Karimova Shaxnoza Shuxrat qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Farid Edgu hikoyalarida psixologizm”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3423
Ilmiy rahbar: Kenjaeva Poshshajon Umidovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaeva Ra’no Umarovna, filologiya fanlari doktori, professor; Veli Savash Elok, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farid Edguning psixologik hikoyalaridagi yozuvchi va qahramon psixologiyasini aks ettirishning poetik tamoyillarini aniqlash, hamda qahramon ruhiyatining o‘zgarish dinamikasini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
psixologizmning nazariy asoslariga ko‘ra, badiiy asarda psixologizmni yuzaga chiqaruvchi mezonlar shakllantirilgan hamda hikoya janrida psixologizmni kuchaytiruvchi tasvir vositalari, xarakter va vaziyat mutanosibligi aniqlangan;
zamonaviy turk hikoyanavisligida inson ruhiyatini yoritish omillarining tadrijiy tahlili natijalariga asosan M.Sh.Esendal va S.Foiq ijodida aks etgan qahramon ruhiyatining dinamik tasviri, ixchamlik hamda statik syujetning Farid Edgu uslubiga ta’siri isbotlangan;
Farid Edgu hikoyalarining biografik tahlili natijalariga binoan yozuvchining badiiy mahorati va qahramon ruhiyati talqini adibning biografiyasi, umr yo‘li, ta’lim-tarbiyasi, ijtimoiy-siyosiy muhit hamda ma’naviy qadriyatlarga tayanganligi dalillangan;
Farid Edgu hikoyalarida ong oqimi, monolog, montaj, psixologik timsol, leytmotiv kabi modernistik, hamda psixologik illyuziya, gipnoz, intermediyaviylik, intermatn va paramatn singari modernistik va postmodenistik vositalarning qahramon ruhiyatini yoritishdagi ahamiyati aniqlangan;
psixologik va minimal hikoyalarda aktant modellarini aniqlash orqali voqelik ishtirokchilarining qahramon psixologik holatining ishonarliligini ta’minlashdagi ahamiyati belgilangan hamda aktant modeliga asoslangan holda narrativ modelda qahramon ruhiyati dinamikasining syujet davomidagi o‘zgarishlari belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot bo‘yicha olingan natijalar Turkiyaning Respublikasi Firat Universitetining “Ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash” tashkilotining “Çağdaş Türk Yazı Dillerinin Karşılıklı Anlaşabilirliği” loyihasida dissertatsiya natijalari amalda joriy etilgan. F.Edguning “Ming bir bo‘g‘in” (“Bin Bir Hece”) va “ O‘laksa” (“Leş”) nomli hikoyalar to‘plamidan joy olgan hikoyalarning o‘zbek tiliga tarjimasi loyihaning so‘rovnoma va tinglash matnlarini tuzishda amalıy qo‘llanilgan (Firat universiteti 2024-yil 13-fevralidagi ma’lumotnomasi.). Natijada tadqiqotchi tomonidan olib borilgan tarjima matnlari asosida turkiy xalqlar o‘rtasida o‘zaro turkiy tillarning tushunarlilik darajasini belgilash uchun amalda joriy etilgan;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Foreign languaGES” telekanalining “Good morning, Uzbekistan”, “Hasbihal”, “Tömer” kabi turk tilidagi dasturlarida tadqiqot ilmiy natijalaridan ko‘rsatuvlar ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 21-dekabrdagi 02-05-1948-son ma’lumotnomasi). Natijada Farid Edgu ijodi bilan oʻzbek teletomoshabinlarini yaqindan tanishtirish ta’minlangan;
Turkiyaning Bursa shahridagi “Holon” adabiyotshunoslar akademiyasining Farid Edguga bag‘ishlangan ochiq seminarlarida tadqiqotning ilmiy natijalaridan foydalanilgan. Farid Edgu ijodi bilan bog‘liq natijalarga “Psixologizm va Farid Edgu ijodi” mavzusidagi seminar akademiya a’zolari uchun 2023-yilning 28-noyabr kuni onlayn seminar shaklida ma’ruza qilingan (“Holon” adabiyotshunoslar akademiyasining 2024-yil 10-iyunidagi ma’lumotnomasi). Shuningdek, akademiyaning keyingi sonlarida Farid Edgu ijodi, psixologizm, semiotik tahlil, qisqa hikoyalarga bag‘ishlangan mavzulardagi eshittirishlarga ssenariylari tuzilgan. Natijada tadqiqotchi ma’ruzasi akademiyaning sahifasiga video lavha shaklida joylashtirilgan;
“Farid Edgu hikoyalarida psixologizm” mavzusidagi dissertatsiyaning amaliy natijalari 2023-yil 11-iyundagi 26-IB qarori bilan tashkillashtirilgan “Adabiyotshunoslik terminlar lug‘ati” (sharq tillari kesimida”) mavzusidagi amaliy loyihasining turk adabiyoti atamalarini shakllantirishda qo‘llanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti 2024-yil 16-sentyabrdagi 01-04-01/2095 raqamli ma’lumotnoma). Tadqiqot natijalariga tayangan holda psixologik detal, leitmotiv, psixologik timsol, montaj, paramatn kabi badiiy tasvir vositalari lug‘atdan joy olgan.