Turaeva Iroda Sheramatovnaning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumot
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi): “O‘zbek romanlarida etnografik folklorizmlarning badiiy-estetik mohiyati va vazifalari”. 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Fil.1960.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar), IK raqami: Buxoro davlat universiteti DSc.03/04.06.2021.Fil.72.09
Rasmiy opponentlar: Sharipova Laylo Frunzeevna, filologiya fanlari doktori (DSc), Buxoro pedagogika instituti; Sariev San’arjon Matchonboevich, filologiya fanlari doktori (DSc), Urganch davlat universiteti professori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek romanlarida etnografik folklorizmlarning folklorizmlar tizimida tutgan o‘rni, spesifikasi, shakllanish omillari, tasnifi, badiiy-estetik vazifalari, yozuvchi uslubiy mahoratini belgilashdagi ahamiyatini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiyotida badiiy ijodning nasriy turiga aloqador roman janrining jadidchilik, urush davri, turg‘unlik, istiqlol arafasi, istiqlol zamonida yaratilgan namunalarida etnografik folklorizmlarning o‘rni, spesifik belgilari, boshqa folklorizm turlaridan farqi, mushtarak tomonlari, shakllanishining ijtimoiy-ruhiy, badiiy-estetik omillari va asoslari ochib berilgan;
badiiy ijodda polifolklorizm hodisasining organik, strukturaviy axborotli yoki tarkibiy-informatsion, ekzisensial, generativ, konstruktiv, kundalik, transformativ, ratsionalistik, sodda va murakkab, intuitiv, tabiiy, mistik, grotesk, absurd, stilistik-nutqiy folklorizm kabi rang-barang ko‘rinishlari yaxlit tizim sifatida namoyon bo‘lib, ular orasida ijtimoiy-etnografik folklorizmlar alohida o‘rin tutishi dalillangan;
etnografik folklorizmlar asarning milliyligini ko‘rsatishga, badiiyatini oshirishga, o‘zida ko‘pincha madaniy turmush voqealari, to‘y va aza bilan bog‘liq marosimlar, har xil urf-odatlar, irim-sirimlar talqinini berishga xizmat qilishi, bunda an’anaviy poetik uslub vositasi, folklor xronotopi manbasi bo‘lib kelishi asoslangan;
o‘zbek adabiyotida etnografik folklorizmlardan foydalanish poetik tajribasi tadrijiy takomilga erishgani, tarixiylik va xalq tili, etnos madaniyati, etnografiyasi bilan aloqadorlikda o‘z estetikasini namoyon etishi, dominantlikka erishishi oydinlashtirilgan;
o‘zbek romannavislari ijodida qahramon va personajlarning milliy xarakteri hamda psixologiyasining etnografik folklorizmlar orqali ochib berilishiga aloqador badiiy-estetik usul va vositalar, yozuvchilarning bu boradagi uslubiy mahorat qirralari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek nasrida etnografik folklorizmlarning badiiy-estetik mohiyati va vazifalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
dissertatsiyaning “Qahramonlarning milliy xarakterini ochishda yozuvchilarning etnografik folklorizmlardan foydalanish mahorati” 3-bob materiallari, ya’ni o‘zbek romannavislari ijodida qahramon va personajlarning milliy xarakteri hamda psixologiyasining etnografik folklorizmlar orqali ochib berilishiga aloqador badiiy-estetik usul va vositalar aniqlanib, yozuvchilarning bu boradagi uslubiy mahorat tamoyillari dalillab ko‘rsatilganligiga oid xulosalardan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258. “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 12-fevraldagi 04/1-341-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyoti tarixida folklor va yozma adabiyot munosabati an’anaviyligini asoslashda ushbu dissertatsiyadagi ilmiy-nazariy fikrlar muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan;
ilgari surilgan milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va marosimlarimiz talqini hamda tasvirining yozuvchi-shoirlar badiiy asarlarida etnografik folklorizm sifatida berilayotganini ilmiy asoslash, uning spesifikasi, tasnifi, genezisi va poetikasi masalalarini tizimli hal etish milliy adabiyotimiz badiiy taraqqiyot xususiyatlarini belgilab ko‘rsatish imkonini berishi haqidagi fikr-mulohazalardan Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining “Oltin voha” radiosida, “Qadriyat” kabi turkum ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan. Natijada milliy qadriyatlarimiz aks etgan asarlar tahlili misolida adabiyot va millat taqdiri bog‘liqligi tashviq qilindi. Bu esa teletomoshabinlarning ushbu masalalar yuzasidan ma’lumotlarga chuqurroq ega bo‘lishiga asos yaratdi. Buning natijasida ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni ham mukammallashtirilib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga, ko‘rsatuvning ilmiy-ommaboplik xususiyati oshishiga erishilgan. (Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining 17-05/30-son ma’lumotnomasi.07.02.2024.)