O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2025 yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi yig‘ilishida berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash yuzasidan Oliy attestatsiya komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda yig‘ilish o‘tkazildi. “Korrupsiyadan holi” shiori ostida tashkil etilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi  boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Yusufali Usmonalievich Eshov, boshqarma katta prokurori Jaxongir Xodjakbarovich Ismoilov hamda oliy attestatsiya komissiyasi jamoasi ishtirok etdi.

Yig‘ilishda demokratik islohotlar asosida mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligining o‘sib borayotgani, fuqarolarimizning haq-huquqlari ta’minlanib, korrupsiyaviy holatlarning barham topayotgani xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida oliy malakali ilmiy va ilmiy–pedagogik kadrlarni tayyorlash hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada shaffof, ochiq va har qanday korrupsiyaviy xavf-xatarlardan holi tizimga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar keng muhokama etilib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan “Inson qadri” tamoyili asosida fuqarolar haq-huquqlarini ta’minlash, jamiyatda ochiqlik va erkinlikni kafolatlash borasida xalqaro huquqiy me’yorlarga javob beruvchi kompleks tizimni yaratish, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimida ham xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra, oliy malakali ilmiy va ilmiy–pedagogik kadrlarni tayyorlash hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazish tizimida ham profilaktik chora-tadbirlarni tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida fikr-mulohoza, taklif va tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish so‘nggida attestatsiya jarayonlarini raqamlashtirish, tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan yangiliklar ishonch  va sifat kafolati bo‘lishi yana bir bor qayd etildi.

OAK Axborot xizmati

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish