Nasimxonov Lutfullo Nazirillo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Neftgazkondensat konlarini turli xil ishlash tizimlarida uglevodorodlarni alohida xisobga olish metodikasini takomillashtirish (Janubiy Kemachi neftgazkondensat koni misolida)», 04.00.13 – Neft` va gaz konlarini o‘zlashtirish hamda ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T2876.
Ilmiy rahbar: Nazarov Ulug‘bek Sultanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “O’ZLITINEFTGAZ” AJ, DSc.23/25.08.2021.T.136.01.
Rasmiy opponentlar: Ermatov Navro‘z Xushmuratovich, texnika fanlari doktori, professor; Asadova Xulkar Boymonovna, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya intitut.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: neftgazkondensat konlaridan qazib olinayotgan uglevodorod xom ashyosini ajratish va hisobga olishni optimallashtirish vazifalaridagi tizimli me’zonlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
neftgazkondensat konlarini, gaz do‘ppisidagi gazni konservatsiya qilgan holda, birinchi navbatda neft olish sistemasidan neft va gazni birgalikda olishga o‘tilishining quduqlarning ishlatish ko‘rsatgichlariga, olinayotgan uglevodorod xom ashyosining yig‘ish, ajratish va hisobga olish sharoitlariga ta’siri isbotlangan;
neftgazkondensat konlarini ishlatish sistamasining o‘zgartirilishi neftni siqib chiqaruvchi turli qatlam energiyalarini qayta taqsimlanishiga, olinayotgan uglevodorod xom ashyosining tarkibiga, yig‘ish, tayyorlash, ajratish va hisobga olish texnologiyalarining o‘zgarishiga olib kelishi asoslangan;
qazib olinayotgan uglevodorod xom ashyosini turli usullar bilan ajratishda uning komponentlari miqdorini farq qilishi sabablari aniqlanib me’zon sifatida gazsizlantirilgan neftning zichligidan foydalanish kerakligi isbotlangan;
Buxoro-Xiva regionidagi konlar uchun uglevodorodlarning turli xossalari orasidagi matematik modellari o‘rnatilgan, ular ko‘rsatkichlarning kichik oraliqlarida yuqori korrelyasiya koeffisientlari bilan to‘g‘ri chiziqli, katta oraliqlarida esa asosan eksponensial bog‘liqliklar bilan ifodalanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Neftgazkondensat konlarini turli ishlash sistemalarida uglevodorodlarni alohida hisobga olish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qo‘shimcha past bosimli separatorlar, rezervuarlar va kiruvchi uzatkichlar blokiga nasoslar o‘rnatilib quduqlarning maxsulotlarini yig‘ish va o‘lchash tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar “Muborakneftgaz” NGQBning Janubiy Kemachi neftgazkondensat konida joriy etilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2024 yil 6 yanvardagi 03-18-8-35-son ma’lumotnomasi). Natijada, quduqlar mahsulotlarini alohida hisoblash, optimal texnologik rejimlarni o‘rnatish va samarali geologo-texnik tadbirlarni o‘tkazish imkonini bergan;
qazib olinadigan neftgazkondensatli aralashmani neft`, kondensat, yo‘ldosh va erkin gazga neftni zichligi asosida ajratish bo‘yicha tavsiya “O’ZLITINEFTGAZ” AJda amaliyotga joriy etilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2024 yil 6 yanvardagi 03-18-8-35-son ma’lumotnomasi). Natijada, konni ishlatish jarayonida joriy hamda yakuniy NQOK, GQOK va KQOKni baholash neft`, kondensat, yo‘ldosh va erkin gaz qazib olishning ilmiy asoslangan prognozini qilish imkonini bergan.