Isaqova Mo‘nisa Qaxramonjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
“Xalqaro huquqiy terminlar va ularning milliy yuridik tilga ta’siri”, 10.00.01 – O‘zbek tili. (Filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2380
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy maslahatchi:Kuchimov Shuxrat Norqizilovich, filologiya fanlari doktori, professor. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Azimov Inomjon , filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand  davlat universiteti 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek qonunchiligida qo‘llanayotgan xalqaro huquqiy terminlarning o‘zbek yuridik tiliga ta’sirini o‘rganish, ularni o‘zbek tiliga o‘zlashtirishning usul va tamoyillarini aniqlash, shu talabdan kelib chiqqan holda, ularni tartibga solish (unifikatsiyalash va standartlashtirish) dan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
o‘zbek tilshunosligida xalqaro huquqiy terminlarga munosabat, yuridik matnga yurislingvistik yondashuv, bu sohada tilshunoslik va huquqshunoslik fanlari integratsiyasiga asoslangan tadqiqotlarning paydo bo‘lishi hamda jadal rivojlanayotganligi yoritilgan;        xalqaro huquqiy terminlarning shakllanishi,  taraqqiyoti diaxron va sinxron jihatdan tahlil qilinib, ularning rivojlanish mexanizmi va tendensiyalari ochib berilgan;                    dunyo tillarida xalqaro huquqiy terminlar tizimi, o‘zlashtirish usullari, tuzilishi va semantikasi o‘zbek tili bilan qiyosiy o‘rganilib, o‘zbek yuridik tilida xalqaro huquqiy terminlarning lingvistik huquqiy asoslari, ularni o‘zlashtirish tamoyillari ishlab chiqilgan va misollar yordamida dalillangan;                
o‘zbek tilida xalqaro huquqiy terminlarning transformatsiyasi, ularni tilshunoslik va huquqshunoslik fanlari integratsiyasi, jahon tilshunosligining ilg‘or yutuqlari nuqtayi nazaridan tartibga solish (unifikatsiyalash va standartlashtirish) mezonlari ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Xalqaro huquqiy terminlarning milliy yuridik tilga ta’siri tadqiqi bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalar asosida:  
huquqiy terminologiyani lingvistik nuqtayi nazardan tasniflash, xalqaro terminlarni ona tilimizga o‘zlashtirish uchun ishlab chiqilgan tamoyillar hamda sohaviy terminologik elektron lug‘atlar yaratish yuzasidan olingan ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020–2023-yillarda bajarilgan AM-F-3-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 6-maydagi 04/1-1180-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot xulosalari asosida chiqarilgan taklif va tavsiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi yuzasidan erishilgan natijalar loyiha doirasida elektron korpus, shuningdek, korpus lingvistikasining rivojlanishida muhim manba vazifasini bajargan;
turkiy xalqlar tilshunosligida huquqiy terminologiya yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlardan olingan nazariy va amaliy ko‘nikmalar, shuningdek, ularning  milliy yuridik til leksik tizimida mavjud  mushtarak jihatlarning o‘rganilishi natijasida olingan     xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021–2023-yillarda olib borilgan PZ2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 6-maydagi 04/1-1182-son ma’lumotnomasi). Natijada, turkiy xalqlar huquqiy terminologiyasining o‘xshash va farqli jihatlari asosida keltirilgan xulosalar elektron platformani shakllantirishda nazariy jihatdan manba bo‘lib xizmat qilgan;                        
huquqiy terminlar tezaurusini yaratishning nazariy masalalari, terminlarning lug‘atlarga kiritilish mezonlari, xalqaro yuridik terminlarning milliy yuridik tilda qo‘llanishi yuzasidan chiqarilgan nazariy xulosalardan Toshkent davlat yuridika universitetida 2022–2023-yillarda bajarilgan AL-21045591 raqamli “Yuridik terminlar elektron tezaurusi va innovatsion multimedia platformasini  yaratish” mavzusidagi innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat yuridika universitetining 2024-yil 16-maydagi 7/2166-7-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, huquqiy terminlarning lug‘atlarga kiritilishi yuzasidan belgilangan mezonlar elektron tezaurusini shakllantirishda nazariy jihatdan loyiha mazmun-mohiyatini yuksaltirish va misollar bilan boyitish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish