Urazalieva Gulshada Bekpo‘latovnaning
falsafa fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “Oila institutini mustahkamlashda gender tenglikning etnofunksional jihatlari” (ijtimoiu-falsafiu tahlil), 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2. DSc/Fal192
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.01.05.
Rasmiy opponentlar: sotsiologiya fanlari doktori, professor Xolbekov Abdug‘ani Jumanazarovich, falsafa fanlari doktori, professor Nurmatova Mukarram Axmedovna, falsafa fanlari doktori, professor Tulenova Gulmira Jandarovna.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi - oila institutini mustahkamlashda gender tengligining etnofunksional jihatlarini ijtimoiy-falsafiy tadqiq etish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Yangi O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlashda gender tenglikning etnofunksional jihatlari ijtimoiy-falsafiy muammo sifatida asoslandi;
gender tenglikni ta’minlashning etnomadaniy mexanizmlari birlamchi etnik stereotiplarni bartaraf etuvchi yangi ijtimoiy borliqning shakllantirilishi, globallashuv davrida O‘zbekiston oilalarida ananaviy etnik xususiyatlarning barqaror saqlanish sabablari aniqlandi xamda ayollarning faol ijtimoiylashuvidagi etnik omilning mohiyati ochib berildi;
gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar aniqlanib, modernizatsiya jarayonlari ta’sirida yangi ijtimoiy substrukturani barpo etish va unung etnik o‘ziga xoslik asosida insonlarni birlashtiruvchi zamonaviy oila etnomodelini yaratishdagi o‘rni va ahamiyati ochib berildi;
tadqiq etilayotgan mavzuga xos uslubiy yondashuv kengaytirildi. Ilgari gender muammosiga gender stereotiplari va gender muvozanati kabi tushunchalar asosida yondashilgan bo‘lsa, ushbu tadqiqotda muayyan etnik birliklarning o‘ziga xos xususiyatlari nuqtai nazaridan gender determinatsiyasi tahlil qilindi va asoslandi;
Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida mamlakatimiz oilalarida gender tenglikni ta’minlashning etnosotsial funksiyalari tahlil qilindi va oilaviy munosabatlarda mavjud salbiy stereotiplarni aniqlash omillari ko‘rsatilib, ularni bartaraf etishning samarali yo‘llari asoslandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oila institutini mustahkamlashda gender tengligining etnofunksional jihatlarining ijtimoiy-falsafiy tahlil etish natijasida:
Yangi O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlashda gender tenglikning etnofunksional jihatlarining ijtimoiy-falsafiy muammolariga oid ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatinining hotin-qizlar va gender tenglik masalalari qomitasida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot stragegiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash» deb nomlangan bandlarida ko‘rsatilgan muammolarni hal etish uchun tashkil etilgan tadbir va loyihalarida NNT, ijtimoiy institutlar sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning gender tengligi masalalarini yoritish ishlarida foydalanildi. Shuningdek, yoshlar, xotin-qizlar, yosh oilalar orasida barkamol avlod va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy ish faoliyatini rejalashtirishda qo‘llanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining 2023 yil, 24-noyabr kunidagi 25-12/ 2516 - sonli ma’lumotnomasi). Natijada, muallifning oila, oilaviy munosabatlarda gender tengligining etnofunksional masalalariga oid tavsiyalari qo‘mitaning chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosini samaradorligini ta’minlashga xizmat qilgan;
gender tenglikni ta’minlashning etnomadaniy mexanizmlari orqali birlamchi etnik stereotiplarini bartaraf etuvchi yangi ijtimoiy borliqning shakllantirilishi, globallashuv davrida O‘zbekiston oilalarida ananaviy etnik xususiyatlarning barqaror saqlanish sabablari xamda ayollarning faol ijtimoiylashuvida etnik omilning mohiyatiga oid taklif va tavsiyalardan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ish faoliyatida qo‘llanildi. 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘limi tomonidan “Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha” Respublika komissiyasi majlisining 1-bayonnomasi 2-ilova 6-bandiga ko‘ra, hududiy komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqishda foydalanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining 2024 yil, 5 yanvardagi 02-02/17 - sonli ma’lumotnomasi). Natijada ayollarni ijtimoiy-siyosiy soxalarga faol jalb etilishi, oilaning etnofunksional jihatlarini hisobga olgan holda genderga oid salbiy stereotiplar bartaraf etilganligi kayd etildi;
gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar, modernizatsiya jarayonlari ta’sirida yangi ijtimoiy substrukturani barpo etish va unung etnik o‘ziga xoslik asosida insonlarni birlashtiruvchi zamonaviy oila etnomodelini yaratishdagi o‘rni va ahamiyati haqidagi tavsiya va takliflardan O‘zbekiston ”Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi ish faoliyatida samarali qo‘llanildi. Tadqiqotda ilgari surilgan oilani milliy an’ana, qadriyatlarni saqlash va himoya qilish, zamonaviy oilaning global va etnofunksional jihatlarining ilmiy asoslari partiy ustavining 2.2. bandida ko‘rsatilganidek, xotin-qizlarning gender tengligi asosida qo‘llab-quvvatlanishi hamda ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi vazifalarini ijro etish, shuningdek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2023 yil 21 dekabrdagi 02/02-70 sonli ma’lumotnomasi). Natijada oilada er va xotin munosabatlari madaniyati va gender sezgirlikka erishish, o‘zaro hurmat, axborot davrida milliy va oilaviy kadriyatlarni ximoya kilish, teng mas’uliyatlilik kabi tushunchalarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga erishildi va oilada gender zo‘ravonlikni kamaytirish kabi holatlarni oldini olishga xizmat qildi;
tadqiq etilayotgan mavzuga xos uslubiy yondashuv asosida kengaytirilgan, ya'ni nafakat gender muammosiga gender stereotiplari va gender muvozanati kabi tushunchalar asosida, balki muayyan etnik birliklarning o‘ziga xos xususiyatlari nuqtai nazaridan gender determinasiyasi taxlili natijasida olingan ilmiy-nazariy xulosalaridan, O‘zbekistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi Markazi faoliyatida qo‘llanildi. Markazning xalq diplomatiyasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, xususan, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, ShHT davlatlarining yoshlar va ayollar tashkilotlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini yaratish vazifalarini amalga oshirishda ilmiy qo‘llanma sifatida foydalanildi. Markaz tashabbusi va ishtirokida o‘tkazilgan “Xalq diplomatiyasi: milliy manfaatlarni ilgari surish uchun strategik manba” mavzusida davra suhbati, “Sivilizatsiyalar muloqoti: globallashuv davrida o‘zaro kelishuv va an’anaviy qadriyatlarni asrab-avaylash” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar, “ShHT mamlakatlari yetakchi ayollari Toshkent forumi” tadbirlari uchun tayyorlangan ssenariy materiallari va nutqlarda foydalanildi. (O‘zbekistonda Shanxay Hamkorlik tashkiloti Xalq Diplomatiyasi Markazi, 2023 yil 21 dekabrdagi № 537/23 son ma’lumotnomasi). Natijada, Rossiya, Qirg‘iziston, Xitoy kabi ShHT olimlari bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatildi, xalq diplomatiyasi yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirishda Markazga amaliy yordam berildi;
Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida o‘zbek oilalarida gender tengligini ta’minlashning etnosotsial funksiyalari, oilaviy munosabatlarda mavjud salbiy stereotiplarni aniqlash omillari, ularni bartaraf etishning samarali yo‘llariga oid dissertatsiya ishi natijalari va ilmiy xulosalaridan O‘zbekiston teleradiokompaniyasi orqali namoyish qilinadigan ayrim eshittirish va ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan. Xususan, «Oila mundarijasi», “Muhim mavzu”, “Radiomuloqot” dasturlari ssenariysini yozishda oila va nikoh, globallashuv davrida oilaviy kadriyatlarni saklash, jamiyatda gender tenglikni ta'minlashda etnosga xos jixatlarni ochib berishga oid nazariy va amaliy tavsiyalardan keng foydalanildi. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023 yil 19 dekabrdagi 03-09-713 son ma’lumotnomasi). Natijada oila institutini mustahkamlash, oilada ajrimlarni oldini olish, yoshlar qalbida oilaviy an’analarga sodiqlik ruxini shakllantirish, oilada uchraydigan nizoli muammolarning oldini olishga xizmat qildi.