilingan bo‘lib ulardan 24 tasi yangi moddalar ekanligi IQ- va YaMR spektroskopiyasi, rentgen tuzilish tahlil usullari yordamida tasdiqlangan, ularning xususiy kattaliklari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Karbonil birikmalarning gomoveratrilamin bilan uch komponentli reaksiyalari asosida enaminonlar sintezi boʻyicha olingan natijalar asosida:
5-N-((3,4-dimetoksifeniletil)amino)-2,4-diasetil-1-metil-2-brom-3-oksi-4-metoksifenil-siklogeksen-4-ol-1 №VA-FA-F-6-009 “Tabiiy birikmalar va ularning sintetik hosilalarining sitotoksik, bakteriya va zamburug‘larga qarshi hamda antioksidant faolliklari” mavzusidagi amaliy loyihasida ilmiy obekt sifatida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2024 yil 26 noyabrdagi 4/1255-2625-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu modda fibroblastlarga nisbatan kam toksiklikka ega bo‘lgan bachadon bo‘yni (HeLa) va qizil o‘ngach saratoni (HEp-2) hujayralariga nisbatan ingibitorlovchi faollikka ega yangi dori vositalari qatorini kengaytirish imkonini bergan;
sintez qilingan N-(3,4-dimetoksifeniletil)-1-(3-nitrofenil)metanimin va 5-N-(3,4-dimetoksifeniletil)amino)-2,4-dietilefir-1-metil-3-fenil-siklogeksen-4-ol-lar “Samarkand-England Eco-Medical” MChJ shaklidagi QKda suv tarkibidagi Escherchia coli (gramm (-) bakteriya)sini ingibirlashda amaliyotga joriy etilgan (“Samarkand-England Eco-Medical” MChJ QKning 2024 yil 13 iyundagi 01-397-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, korxonada ishlatiladigan texnik suv tarkibidagi zararli mikroorganizmlar miqdorini kamaytirish va suvning tozalik darajasini oshirish imkonini bergan.