Mansurova Nodira Bobojonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Badiiy adabiyotda magik realizm: genezisi va taraqqiyot tamoyillari (Gabriel Garsia Markes, Mixail Bulgakov va o‘zbek adiblari ijodi misolida)», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro'yxatga olingan raqam: № B2022.2.PhD/Fil2575.
Ilmiy rahbar: Afoqova Nodira Maxmudovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko'rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Mo‘minov Fayzullo Abdullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Nasirov Azimidin Normamatovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Badiiy adabiyotda magik realizm genezisi va taraqqiyot tamoyillarini G.G.Markes, M.Bulgakov va o‘zbek adiblari ijodidagi mushtarak va o‘ziga xos jihatlarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
chuqur ramziylik, folklorizmning quyuqligi, miflarga murojaat, real voqealarga sehrlilikning aralashuvi kabi belgilar bilan namoyon bo‘lgan magik realizm, uning genezisi, milliy adabiyotda shakllanish omillari, istiqbol tamoyillari belgilanib, umumestetik va adabiy hodisa sifatida jahon va o‘zbek adabiyotshunosligida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
magik realizmning real hayot voqealariga sehrlilik, ertak elementlarining qorishishi, qadimiy miflarning yangicha interpretatsiyasi, badiiy xronotopning o‘ziga xosligi bilan xarakterlanishi; realizm, fantastika, fabulizm, animizm, postmodernizm kabi yondosh adabiy hodisalar negizida voqelanishi aniqlangan;
Mixail Bulgakov hamda Gabriel Garsia Markes ijodida magik realizm badiiy xronotopning subektiv va nisbiyligi; folklor va miflarga murojaat, butunjahon mifologiyasi elementlarining qorishiq qo‘llanishi; psixologik determinizmdan chekinish; antiutopiyalik va antipragmatizm; ekzistensial dunyoqarashning yetakchiligi kabi badiiy ifoda elementlari orqali namoyon bo‘lishi dalillangan;
milliy adabiyotshunoslikda magik realizm G‘arbu Sharq folklori elementlari va mif-asotirlaridan foydalanish; badiiy xronotopning umumiy xarakterda bo‘lishi; voqea tasviridan ko‘ra mushohadaviylik, qahramon mulohazalarining ustuvorligi; tafsilotlarning quyuqligi; real, odatdagi voqea-hodisalarga ham sirli tus berilishi; nomsiz qahramonlar yoki turdosh otlarning atoqli ot sifatida qo‘llanishi; chuqur ramziylik, tagma’noning kuchliligi, evrilish, tasavvufona talqin kabi xususiyatlar ustivorligida ifodalanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy adabiyotda magik realizm: genezisi va taraqqiyot tamoyillari G.G.Markes, M.Bulgakov va o‘zbek adiblari ijodi misolida tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
chuqur ramziylik, folklorizmning quyuqligi, miflarga murojaat, real voqealarga sehrlilikning aralashuvi kabi belgilar bilan namoyon bo‘lgan magik realizm, uning genezisi, milliy adabiyotda shakllanish omillari, istiqbol tamoyillari belgilanib, umumestetik va adabiy hodisa sifatida jahon va o‘zbek adabiyotshunosligida namoyon bo‘lishiga oid nazariy xulosalardan O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialida 2017-2020- yillarda bajarilgan FZ-2016-0908165532 “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2023-yil 24-oktyabrdagi №512-son ma’lumotnomasi). Natijada hikoya kompozisiyasidagi lisoniy va sintaktik birliklar, uslubiy ma’no tashuvchi vositalarning badiiy matnda namoyon bo‘lishi ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasini shakllanishida xizmat qilgan;
magik realizmning real hayot voqealariga sehrlilik, ertak elementlarining qorishishi, qadimiy miflarning yangicha interpretatsiyasi, badiiy xronotopning o‘ziga xosligi bilan xarakterlanishi; realizm, fantastika, fabulizm, animizm, postmodernizm kabi yondosh adabiy hodisalar negizida voqelanishiga oid ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020-yillarda bajarilgan PZ-20170927147 “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 26-maydagi 04/1-1025-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishtirokchilari va mutaxassislarining qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan yozma manbalardagi folklor elementlarining bugungi zamonaviy o‘zbek adabiyotiga ta’siri haqidagi bilimlar bazasini yanada kengaytirishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
Mixail Bulgakov hamda Gabriel Garsia Markes ijodida magik realizm birlamchi va yashirin reallikning mavjudligi; badiiy xronotopning subektiv va nisbiyligi; folklor va miflarga murojaat, butunjahon mifologiyasi elementlarining qorishiq qo‘llanishi; psixologik determinizmdan chekinish; antiutopiyalik va antipragmatizm; ekzistensial dunyoqarashning yetakchiligida namoyon bo‘lishiga oid ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2023-yillarda bajarilgan AM-FZ-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 25-apreldagi 01/10-792-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotchi tomonidan to‘plangan materiallardan o‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratishda Mixail Bulgakov hamda Gabriel Garsia Markes ijodiga mansub asarlardagi materiallardan keng foydalanilgan;
milliy adabiyotshunoslikda magik realizm G‘arbu Sharq folklori elementlari, mif-asotirlaridan foydalanish; badiiy xronotopning umumiy xarakterda bo‘lishi; voqea tasviridan ko‘ra mushohadaviylik, qahramon mulohazalari, o‘y-fikrlarining ustuvorligi; tafsilotlarning quyuqligi; real, odatdagi voqea-hodisalarga ham sirli tus berilishi; nomsiz qahramonlar yoki turdosh otlarning atoqli ot sifatida qo‘llanishi; chuqur ramziylik, tagma’noning kuchliligi, evrilish, tasavvufona talqin kabi xususiyatlar ustivorligi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Navoiy viloyat teleradiokompaniyasida “Adabiy muhit”, “Qadriyat”, “Dolzarb mavzu” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining 2022-yil 29-avgustdagi №01-02/131-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan hamda ilmiy-nazariy dalillarga boy bo‘lishi taminlangan.