Nodira Shuxrat qizi Xolmonovaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Xiva xonligi va Rossiya aloqalari tarixshunosligi (o‘zbek va rus tilli adabiyotlar)”. 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2024.4.PhD/Tar1363
Ilmiy rahbar: Nigora Ashirovna Allaeva, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Baxtiyor Ergashev, tarix fanlari doktori, professor; Alisher Xasanovich Xoliyorov, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xiva xonligi-Rossiya munosabatlariga o‘zbek va rus tilli adabiyotlarda berilgan biryoqlama yoki nisbatan xolis yondashuvlarni tahlil qilish orqali tarix tajribasini O‘zbekiston – Rossiya manfaatli aloqalar istiqboli uchun ahamiyatini ko‘rsatish, tomonlar munosabatining o‘ziga xos jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Xiva xonligi va Rossiyaning o‘zaro munosabatlari dinamikasi 5 ta bosqich: 1) “Savdo-diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yish” – 1558-yilda Rus davlati tomonidan Xivaga savdo kompaniya vakilining yuborilishi, savdo kelishuvlarining amalga oshirilishi; 2) “Ziddiyatli holatlar” – A. Bekovich-Cherkasskiyning Xiva ekspedisiyasi mag‘lubiyati va xivalik elchi Avaz Muhammadning o‘ldirilishi; 3) “Mavhumlik va munosabatlarni tiklash”  – A. Bekovich-Cherkasskiy halokati ortidan elchilikning to‘xtab qolishi va Sherg‘ozixonning Pyotr I ga yo‘llagan “do‘stlik va sadoqat izhori”dan so‘ng munosabatlardagi jonlanish; 4) “Siyosiy o‘yinlar va bosimlarning kuchayishi” – 19-yuzyillik 40-yillaridan xonlik taklif etgan muzokaralarning rad etilishi va “rus qullarini ozod etish talabi” bahonasida harbiy harakatlarning faollashuvi; 5) “Qaramlik davri” – 1873-yildan keyin xonlar va taxt vorislarining Rossiyaga tashrifi hamda ekspedisiyalarni tashkil etishdan iboratligi asoslangan.
Xikal, Ketereul, Beliyusuf, Kadish va Pakul kabi Xiva elchilarining 16-yuzyillikdagi o‘zaro savdo aloqalarida tutgan o‘rni ochiqlanib, ularning Rus davlati tomonidan olinadigan boj to‘lovlarini kamaytirish, savdo karvonlari hajmini oshirish, savdogarlar faoliyatini erkinlashtirish kabi savdo aloqalarini rivojlantirishdagi xizmatlari dalillangan. 
“Xivalik Nurmuhammad o‘g‘li Xonmuhammad va Muhammad Amin o‘g‘li Yusuf Mahsumning rus amaldorlari bilan uchrashuvi”ga doir maktub orqali aksariyat adabiyotlarda ta’kidlangan “Xiva xonlarining Rossiya imperiyasi harbiy harakatlari faollashuviga e’tiborsizligi, amaliy chora ko‘rmaganligi” borasidagi qarashlarning noto‘g‘ri ekanligi, Oqmachit qal’asini egallangandan keyin imperiyaning navbatdagi harbiy-siyosiy rejalarini o‘rganish, maqsadlarini aniqlashga, qo‘shni xonliklar bilan ittifoqchilik aloqalarini kuchaytirishga jiddiy urinishlar bo‘lganligi asoslangan.    
1858-yilda xonlikka elchi bo‘lib kelgan fligel-adyutant N. Ignatevning “Xiva qushbegisiga ko‘rsatilgan ko‘mak, berilgan hadyalar va tantanali kuzatuv marosimi uchun minnatdorlik maktubi” orqali uning “Xotira”larida qayd etilgan “Xivada rus vakillariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishgani” inkor etilib, imperiyaning bosqin arafasida Xivaga nisbatan ikkiyuzlamachilik siyosatini olib borganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Xiva xonligi va Rossiya aloqalari tarixshunosligi (o‘zbek va rus tilli adabiyotlar) mavzusiga oid ilmiy xulosa va takliflar asosida: 
Xiva xonligining tashkil topgan davridan to tugatulganiga qadar to‘rtyuz yildan ortiq davr mobaynida Xiva – Rossiya diplomatik aloqalarida besh bosqichli munosabatlar dinamikasi, ularning mohiyatiga doir ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Qismat” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” teleradio-kanali davlat unitar korxonasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 01-44-351-son ma’lumotnomasi).  Tadqiqot natijalari Xiva xonlari, arabshohiylar: Elbarsxon, Sufiyonxon, Hoji Muhammadxon, Arab Muhammadxon, Abulg‘ozixon, Sherg‘ozixon; qo‘ng‘irotlar: Muhammad Amin inoq, Eltuzarxon, Rahimqulixon, Said Muhammadxon, Muhammad Rahimxon II va Asfandiyorxon kabi xonlarning hukmronligi, tashqi siyosati, Rossiya bilan munosabatlarini elchiliklar doirasida ochib berishga xizmat qilgan. 
Xiva xonligi va Rossiya aloqalarida ishtirok etgan, adabiyotlarda tilga olinmagan xivalik ba’zi elchilar: Xikal, Ketereul, Beliyusuf, Kadish kabilarning ikki davlat o‘zaro savdo aloqalaridagi o‘rni hamda Xiva xonlarining Rossiyaga qaramlik borasidagi ixtiyoriy iltimoslar yo‘llaganligiga oid qator tadqiqotlardagi qarashlar noto‘g‘ri ekanligi, Xiva xoni Shohniyoz (1699-1702)ning Pyotr I ga yo‘llagan maktubi mintaqa xalqaro munosabatlarida rus hukumati tomonidan Xiva xonligi bilan o‘zaro ittifoqchilik aloqalarini mustahkamlashga qaratilganligiga oid ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Qismat” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” teleradio-kanali davlat unitar korxonasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 01-44-351-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijasi 16-18-yuzyillik boshlarida Xiva xonligi va Rossiya munosabatlarida karvon: quruqlik, suv yo‘llari va shaharlarni bir-biriga bog‘lashga xizmat qiluvchi yo‘llar borasidagi qarashlar, ikki davlat aloqalarini olib borishda chegara hududlar (shaharlar)dagi bojxonalar faoliyatini ochib berishga xizmat qilgan.
Ikki davlat aloqalarida ishtirok etgan elchilar, ekspedisiya vakillarining tashriflariga oid arxivlardagi tadqiqotga tortilmagan hujjatlar: “Xivalik Nurmuhammad o‘g‘li Xonmuhammad va Muhammad Amin o‘g‘li Yusuf Mahsumning rus amaldorlari bilan uchrashuvi”ga doir 1855-yilgi maktub Rossiya imperiyasi tomonidan Oqmachit qal’asi egallangandan keyingi harbiy-siyosiy rejalarini o‘rganish maqsad qilinganligiga oid qimmatli ma’lumotlardan O‘zR FA Tarix instituti va Xorazm Ma’mun akademiyasi tomonidan bajarilgan I-FA-2019-25-sonli “Xorazm shaharlarining tarixi, madaniy meroslari, obidalari va sanʼat asarlarining tadqiqotlari asosida SMART texnologiyalarini yaratish” mavzusidagi qo‘shma innovatsiya loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zR FA Tarix instituti 2024-yil 28-oktyabrdagi 3/1255-2394-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi “xonlarning Rossiya imperiyasi harbiy harakatlari faollashuviga e’tiborsiz bo‘lganligi, amaliy chora ko‘rmaganligi” borasidagi qarashlarning noto‘g‘ri ekanligiga asos bo‘lib xizmat qilgan.
1858-yilda xonlikka kelgan rus elchisi “N. Ignatevning Xiva qushbegisiga yo‘llagan minnatdorlik maktubi” uning 1871-yilda nashr etilgan “Xotira”larida qayd etilgan “Xivada rus vakillariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishgani”ni inkor etuvchi ma’lumotlardan O‘zR FA Tarix instituti va Xorazm Ma’mun akademiyasi tomonidan bajarilgan I-FA-2019-25-sonli “Xorazm shaharlarining tarixi, madaniy meroslari, obidalari va sanʼat asarlarining tadqiqotlari asosida SMART texnologiyalarini yaratish” mavzusidagi qo‘shma innovatsiya loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zR FA Tarix instituti 2024-yil 28-oktyabrdagi 3/1255-2394-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy natijalari Rossiya imperiyasining xonlikka harbiy harakatlarni boshlash oldidan qo‘llagan ikkiyuzlamachilik siyosati ekanligini dalillashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish