Qarshiboev Hasan Xolbazarovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida
fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Lalmikor maydonlarda ekish uchun bug‘doyning don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan yangi navlarini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya  va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/Qx282.
Ilmiy maslahatchi: G‘aybullaev G‘ulom Saydalimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: qattiq bug‘doyning “Billurdon” navi (NAP 00328), “Kumushdon” navi (NAP 447) va yumshoq bug‘doyning “Qizildon” navi (NAP 00326).
II. Tadqiqotning maqsadi Lalmikor maydonlarda ekish uchun bug‘doyning tashqi muhit noqulay omillariga chidamli, hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan yangi navlarini yaratishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor kelib chiqishi turli geografik mintaqalarga mansub bo‘lgan bug‘doy namunalarining qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlari lalmikor maydonlar sharoitida kompleks o‘rganilib, seleksiyaning turli yo‘nalishlari uchun boshlang‘ich manbalari ajratib olingan;
bug‘doy navlari va namunalarining hosildorligi, don sifat ko‘rsatkichlari, tashqi muhit noqulay omillariga (issiqlikka, qurg‘oqchilikka), zang kasalliklariga chidamligi qiyosiy baholangan hamda tashqi muhit noqulay omillariga chidamli, hosildorligi va don sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan bug‘doyning yangi nav va namunalari tanlab olingan;
tanlab olingan bug‘doyning kelib chiqishi turli geografik mintaqalarga mansub bo‘lgan namunalari bilan mahalliy navlarni chatishtirish asosida yangi duragay tizmalari yaratilgan;
lalmikor maydonlarda ekish uchun tashqi muhit noqulay omillariga chidamli, hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan qattiq bug‘doyning yangi “Billurdon” va “Kumushdon” navlari hamda yumshoq bug‘doyning “Qizildon” navi yaratilgan;
yangi yaratilgan qattiq bug‘doy “Billurdon” navining don yaltiroqligi 0,7%, oqsil miqdori 1,4%, hosildorligi 2,2 s/ga, qattiq bug‘doy “Kumushdon” navining don yaltiroqligi 1,4%, oqsil miqdori 1,6%, hosildorligi 2,4 s/ga, yumshoq bug‘doy “Qizildon” navining don yaltiroqligi 2,4%, oqsil miqdori 1,3%, hosildorligi 2,7 s/ga yuqori ekanligi bilan boshqa navlardan ustunligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Lalmikor maydonlarda ekish uchun bug‘doyning don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
lalmikor maydonlarda ekish uchun qurg‘oqchilikka, issiqlikka, zang kasalliklariga chidamli, hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan qattiq bug‘doyning “Billurdon” (NAP00328), “Kumushdon” (NAP447) navlari va yumshoq bug‘doyning “Qizildon” (NAP00326) navi  yaratilgan va ushbu navlarga Intellektual mulk agentligi tomonidan seleksiya yutuqlari uchun patentlar olingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 12-noyabrdagi 05/05-03-366-son maʻlumotnomasi). Natijada, tashqi muhit noqulay omillariga chidamli, don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan yangi bug‘doy navlarini yaratish uchun ushbu navlar seleksiya jarayonida duragaylash ishlarida donor nav sifatida foydalanishga tavsiya etilgan;
lalmikor maydonlarda ekish uchun don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan yangi yaratilgan qattiq bug‘doyning “Billurdon” navi 2017 yilda, “Kumushdon” navi 2020-yilda va yumshoq bug‘doyning “Qizildon” navi 2017-yilda davlat nav sinovi uchun Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga topshirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining 2024-yil 20-avgustdagi T-6/01-09-439-son maʻlumotnomasi). Natijada, ushbu navlar lalmikor maydonlarda ekish uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga kiritilgan;
qattiq bug‘doyning “Billurdon” navi Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani fermer xo‘jaliklarining 163,0 gektar lalmi er maydonlariga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi 05/05-03-366-son ma'lumotnomasi). Natijada, qattiq bug‘doyning “Billurdon” navi joriy qilinishi hisobiga gektaridan 2,2 s/ga qo‘shimcha don hosili olinib, rentabellik darajasi 33,7 foizni tashkil etgan;
qattiq bug‘doyning “Kumushdon” navi Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani fermer xo‘jaliklarining 91,0 gektar lalmi er maydonlariga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi 05/05-03-366-son maʻlumotnomasi). Natijada, lalmikor maydonlarda qattiq bug‘doyning yangi “Kumushdon” navi ekilishi hisobiga gektaridan 2,4 s qo‘shimcha don hosili olinib, rentabellik darajasi 35,1 foiz bo‘lishiga erishilgan;
yumshoq bug‘doyning “Qizildon” navi Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani fermer xo‘jaliklarining 221,0 gektar lalmi er maydonlariga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi 05/05-03-366-son maʻlumotnomasi). Natijada, mazkur yangi navni lalmi erlarda etishtirishdan 2,7 s/ga qo‘shimcha don hosili olinib, 31,4 foiz rentabellikka erishilgan;
yangi yaratilgan qattiq bug‘doyning “Billurdon” va “Kumushdon” navlari, yumshoq bug‘doyning “Qizildon” navi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti Milliy genbank (noyob ilmiy obʻekt) bo‘limiga topshirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi 05/05-03-366-son maʻlumotnomasi). Natijada, Milliy genbankning bug‘doy genetik resurslari genofondi issiqlikka, qurg‘oqchilikka, zang kasalliklariga chidamli, hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan yumshoq va qattiq bug‘doyning yangi navlari bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish