Berdiev Dilmurod Xolmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan bo‘z tuproqlar, ularning xossalari va unumdorligi (Surxondaryo viloyati misolida)», 03.01.03 - Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/B1288.
Ilmiy rahbar: Abduraxmonov Nodirjon Yulchievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, PhD.03/5.05.2023.B/Qx.01.17.
Rasmiy opponentlar: Turdimetov Shaxobiddin Muxiddinovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Faxrutdinova Mashkura Fazliddinovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Surxondaryo viloyati bo‘z mintaqa tuproqlarining xossa-xususiyatlarini sug‘orish ta’sirida o‘zgarish dinamikasini aniqlash, evolyusion va transformatsion jarayonlarning jadalligini belgilash hamda tuproq sifatini baholash orqali sug‘oriladigan bo‘z tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan echimlar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hududning bo‘z mintaqa sug‘oriladigan avtomorf tuproqlari evolyusion jarayonlar ta’sirida yarimgidromorf va gidromorf tuproqlar tomon transformatsiyalanganligi asoslangan;
sug‘oriladigan avtomorf (r=0,68-0,77), yarim gidromorf va gidromorf
(r=0,81-0,90) tuproqlar tarkibidagi gumus miqdori bilan g‘o‘za ekini hosildorligi o‘rtasidagi korrelyativ bog‘liqlik aniqlangan;
Surxon vohasi bo‘z mintaqasi sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlarida shag‘alli qo‘shilmalarni o‘rta qatlamlardan (40-100 sm) boshlanishining tuproq unumdorligini chegralovchi omil sifatidagi ta’siri asoslangan;
bo‘z mintaqa sug‘oriladigan tuproqlari sifat jihatidan baholangan va avvalgi tur tadqiqot natijalari bilan taqqoslash asosida unumdorlik darajasidagi (yaxshi erlar (61-80 balli) maydoni 15 foizga ortgan) o‘zgarishlar dinamikasi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Surxondaryo vohasi bo‘z mintaqasi sug‘oriladigan tuproqlarining xossalari va unumdorligi bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
Denov tumani A.Temur nomli massiv sug‘oriladigan tuproqlarining gumus bilan ta’minlanganlik darajasini ifodalovchi kartogramma tuzilgan va massivdagi fermer xo‘jaliklari foydalanishidagi 1930,95 gektar sug‘oriladigan er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 10-dekabrdagi 05/03-03-398-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur ma’lumotlar hududdagi tipik bo‘z, bo‘z-o‘tloqi va o‘tloqi tuproqlarni organik moddaga boyitish orqali tuproq unumdorligini oshirish choralarini belgilashga imkon bergan;
Sariosiyo tumanidagi I.Diyorov nomli, Uzun tumanidagi «Guliston», Denov tumanidagi A.Temur, Sho‘rchi tumanidagi Y.Oxunboboev va Qumqo‘rg‘on tumanidagi S.Boymatov nomli massivlar sug‘oriladigan er maydonlari uchun 1:10000 masshtabli tuproq sifatini baholash kartalari ishlab chiqilgan va massivlar hududidagi 12095,1 gektar sug‘oriladigan er maydonlarida fermer xo‘jaliklar foydalanishlari uchun amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 10-dekabrdagi 05/03-03-398-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu ma’lumotlar sug‘oriladigan tuproqlarning xossa-xususiyatlari, unumdorlik darajasiga qarab erlarning me’yoriy qiymatini hisoblash, hosildorlikni rejalashtirish, unumdorligi past bo‘lgan erlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom-ashyosi etishtiruvchi qishloq xo‘jaligi sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilash imkonini bergan;
Denov tumani A.Temur nomli massiv sug‘oriladigan tuproqlarini harakatchan fosfor va almashinuvchi kaliy bilan ta’minlanganlik agrokimyoviy kartogrammalari tuzilib, fermer xo‘jaliklarining 1930,95 gektar sug‘oriladigan er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 10-dekabrdagi 05/03-03-398-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur ma’lumotlar erdan foydalanuvchi subektlar sug‘oriladigan er maydonlarining mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talabini aniqlash, maqbul me’yor va muddatlarda mineral o‘g‘itlarni qo‘llash va shu orqali tuproqlarning agrokimyoviy holatini yaxshilashga imkon bergan.