Usmanova Mahliyo Ibadullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tritikale (triticosecale) navlarini qurg‘oqchilikka chidamliligining fiziologik asoslari», 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/B832.
Ilmiy rahbar: Xadjaev Djurakul, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.02.08.
Rasmiy opponentlar: Djabborov Ibroxim Shadmonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Xalilov Nasriddin, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Samarqand viloyati sharoitida etishtirilayotgan tritikale navlarining qurg‘oqchil iqlim sharoitlariga chidamliligining fiziologik asoslarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Samarqand viloyati sharoitida etishtirilgan tritikale navlari urug‘larining unish quvvati va unuvchanligiga urug‘larining tinim davri, harorat, qurg‘oqchilik va ekish chuqurligining ta’siri aniqlangan;
Samarqand viloyati sharoitida tritikale barglaridagi suv miqdori, suvni saqlash xususiyati, suv tanqisligi, transpiratsiya jadalligining nav xususiyatlariga bog‘liqligi ochib berilgan;
qurg‘oqchil sharoitda tritikale navlarining barg sathi, fotosintez sof mahsuldorligi, quruq modda miqdori va barglardagi α, β xlorofill pigmentlarining kamayishi, karotinoidlar esa ortib borishi aniqlangan;
qurg‘oqchil sharoitlarda Odissey va Tixon navlarining rivojlanishi jadalligi, mahsuldorlik ko‘rsatkichlari va yuqori don hosildorligining ortishi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tritikale (triticosecale) navlarini qurg‘oqchilikka chidamliligining fiziologik asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tritikalening navlarini qurg‘oqchil tuproqlarda etishtirishda suv almashinuv xususiyatlari, barglardagi suv miqdori, transpiratsiya jadalligi, suv tanqisligi, suvni saqlash qobiliyati, turli nav urug‘larini ekish chuqurligi, tritikalening urug‘larining tinim davri hamda urug‘larning unuvchanlik xususiyatlari Samarqand viloyati Payariq tumanidagi “Porloq agro dalasi servis”, “Egamberdiev Yusuf zamini” va “Shohjahon Dildora agro” fermer xo‘jaligi faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 11 noyabrdagi 05/05-04-586-son maʼlumotnomasi). Natijada, qurg‘oqchilikka chidamli tritikale navlaridan qurg‘oqchil sharoitlarda gektaridan 62,7-69,5 sentner hosil etishtirish imkonini bergan;
tritikale navlarini mo‘tadil hamda qurg‘oqchil tuproqlarda o‘sish va rivojlanish xususiyatlari, navlarning mahsuldorlik ko‘rsatkichlarining muhitga va navlarning fiziologik xossalariga bog‘liqligi hamda mo‘tadil sharoitda tritikalening Oddesiy va Valentin navlarining yuqori hosildorligi, navlarning o‘ziga xos fotosintetik faoliyati, mahsuldorligi, urug‘larning ekish chuqurligi, urug‘larining unish quvvati Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Laylo Tursunova erlari” va “Dostonjon hosili” fermer xo‘jaligi faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 11 noyabrdagi 05/05-04-586-son maʼlumotnomasi). Natijada, fermer ho‘jaliklaridagi sug‘oriladigan maydonlarda tritikale navlaridan gektariga o‘rtacha 80,6-98,6 sentner hosil etishtirish imkonini bergan.